
“Manchester Siti” Husanovdan voz kechdimi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”dagi ahvoli juda ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan hisoblanadi.
Evropaning bir necha nufuzli manbalar bu masalani yoritib kelmoqda. Xususan, onefootball.com portali o‘zbek legionerining Manchesterdagi kelajagiga oid maqola chop etdi.
Sports.uz portali ushbu manba “Manchester Siti” Husanovni unutgani yo‘q, uning davri endi keladi” sarlavhali maqola orqali bergan ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdi.
- Yanvar oyida “Manchester Siti”ga kelib, o‘zidan juda yaxshi taassurot qoldirgan o‘yinchilardan biri Abduqodir Husanov hisoblanadi. Yosh markaziy himoyachi Angliyaga kelishi bilan Xosep Gvardiola jamoasida tez o‘zini ko‘rsatdi.
Murakkab o‘yinlarda Abduqodir o‘zining qanday sifatlarga ega ekanini, salohiyati “Manchester Siti”ning asosiy tarkibida o‘ynash uchun etarli ekanini namoyish qila oldi.
Biroq keyingi paytda Husanov tarkibda ko‘rinmay qoldi. Buning yagona sababi Ruben Diash va Yoshko Gvardiola himoya markazida juda kuchli tandem tashkil qilganidir. Shuningdek, Niko O'Rayli chap qanot himoyachisi pozitsiyasida o‘ta samarali o‘ynayotgan o‘zbek futbolchisining maydonga tushishiga to‘sqinlik qilyapti.
Husanov Frantsiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan keyin barcha turnirlarda “shaharliklar” uchun to‘qqizta uchrashuv o‘tkazdi. Bu bahslarda yosh himoyachi tezkorligi, jismoniy kuch-quvvati va himoyalanish mahorati bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi.
Abduqodir “Manchester Siti”da o‘ynay boshlaganidan keyin uning to‘pni nazorat qilish ko‘nikmalari ancha kuchaydi. Aslida “Manchester Siti” bu o‘yinchini o‘z safiga qo‘shib olishida Husanovning to‘p bilan muomala qilish qobiliyati ham muhim omil sifatida qabul qilingan edi.
Hozirdan shuni ta’kidlash lozimki, kelasi mavsum O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Xosep Gvardiola jamoasining muhim bo‘lagiga aylanishi mumkin.
Ayni paytda Xosep Gvardiola jamoaning oxirgi muvaffaqiyatlarini ta’minlayotgan formuladan voz kechishga tayyor emas. Niko O'Rayli chap qanotni egallashi mavsum boshidan beri bu pozitsiyada o‘ynab kelgan Yoshko Gvardiolning himoya markaziga ko‘chishiga sabab bo‘ldi. Tabiiyki, bu holatda Husanov o‘z o‘rnini xorvatiyalik futbolchiga berishga majbur.
Hozircha, Abduqodir zaxira o‘rindig‘ida o‘tiribdi. Husanov endigina 21 yoshga to‘ldi va “Manchester Siti” o‘yinchisi sifatida o‘zini ko‘rsatishi uchun etarlicha vaqti bor. U shu paytgacha ham Xosep Gvardiola jamoasiga foyda keltira olishini namoyin qilib kelgan. Shunisi aniqki, Pep uni unutib qo‘ygani yo‘q. Shunchaki, bosh murabbiy jamoasining hozirgi muammolariga sal boshqacha echim topdi.
Biroq ta’kidlash lozimki, Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da albatta yana o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Balki bu imkoniyat yaqinlashib kelayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ro‘y berar, - deb yozdi onefootball.com portali.
Fikrlar