Masharipov jamoasi “Real”ga aylanib bormoqda

  • 1 mart, 2023, 23:52
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

Jaloliddin Masharipov to‘p tepayotgan “An-Nasr” klubi rahbariyati Krishtianu Ronalduni jamoaga kelishga ko‘ndirganidan keyin Evropada porlagan boshqa charm to‘p ustalarini ham transfer qilishga bel bog‘ladi.

Marca nashrining ma’lum qilishicha, Saudiya Arabistoni chempionligi uchun kurashayotgan jamoa PSJ markaziy himoyachisi Serxio Ramosni ham Osiyoga ko‘chirib kelmoqchi. Ispan himoyachisi Parij klubiga ko‘chib o‘tganga qadar uzoq yillar “Real” sardori bo‘lgan va Krishtianu Ronaldu bilan birga o‘ynagan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Ramosning elajagi mavhum bo‘lib turibdi. 36 yoshli  futbolchining Parij klubi bilan shartnomasi mavsum oxirida nihoyasiga etadi. Klub unga yangi bitim taklif qilgani yo‘q. Bu borada PSJ xo‘jayinlarining o‘zi ham hali bir to‘xtamga kelmagan.

large_47

Vaziyatni inobatga olgan “An-Nasr” mutasaddilari Ramosning manfaatlarini himoya qilayotgan agentlar bilan bog‘lanib, himoyachini o‘z jamoasiga taklif qilgan.

Aslida “Sevilya” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Serxio Ramos bu jamoadan tashqari “Real” va “ PSJda o‘ynagan. Klublar miqyosida jami 762 ta uchrashuvda maydonga tushgan ispan o‘yinchisi himoyachi bo‘lishiga qaramay, raqiblar darvozasni 106 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 46 ta to‘p uzatgan.

Ramos barcha nufuzli turnirlar, xususan, jahon chempionatida ham g‘olib chiqqan. Yaqinda terma jamoadagi xalqaro faoliyatini yakunlagan tajribali o‘yinchi Ispaniya uchun 180 ta bahsda qatnashib, 23 ta to‘p kiritgan.

“An-Nasr” faqat Serxio Ramos bilan kifoyalanib qolmoqchi emas. Riyodliklar “Real” yulduzlaridan Luka Modrichni ham o‘z tarkibiga chorlayapti.

37 yoshli xorvatiyalik futbolchi arablarning birinchi taklifini qabul qilgani yo‘q. Lekin uning madridliklar bilan shartnomasi mavsum oxirida tugaydi. Hali tomonlar yangi bitim bo‘yicha kelishuvga erishgani yo‘q.

Modrich kuchli beshlik chempionatlarida 2008 yildan beri to‘p tepmoqda. Dastlab, to‘rt yil mobaynida “Tottenxem” sharafini himoya qilgan tajribali pleymeyker, 2012 yili “Real”ga ko‘chib o‘tgan edi.

Luka Modrich madridliklar safidagi o‘yinlari evaziga Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu gegemonligi davrida ulardan “Oltin to‘p”ni tortib olgan yagona futbolchi hisoblanadi.

Saudiyaliklar Modrichning tanlovi aniq bo‘lganga qadar uni olib kelish uchun yana murojaat qilishi kutilmoqda.

luka-modrich-otklonil-predlozhenie-al-nasra_16745934641412792197

“An-Nars” klubining transfer siyosatiga qarab, jamoa bora-bora “Real”ga aylanib qolishini ko‘rish mumkin. Tabiiyki, Krishtianu Ronaldu bu klubni tanlagani Evropada nom qozongan boshqa futbol yulduzlari qaroriga ta’sir qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!