
Menga ham o‘zbekistonlik futbolchidek katta pul to‘langlar!
Qozog‘iston preier-ligasida ishtirok etayotgan “Ordabasi” jamoasi hujumchisi Jerar Gou hozir o‘ziga to‘lanayotgan maoshdan norozi bo‘lmoqda va berilayotgan mablag‘ni oshirilishini talab qilyapti.
Qozog‘istonning https://vesti.kz/ nashri tarqatgan hambarga ko‘ra, ivuarlik to‘purar “Tobol” klubi O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeevga to‘layotgan darajada maosh olishni istayotganini xabar qildi.
Ma’lumki, yaqinda ayrim manbalar legionerimizning qozoq klubidagi maoshi 300 ming dollarni tashkil etishi haqida xabar chiqargan edi. Lekin Kustanay klubi bu ma’lumotlarni inkor qildi.
Ba’zi ommaviy axborot vositalari va boshqa manbalarda “Tobol” futbolchisi Igor Sergeevning yillik maoshi 300 ming dollarni tashkil qilishi haqida xabarlar tarqatildi.
“Tobol” futbol klubi rasmiy munosabat bildirib, vaziyatga quyidagicha izoh berdi.
Bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Sergeev bilan klub o‘rtasidagi shartnomaning moliyaviy bandlarini oshkor qilish mehnat shartnomasining konfidentsiallik talablariga to‘g‘ri kelmaydi. Biroq, aytish joizki, o‘zbekistonlik hujumchining maoshi yuqorida ko‘rsatilgan summadan bir necha baravar kam. “Tobol” futbol klubi faqat rasmiy ma’lumotlarga ishonishga chaqirib qoladi, - deb bayonot berdi Kustanay klubi.
Jerar Gou jarohati tufayli “Ordabasi”ning Turkiyada tashkil etilgan yig‘inida ishtirok etmayapti. Uning talabi muxlisu mutaxassislarga yoqmadi.
- O‘zing suv ichib turgan quduq suvini bulg‘ama! Bu sening ortiqcha vazningga qaramay, o‘z safiga qabul qilgani uchun klubga bo‘lgan rahmatingmi, Gou?”, - deb yozmoqda manbalardan biri.
34 yoshli futbolchi 2014-2017 yillarda “Qayrat” klubi sharafini himoya qilgan. Bu davrda u 2015 va 2016 yillardagi chempionatlarda 22 tadan, 2017 yili 24 ta to‘p kiritib, to‘purarlik mahoratini namoyish qilgan edi.
Orada Xitoy va Turkiya chempionatlarida to‘p tepgan mohir hujumchi 2021 yili jamoasiz qolganidan keyin o‘tgan yili martda yana Qozog‘iston premer-ligasiga qaytib kelib, “Ordabasi” safiga qo‘shildi.
Jerar Gou o‘tgan yilgi mavsumda aktyubeliklar safida chempionatda 21 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini sakkiz marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.
Igor Sergeev Qozog‘iston premer-ligasidagi debyutini 2021 yili “Aktobe” jamoasida boshlagan. Yarim mavsumdan keyin maqsadlari jiddiy bo‘lgan “Tobol”ga ko‘chib o‘tdi.
29 yoshli hujumchimiz o‘tgan mavsumda “Tobol” safida Qozog‘iston chempioni bo‘ldi. Chempionlik mavsumining ikkinchi yarmidan kustanayliklar safiga ko‘chib o‘tgan legionerimiz ettita uchrashuvda raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qilgan edi.
O‘tgan mavsumda esa Sergeev premer-ligada 26 ta o‘yinda to‘qqizta gol va ikkita assist qayd etdi. Evropa Chempionlar ligasidagi gollari hisobini ochdi hamda Qoozog‘iston kubogida ikkita uchrashuvda bir juft to‘p kiritdi.
Bundan tashqari, Igor Sergeev O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 67 ta bellashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 19 ta gol yozdirib qo‘yildi.
Legionerimiz ligani tark etmoqda. Murabbiyning iltimosi o‘tmadi!
Fikrlar