
“Manchester Yunayted” futbolchisi jarohat oldi
“Manchester Yunayted” chap qanot himoyachisi Lyuk Shou yana jarohat olib, safdan chiqdi.
Xabaringiz bor, Shou bir necha kun oldin jarohatdan forig‘ bo‘lib, jamoa safiga qaytgan edi. Biroq, bugun yana o‘zini noqulay his qilgan holda, klub bazasini tark etdi. Bundan tashqari, so‘nggi to‘qnashuvda jamoaning asosiy himoyachilaridan biri hisoblangan Lisandro Martines ham og‘ir jarohat sabab, mavsum so‘nggiga qadar jamoaga yordam bera olmasligi ma’lum bo‘lgan edi.
“Givemesport” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, angliyalik himoyachi mashg‘ulotlar vaqtida yana jarohat olib, 1 oyga safdan chiqqan. Manbaga ko‘ra, “qizil iblislar” yozgi transferlar oynasida himoyachidan qutilishni maqsad qilib qo‘ygan. Bunga asosiy sabab sifatida, fulbekning jarohatga tez-tez moyilligi, deb keltirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 29 yoshli o‘yinchi joriy mavsum “mankuniyaliklar” safida faqatgina 3 ta uchrashuvda ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldi. Uning klub bilan shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 20 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar