“Manchester Siti” Husanov boshlagan loyihaga 200 million evrolik yulduzni qo‘shadi!

  • 25 fevral, 12:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Evropa Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Real”ga va Angliya Premer-ligasida “Liverpul”ga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi uchrashuvlar “Manchester Siti”ning hozirgi tarkibi yuqori maqsadlar va nufuzli sovrinlarga da’vogarlik qilish uchun talabga javob bermasligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Tecno

Bir necha yillar davomida Xosep Gvardiola jamoasi gegemonligini ta’minlab kelgan tarkib eskirib qoldi, yulduz o‘yinchilarning aksariyatini yoshi o‘tib bormoqda, ulardagi ishtiyoq va kurashuvchanlik pasaydi. Ayniqsa, mavsumning birinchi qismidagi inqiroz jamoada jiddiy o‘zgarishlar davri kelganini ko‘rsatdi.

Ana shu maqsadda, klub rahbariyati yanvar oyidan keskin o‘zgarishlar qo‘l urdi. Yangi loyihani amalga oshirish uchun birinchi nomzodlar – “Lans”dan Abduqodir Husanov, “Palmeyras”dan Vitor Reys, “Antraxt”dan Umar Marmush va “Portu”dan Nik Gonsales olib kelindi. Xosep Gvardiola bu o‘yinchilar kelishi bilan ularga moslashish uchun vaqt ham bergani yo‘q, Husanov, Marmush va Gonsalesni darrov jangga tashlashga qaror qildi.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi uchrashuvlar statistikasi va ekspertlar tomonidan taqdim etilayotgan tahlillar aynan mana shu yangi ijrochilar eski tarkib vakillariga qaraganda dadil va shiddatli o‘yin namoyish qilayotganini ko‘rsatmoqda.

Klub mutasaddilari bu loyiha etakchisi sifatida Erling Xolandni belgilagan. Buni norvegiyalik to‘purar bilan 9,5 yillik yangi bitim tuzilganidan bilsa bo‘ladi. Buyog‘iga “shaharliklar” tarkibga yosh, chaqqon va kurashuvchi iste’dod egalarini jalb qilish yo‘lidan boradi. Klub futbol olamiga dong‘i ketgan Ilkay Gyundog‘an, Kayl Uoker, Kevin de Bryuyne, Jon Stounz, Natan Ake, Ederson, Bernardu Silva, Jek Krilish, Mateo Kovachich  kabi yoshi katta o‘yinchilar, hatto yangi talablarga moslasha olmasa Fil Fodendan ham voz kechishga tayyor.

Tarkibni yangilash maqsadida “shaharliklar” yozda yana bir necha katta transferlarga qo‘l urishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, jamoaga Kevin de Bryuyne, Jek Grilish, Fil Fodenning o‘rnini bosa oladigan hujumkor futbolchi kerak. “Manchester Siti” rahbariyati bu pozitsiyaga klub tarbiyalanuvchisi Koul Palmerni olib kelishga qaror qildi.

“Shaharliklar” 2023 yilning yozida bu futbolchini “Chelsi”ga sotib yuborib, juda katta xatoga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Balki shu ish ham behikmat emasdir. Chunki “aristokratlar” safiga borib qo‘shilgan Palmerning o‘yini birdaniga ochilib ketdi.

Kim bilsin, agar Manchesterda qolganida balki hali ham davri qachon kelishini kutib, zaxirada qolib ketgan bo‘larmidi?!

Xullas, “Manchester Siti” rahbariyati Husanov olib kelinishi bilan boshlangan yangi loyihaga nima qilib bo‘lsa ham Koul Palmerni qo‘shishga bel bog‘lagan. Ular Kevin de Bryuyne bilan xayrlashib, uning o‘rnini 23 yoshli pleymeykerga topshirmoqchi.

Chelseanews nashrining ta’kidlashicha, bu transferni amalga oshirish uchun “shaharliklar” katta xarajatga tayyor turishi kerak. “Chelsi” jamoa etakchisini 200 million evroga baholamoqda.

Yana bir jihat, “Chelsi” joriy chempionat yakunlariga ko‘ra, Evropa Chempionlar ligasining yangi mavsumiga yo‘llanma ololmasa, bu Palmerning tanloviga ta’sir qilish ehtimoli katta ekani aytilmoqda. Birinchidan, Koul Palmer darajasidagi futbolchi qit’aning eng nufuzli musobaqasisiz qolib ketishga rozi bo‘lmaydi. Ikkinchidan, Chempionlar ligasidan quruq qolish har qanday klub kabi “Chelsi”ning ham “cho‘ntagi”ga og‘ir zarba bo‘ladi.

 Demak, yozgi transferlar oynasi davrida “Manchester Siti” transfer bozorida yana faollik ko‘rsatishi kutilmoqda. Biz esa, Abduqodir Husanov hurmatidan jamoaning kuchayishi va yana sovrinlarni qo‘lga kiritishidan umidvormiz...

Raneri o‘yini ochilib ketgan Shomurodov haqida nimalar dedi?

Gol va assist bilan o‘yin taqdirni hal qilgan Shomurodov qanday baholandi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!