
Mbappedan ham katta maosh olayotgan yulduz Ispaniyadan ketadigan bo‘ldi
“Barselona” pleymeykeri Frenki de Yong Ispaniya chempionatida eng katta maosh olayotgan futbolchi hisoblanadi. Kataloniyaliklar niderlandiyalik yarim himoyachiga har mavsum uchun 37,5 million evro maosh to‘layapti.
Solishtirish uchun “Real” Kilian Mbappe bilan har mavsum uchun 30 million evro atrofidagi mablag‘ to‘lashni kelishib olgan.
Frenki de Yong kataloniyaliklarning yangi shartnoma bo‘yicha taklifini rad etdi. U faoliyatini “Manchester Yunayted”da davom ettirmoqchi. Manchesterliklar ustozi sobiq shogirdini yana birga ishlashga chaqiryapti.
“Barselona” bu futbolchi uchun kamida 100 million evro talab qiladi. Manchesterliklar buncha xarajat qilmaydi. Shu bois, Frenki de Yong kataloniyaliklar bilan hamkorligi tugashiga bir mavsum qolganida, ya’ni kelasi yoz Manchesterga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda.
Tabiiyki, shartnomasi yakunlanayotgan o‘yinchining transfer summasi u qadar katta bo‘lmaydi va manchesterliklar katta qiyinchiliksiz niderlandiyalik pleymeykerni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniga ega bo‘ladi.
2019 yildan beri “Barselona”da o‘ynayotgan Frenki hozirgacha jami 213 ta uchrashuvda qatnashib, 17 ta gol va 21 ta assist qayd etgan.
Fikrlar