
"Metallurg" yana bir raqibining yoqimli an’anasini buzdi
Coca-Cola Superliganing 15-turi “Metallurg” uchun muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa, “Qo‘qon-1912” uchun aksincha. Ushbu turda mazkur jamoalar Qo‘qonda o‘zaro bahs olib bordi va unda mehmonlar javobsiz ikkita gol urgan holda safardan muhim uch ochko bilan qaytdi.
Gap shundaki, bekobodliklar o‘tgan turda AGMKning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ygani bilan e’tiborni qozongan bo‘lsa, bu safar yana bir klubning yoqimli an’anasini buzdi. “Qo‘qon-1912” jamoasi joriy chempionatda hali o‘z uyida yutqazmayotgandi. To‘g‘ri, 10-turda “Paxtakor”ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Biroq o‘sha uchrashuv markazlashgan holda Toshkentda o‘tkazilgandi va unda qo‘qonliklar shunchaki nominal mezbon edi. Holbuki, Baxtiyor Ashurmatov jamoasi joriy chempionatda Qo‘qonda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarning birortasida mag‘lubiyatga uchramay kelayotgandi. “Metallurg” esa, bu mavsumda Superliga doirasida Qo‘qon maydonida yutgan ilk jamoaga aylandi.
Bundan tashqari, “Metallurg” klubi oxirgi to‘rt uchrashuvdan beri qo‘qonliklarni mag‘lub etib kelmoqda. O‘tgan mavsumda uyda ham, safarda ham Andrey Shipilov jamoasining qo‘li baland kelgandi. Bu yil ham “Metallurg” futbolchilari ikkala bahsda ham raqibini dog‘da qoldirishga erishdi.
Fikrlar