
"Lokomotiv" ustozi: "Kimdir qolishi yoki kimdir ketishi mumkin, Superliga boshqa daraja, lekin..."
Kutilganidek, “Lokomotiv” “Pro liga-2023” g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Yaqinda rasman Superligaga qaytgan “temiryo‘lchilar” endi rasman pro liga g‘olibligini ham qo‘lga kiritdi va muddatidan avval 1-o‘rinni naqd qildi.
Bunda jamoadagi har bir futbolchi va murabbiylarning hissasi bor. Toshkentda “Yunired” taslim etilgach, “Lokomotiv” bosh murabbiyi Denis Korostichenko Sports.uz muxbiriga fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Hamma jamoa eng zo‘r o‘yinlarini “Lokomotiv”ga qarshi o‘tkazdi”
- Yaxshi harakat qildik. Mavsum oson o‘tgani yo‘q. Hamma klub “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvda bor kuchini sarfladi. Menimcha, hamma jamoa eng zo‘r o‘yinlarini “Lokomotiv”ga qarshi bahsda o‘tkazib oldilar. Baribir qiyin bo‘ldi. “Qo‘qon-1912”, “Dinamo”, “Aral”, “Sho‘rtan”, “Mash’al” kabi jamoalar o‘ziga yarasha kuchli. Chempionat oson bo‘lmadi.
“Raqib jamoa maydonda 60 daqiqa “yotdi”
- Og‘ir o‘yinlar bo‘ldi. Nukusda “Aral”ga qarshi o‘yganimizda qiyin kechdi. Ayniqsa, golli imkoniyatlarni yaratishda muammolarga duch keldik. Chunki raqib jamoa maydonda 60 daqiqa “yotdi”. Bizga o‘ynashga bermadi. Shuning uchun qiyin kechgan. Yana bir og‘ir uchrashuv bu ikkinchi davrada “Dinamo”ga qarshi 0:0 o‘ynagan bellashuvimizdir. Muborakda “Mash’al”ga 2:1 hisobida yutqazdik. O‘sha bahsni ham qiyin o‘tgan o‘yinlar qatoriga qo‘shgan bo‘lardim. Ikkinchi taymda 10 kishi bo‘lib o‘ynadik. Eng qiyini menimcha, “Dinamo” bilan uchrashuvimiz bo‘ldi.
“Hali bu masalada aniq bilmaymiz”
- Legionerlar bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, bizda hali mavsum to‘liq tugagani yo‘q. 25 oktyabrda yana o‘yinimiz bor. Legionerlarni dekabr oyigacha shartnomalari bor. Chempionat tugaganidan keyin rahbariyat bilan uchrashamiz. O‘shanda legionerlar bo‘yicha masalani hal qilamiz. Kimdir ketishi yoki kimdir qolishi mumkin. Hali bu masalada aniq bilmaymiz.
“Klub avvalgi mavqeini tiklay oladi”
- Pro ligadagi faoliyatimiz davomida albatta Superligadagi bir yillik ishtirokimizni yo‘qotdik. Baribir Superliga boshqa daraja. Saviya va tashkilotchilik bo‘yicha ancha baland. U erda jamoalarning saviyalari ham kuchli. Lekin pro ligada ham klublar u qadar kuchsiz emas. Albatta, pro ligada ham o‘rgandik. Ko‘p klublarni ko‘rdik, turli taktik uslublarda o‘ynaydilar. Baribir qanaqadir tajriba oldik. Keyingi yili Superligada “Lokomotiv” o‘z pozitsiyasiga chiqishga harakat qiladi. Ishonamanki, klub avvalgi mavqeini tiklay oladi. Mavsum tugaganidan keyin albatta rejalar bo‘ladi. Shunga qarab ishni davom ettiramiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar