
Shomurodovga mashhur yulduz ustozlik qilishi kutilyapti!
Klaudio Raneri “Roma”ni qabul qilib olganida “bo‘rilar” A Seriya musobaqa jadvalining ikkinchi qismida yurgan edi. Qisqa fursatda tajribali mutaxassis “Roma”ni engilmas jamoaga aylantirdi.
Poytaxt “bo‘rilari” safar uchrashuvida amaldagi chempion “Inter”ni mag‘lub etganidan keyin ularning mag‘lubiyatsiz seriyasi 18 ta uchrashuvga etdi.
San-Sirodagi bellashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov yagona golga assistni amalga oshirdi. Umuman olganda, Klaudio Raneri “Roma”da Matias Sule va Eldor Shomurodov tandemini tashqil qildi. Keyingi bir necha uchrashuvlarda mana shu juftlik o‘ziro assistlari va gollari bilan “Roma”ga natija keltirmoqda.
Eldor Shomurodovning “Roma”dagi faoliyati keskin yaxshilanishi va legionerimiz jamoada asosiy figuralardan biriga aylanishida Klaudio Ranerining hissasi va xizmati juda katta. Ammo o‘tgan yili “Kalyari” jamoasida boshlangan Raneri va Shomurodov hamkorligi tez orada to‘xtaydi. Bunga 73 yoshli mutaxassisning mavsum oxirida murabbiylik faoliyatini yakunlanishi sabab bo‘ladi.
Ayni paytda Rim klubi xo‘jayinlari Klaudio Raneri boshlagan ishni muvaffaqiyatli davom ettirib keta oladigan murabbiy topish bilan ovora. Raneri bilan maslahatlashgan holda bir necha nomzodlardan iborat ro‘yxat shakllantirildi.
Bir necha manbalar, xususan, Sky Sport Italia nashrining ma’lum qilishicha, “Roma” bosh murabbiyligi kursisini egallashga munosib ko‘rilayotgan nomzodlardan biri Sesk Fabregasdir. Ispaniyalik yosh murabbiy ayni paytda A Seriyada “Komo”ni juda yaxshi boshqarmoqda. Debyutant jamoa bu mavsum juda mazmunli o‘yin namoyish etmoqda va yuqori ligada qolish vazifasini ancha oldin uddalab bo‘lgani holda hozircha 11-o‘rinda boryapti.
Fabregas futbol jamoatchiligiga “Arsenal”, “Barselona”, “Chelsi” va “Monako” kabi mashhur klublardagi faoliyati bilan tanilgan. Klublar miqyosida Angliya va Ispaniya chempionatlari g‘olibi bo‘lgan Sesk Fabregas Ispaniya terma jamoasi safida 2010 yilgi jahon chepionatida va ikki bor Evropa chempionatlarida oltin medallarga sazovor bo‘lgan.
Fabregas muvaffaqiyatli kechgan futbolchilik faoliyatini 2023 yili “Komo”da yakunlagan yulduz o‘sha yilning o‘zidan murabbiylikni boshlab yubordi.
37 yoshli mutaxassis avvaliga “Komo”ning yoshlar jamoasini boshqardi, keyinchalik asosiy tarkibda yordamchi murabbiy bo‘lib ishladi. 2024 yili bosh murabbiy etib tayinlangan Fabregas joriy mavsum davomida bir qator katta klublardan chorlov ola boshladi.
“Roma” xo‘jayinlari jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan mutaxassislar ro‘yxatiga yana uch kishini kiritdi. Ayni paytda “Ayaks”ni muvaffaqiyatli boshqarayotgan Franchesko Farioli, Krishtianu Ronaldu bilan ziddiyatlar tufayli “An-Nasr”ni tark etishga yaqin turgan Stefano Pioli va “Jenoa”da ishlayotgan Patrik Vieyra ham “Roma”dan hamkorlik taklifini olishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodovning “Roma”dagi faoliyati ko‘p jihatdan yangi murabbiyga ham bog‘liq bo‘ladi. 29 yoshli hujumchimiz joriy mavsum poytaxtliklar bilan hamkorlikni yana bir yilga uzaytirib, 2027 yilning 30 iyunigacha “Roma”da qolishga qaror qilgan.
Shomurodov bu mavsum “Roma” tarkibida A Seriya, Italiya kubogi va Evropa ligasi musobaqalarida jami 33 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga ettita gol va to‘rtta assist rasmiylashtirdi.
Fikrlar