"Metallurg" bosh direktori Shavkat Saidov Steshevichning ketishi, qanday murabbiy zarurligi va Babayan haqida

  • 18 iyun, 2024, 20:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha “Metallurg” klubida bosh murabbiy ketdi. Jamoada ishlagan chernogoriyalik Vesko Steshevich iste’foga chiqdi. Albatta, bundan xabardorsiz. “Metallurg” klubi bosh direktori Shavkat Saidov klubda yuz bergan ushbu o‘zgarish yuzasidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.

Tecno

- Superligada bu yil “Metallurg” hali g‘alaba qozona olgani yo‘q. Ushbu holat bosh murabbiyning ishdan ketishida asosiy faktormi yoki bundan boshqa sababi ham bormi?

- Hammamizni fikrimiz bo‘yicha, u yomon murabbiy emas. O‘ziga yarasha bilimi va tajribasi bor. O‘tgan yili buni isbotlab bergan. O‘yin mazmuni bo‘yicha ham har bir jamoaga yaxshigina qarshilik ko‘rsatdi. Bu yilgi mavsumda asosan birgalikda selektsiya ishlarini olib bordik. Yaxshi darajada tayyorgarlik bo‘ldi. Xabaringiz bor, Turkiyada ham tayyorgarlik ko‘rdik. Hujum chizig‘ida muammolar yaqqol ko‘rindi. Statistikaga tayansangiz ham bu hol ko‘rinib turibdi. O‘yin bobida ko‘pchilikka yutqazganimiz yo‘q. 10 ta o‘yinning 60 foizida durang o‘ynadik. Shundan 3 tasida yutganimizda hozir umuman boshqa joyda bo‘lardik. Natijalardan va ruhiyatdan kelib chiqib murabbiyni o‘zi avvalroq, OKMK bilan o‘yindan keyin murojaat qilgandi. Keyin “Bunyodkor” bilan uchrashuvdan so‘ng o‘zimiz ham tushunib etdik. “Metallurg” barqaror klub hisoblanadi. Sharoitlar joyida, hech qanaqa qarzdorlik yo‘q. Tarkibda rotatsiyalar ham bo‘ldi. Gol urish muammosi bilindi. Ne’matjonov va O‘rinboev jarohat sababli tarkibda yo‘qligi uchun hujumlarni samarali yakunlay olmayotgandik. Natijada Steshevichni o‘zi ikkinchi marotaba murojaat qilib, klub manfaatini yuqori o‘ringa qo‘yib balki men ketsam omad kelar, degan ma’noda murojaat qildi va biz rahbariyat bilan kelishgan holda unga javob berdik. Albatta, Veskoga minnatdorchiligimizni bildiramiz. U ajoyib inson va murabbiy. O‘z ishining ustasi. Faqatgina omad etishmadi xolos. Do‘stona xayrlashdik.

- “Metallurg”ni kim boshqaradi? Yangi murabbiy masalasida nomzodlar bormi?

- Turnir jadvalidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, oxirgi ikki haftada uchta o‘yinimiz bor. “Surxon”, “Nasaf” va “Olimpik”. Yangi murabbiylar bo‘yicha endi ishni boshlaymiz. Ammo hozirgi paytda biror-bir murabbiy kelib yordam bera oladi, deb ayta olmayman. Sababi, tayyorgarligimizga ham vaqtimiz kamroq. Mahalliy murabbiy Ilyos Qurbonovga topshiriq berdik. “Surxon” bilan uchrashuvga jamoani u tayyorlaydi. Bilasiz, bizni akademiyamiz bor. Shu bois keyinchalik yoshlar hamda tajribali futbolchilar bilan ishlaydigan murabbiyni qidiramiz. Yangilik bo‘lsa xabar beramiz.

- “Metallurg”ni bungacha xorijlik mutaxassislar boshqarishdi. Steshevich bilan Ernandes misol. Ikkinchi davrada jamoani yana chet ellik murabbiyga topshirasizlarmi yoki mahalliy murabbiygami?

- Mahalliy murabbiyga ham, xorijlik murabbiyga ham imkoniyat berishimiz mumkin. Hammasi chuqur o‘ylanib, tahlil qilib chiqqanimizdan so‘ng aniq bo‘ladi. Ko‘proq yoshlar bilan ishlay oladigan murabbiylarga e’tibor qaratmoqchimiz. Akademiyamizdan chiqayotgan bolalar o‘tgan yili O‘zbekiston U19 chempionatida chempion bo‘lishdi. Bu yil esa o‘sha chempion bo‘lganlar U21 jamoamizga o‘tishdi. Natija bo‘lmasa ham yaxshi harakat qilishyapti. Asta-sekin akademiyamiz tarbiyalanuvchilariga tayanamiz. Shuning uchun akademiya tarbiyalanuvchilariga tayanib ishlaydigan mutaxassislarga murojaat qilmoqchimiz.

- Yaqinda eshitib qoldim: “Metallurg”da yangi loyihalar paydo bo‘layotgani va bu Samvel Babayan bilan bog‘liq ekanligi xususidagi gap-so‘zlar quloqqa chalindi. Bu qanchalik haqiqat?

- Samvel Babayanga hurmatim baland. Ko‘p yillik tajribali menejer va murabbiy. Top murabbiylar bilan ishlab yuqori maqsadlar qo‘yilsa xursand bo‘lamiz. Lekin bugungi kunda bunday gap-so‘zlarga asos ko‘rmayapmiz. Mabodo, shunaqa takliflar bo‘lsa biz bundan xursand bo‘lamiz.

- Yaqinda legioner hujumchi bilan shartnoma bekor qilindi. Tarkibda yana qanaqa o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?

- Darvozabonlar o‘z o‘rnida. Himoya chizig‘imizda tajribali va yosh mohir o‘yinchilar bor. Yarim himoyada ham xuddi shunday. Hujumda oqsash sezilyapti. Ne’matjonov bilan O‘rinboevni tiklanish jarayoni tezlashsa balki hujumchiga ham hojat qolmas. Uchta o‘yinni o‘tkazib olganimizdan keyin pozitsiyalarni yana ko‘rib chiqamiz va kerakli pozitsiyalarni kuchaytiramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!