
Milich - Jiru, muallif - Mamatkazin, me’mor - Sohibjonov, muhandis - Kumikov yoxud "Bobur Arena"da nimalar bo‘ldi?
Pro liganing 12-tur bahslari ham yakunlandi. Amaldagi peshqadam “Turon” o‘z uyida “Buxoro”ni 2:0 hisobida taslim qildi. Superliga uchun yana bir asosiy da’vogar – “Andijon” esa “Bobur Arena”da “Xorazm” ustidan 2:1 hisobida ustun keldi.
Bu yilgi pro liga yangi darajaga ko‘tarilganini bir necha bor ta’kidladik va bunga o‘yinlar mobaynida boshqalar ham guvoh bo‘lishmoqda. Juda qiziqarli va intrigaga boy chempionat. Buning yana bir sabablaridan biri albatta “Uzreport” hamda “Futbol TV” telekanallari orqali pro liga o‘yinlarining jonli ravishda efirga uzatilayotgani ham muhim faktorlardan biri bo‘lib xizmat qilyapti. U erdagi eng mohir sharhlovchilarning sharhlari esa tabiiyki, o‘yinga qo‘shimcha zavq bag‘ishlayapti. Natijada pro liga Superligadan translyatsiya va joziba bo‘yicha aslo qolishmayapti.
12-turda pro ligada hali kuzatilmagan voqea sodir bo‘ldi. “Andijon” futbol klubi matbuot xizmatining tashabbusi bilan ilk bor Xayrulla Hamidov hamda Davron Fayziev tandemidagi sharhga guvoh bo‘ldik. O‘zbekistonning ikki eng ko‘zga ko‘ringan sharh ustalari shu kunga qadar hali pro liga uchrashuvini birgalikda sharhlamagandilar. Ilgari Superligada ularning tandemi kuzatilganmi-yo‘qmi, ochig‘i, hozir yodimizda yo‘q. Lekin Fayziev bilan Hamidovning bevosita “Bobur Arena”da o‘yinni jonli ravishda sharhlaganliklari ham nafaqat “Andijon” klubi, balki pro liganing mavqei o‘sib borayotganidan darak beradi.
Bungacha Xayrulla Hamidov “Andijon” ishtirokidagi bellashuvlarni bir necha bor stadionda sharhlab kelayotgandi. Bu safar Davron Fayziev bilan birgalikda stadionga tashrifi kutilganidek muxlislarda juda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu boisdan “Andijon” – “Xorazm” uchrashuvidan avval ular “Bobur Arena”da stadionga yig‘ilgan muxlislar bilan salomlashdi. Pro liga, “Andijon” klubi va uning ishqibozlariga samimiy tilaklarini bildirdilar.
Viktor Kumikov o‘yindan keyingi matbuot anjumanida jamoasining hatto 5:0 hisobida ham yutishi mumkinligin aytdi. Uning bu fikriga qo‘shilamiz. Ko‘rgan bo‘lsangiz, “Andijon”da ko‘plab golga tortadigan qulay imkoniyatlar yaratildi. Lekin ulardan faqat ikkitasidangina foydalanishdi xolos. O‘tkazib yuborilgan gol esa mezbonlarning xatosidan keyin bo‘ldi. “Xorazm”ning kamerunlik legioneri Roki Marchiano kutilmagan sovg‘adan foydalandi. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshi o‘yin bo‘ldi. Muxlislar esa o‘z uslubida faollik ko‘rsatishdi hamda navbatdagi yangi bannerlarini ko‘z-ko‘z qilgan holda yana bir yangilikka qo‘l urdilar.
“Andijon” ko‘zga ko‘ringan jamoa bo‘lgani sababli boshqa mutaxassislar ham bu klubning o‘yinini o‘rganadi. Ko‘pchilik jamoaning xavfli nuqtasi sifatida standartlarini e’tirof etadi. Bu rost, “Andijon” standartlar qiroliga aylandi. Bu borada “Burgutlar” juda xavfli. Jarima zarbalari yoki burchak zarbalaridan foydalanish ham aslida bir tajriba. Ayniqsa, jarima maydoni ichida “Andijon” futbolchilaridan xavflirog‘i bo‘lmaydi. Lekin “Xorazm” bilan uchrashuvda shuni ham ko‘rdikki, mezbonlar nafaqat standartlar, balki kombinatsiyalar, qisqa pas uzatishlar va albatta o‘yinchilarning driblinglari evaziga ham chiroyli hujumlar va imkoniyatlar yaratganiga guvoh bo‘ldik. Demak, “Andijon” jamoaviy o‘yin sifatida yanada kuchli raqibga aylanyapti.
Yana bir gap: anchadan beri gol ura olmay kelayotgan chernogoriyalik Bogdan Milich nihoyat bu safar maydonni golsiz tark etmadi. Oldinlari o‘yini qovushmayotgandi, bu safar hammasi boshqacha bo‘ldi. U birinchi bo‘limning 33-daqiqasida shunday gol urdiki, shubhasiz yilning eng chiroyli goliga da’vogarlar qatoridan joy oladi. Go‘yo, Milich o‘sha goli orqali oldingi kamchiliklarini yuvib yuborgandek bo‘ldi. Qanotdan Abdurahmon Komilovning uzatgan pasini Milich raqib ta’qibida bo‘lishiga qaramay, oyoqlari orasidan to‘pni o‘tkazib tovoni bilan darvozaning burchagiga yo‘lladi. Davron Fayziev buni fantastik gol deya baholadi. Shuningdek, sharh davomida Bogdanning ushbu goliga o‘zgacha reaktsiya bildirishdi va Bogdanni frantsiyalik jahon chempioni Olive Jiruga qiyosladilar. Bo‘yi, tashqi ko‘rinishi, boshi bilan yaxshi o‘ynay olishi hamda chiroyli gol urishi borasida ikkalasida o‘xshashliklarni payqadilar.
Ikkinchi gol 50-daqiqada Ildar Mamatkazinning hisobiga yozildi. Bu golni yaratilishida Farhod Sohibjonovning mehnati katta bo‘ldi. Uni jarima maydoni ichida himoyachilar ikki marta yiqitishdi, biroq Farhod o‘rnidan turib kurashni davom ettirdi va golli zarbani yo‘lladi. Faqat qaytgan to‘pni Ildar Mamatkazin darvozaga yo‘lladi. Bu vaziyatda Ildarga ham qoyil qolish kerak. O‘zi markaziy himoyachi bo‘lsa-da, qanday qilib o‘sha vaziyatda o‘sha erda paydo bo‘lib qolganiga hayron qoldik. Davron Fayziev bilan Xayrulla Hamidov esa ikkinchi golga shunday ta’rif berdilar: “Muallif - Mamatkazin, me’mor - Sohibjonov, muhandis - Kumikov”.
Shuningdek, O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev ham o‘yinni teleekran qarshisida jonli ravishda kuzatib borayotganini bildirgan holda darhol ikkinchi golga munosabat bildirib, Sohibjonovni maydonga yotib olmasdan kurashni davom ettirganiga yuqori baho berdi.
Xullas, bu erda shunaqa o‘yinlar, azizlar! “Andijon” esa har tomonlama pro ligaga zavq bag‘ishlayapti.
Fikrlar