
"Milan" yana bosh murabbiyni o‘zgartirmoqchi(mi?)
Italiyaning "Milan" klubi rahbariyati bosh murabbiy Paulo Fonsekaga ortiq imkoniyat taqdim etmoqchi emas.
Xabarlarga qaraganda natijalarni yanada yaxshilash va vaziyatni o‘nglash uchun bosh murabbiy oldida faqatgina uchta o‘yin taqdim etiladi.
"Rossoneri" rahbariyati murabbiyni endi avvalgidek to‘liq va kuchli qo‘llab-quvvatlamayapti. Shu sababli Fonsekaning klubdagi kelajagi ko‘p jihatdan noyabr oyidagi xalqaro tanaffus oldidan bo‘lib o‘tadigan uchta o‘yinga bevosita bog‘liq. Jamoa bu oraliqda "Montsa", "Real Madrid" va "Kalyari" jamoalari bilan bahs yuritadi. Agar bu o‘yinlarda ham natijalar yomon bo‘lsa, Paulo Fonseka ishdan bo‘shatiladi.
Turli hil italyan nashrlarining xabar berishicha, "qizil-qoralar" mutasaddilari allaqachon yangi murabbiy masalasida oldinga qadam tashlagan. Mauritsio Sarri, Massimiliano Allegri, Igor Tyudor va Edin Terzich kabi hozirda ishsiz bo‘lgan murabbiylar klubning short-listida bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, "Milan" A Seriyaning ortda qolgan 9ta o‘yindan so‘ng 8-o‘rinni egallab turibdi. Chempionlar ligasining 3-turidan keyin esa, umumiy jadvalda 36 ta jamoa orasida 25-o‘rinni egallab turibdi.
Fikrlar