
Millatlar Ligasi. Angliya, Portugaliya va Belgiya ishtirokidagi uchrashuvlar uchun prevyu
Millatlar Ligasida burilish nuqtasi kelmoqda. Guruh bosqichi tipidagi musobaqalarning 4-turi juda ko‘p savollarga javob bo‘lib kelgan. Bugungi o‘yinlar bilan 4-tur bahslari yakunlanadi. Millatlar Ligasida guruhdan 1-o‘rin egasigina keyingi bosqichga yo‘l oladi.
Angliya va Belgiya joy olgan guruhda pley-off yo‘llanmasi uchun kurash eng so‘nggi turgacha davom etishi ma’lum bo‘lib ulgurdi. Ammo undan avvalgi uchrashuvlarda ochko yo‘qotmasdan so‘nggi turga etib olish masalasi ham bor. “Uch sherlar” 5-turga g‘alabali o‘yin orqali etib olgan taqdirda Belgiya bilan ancha xotirjam o‘ynashi mumkin bo‘ladi.
Portugaliya esa Shvetsiyaga qarshi bellashuvda Ronaldusiz harakat qilishi ma’lum bo‘lib ulgurdi. Krishtianuning virus yuqtirib olishi futbol muxlislarini boshqa jihatdan xavotirga qo‘ymoqda: u “Barselona”ga qarshi Chempionlar Ligasi bahsigacha safga qayta oladimi? Biz ikki daho o‘rtasidagi to‘qnashuvlarning bittasidan mahrum bo‘lamizmi? Buni endi vaqt ko‘rsatadi. Biz Millatlar Ligasi o‘yinlari haqida so‘z yuritishni boshlashimiz lozim.
Angliya - Daniya
Angliya
Inglizlarning Belgiya ustidan g‘alaba qozongan uchrashuvini ham juda ko‘p mutaxassislar tanqid ostiga olishdi. Bunga etarli sabablar mavjud edi. Penalti va Mauntning mo‘jizaviy goli evaziga g‘alaba qozongan Sautgeyt shogirdlari o‘sha uchrashuvni o‘yin jihatidan raqiblariga boy berishdi. Tan olish lozimki, Belgiya o‘sha kuni juda aqlli o‘yin namoyish etdi. To‘p, asosan, inglizlarda bo‘lgani bilan “qizil iblislar”ning qarshi hujumlari g‘oyat xavfli ko‘rinish oldi. Hisobni ochgunicha ham ular gol urishni uddalagandi, ammo hakamlar inobatga olmadi. Xullas, ushbu g‘alaba ko‘ngildagidek qo‘lga kiritilmadi, Angliya o‘yinidagi muammolar ko‘zga tashlanib qoldi.
Bunday holatda Daniyaga qarshi uchrashuvda ochko yo‘qotilmasligiga na Sautgeyt va na boshqalar kafolat bera olmaydi.
Taxminiy tarkib: Pikford, Arnold, Chiluell, Maguayr, Gomez, Rays, Xenderson, Sancho, Sterling, Grilish, Keyn.
Garet Sautgeyt: “Belgiyaga qarshi bahsning asosiy qismida yakkakurashlarda mag‘lubiyatga uchradik. Atigi 20 daqiqa mobaynida o‘zimiz xohlagan o‘yinni namoyish eta oldik. Doim raqibdan qandaydir darajadagi o‘yinlarni kutish qiyin masala. Biz qolgan barcha jihatlarga qaramay, guruhda etakchilik qilmoqdamiz. Shu bilan birga, hech kim o‘z darajasidan yuqori o‘ynamayotganini ta’kidlashga majburman. Millatlar Ligasining ajoyib tomoni shundaki, 16 ta eng zo‘r jamoa unda ishtirok etadi. Har bir bellashuvda faqat eng yaxshilari o‘zaro raqobatga kirishadi. Biz yarim finalga chiqishni chin dildan xohlasak, Daniyani engishimiz shart”
Daniya
Xyulmann jamoasi oldiga A ligada qolish vazifasi qo‘yilgani ko‘rinib turibdi. Barchasi shunga qarab ketmoqda ham. Angliya va Belgiya bilan pley-off yo‘llanmasi uchun kurashishga skandinaviyaliklarda imkoniyat deyarli mavjud emas. Bu tarkib jihatidan chiqarilgan xulosalar. Aslida, guruhdagi vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, buning iloji bor. Qolgan barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan taqdirda, Daniya guruhni bemalol 1-pog‘onada yakunlashi mumkin. Buning uchun etarlicha ko‘p yuqori sifatli futbolchilar mavjud. Ha, guruh favoritlariniki singari ko‘p emas. Biroq yaxshi shakllangan uslub bilan ushbu futbolchilar ijrosida ko‘plab marralarni zabt etish mumkin.
Taxminiy tarkib: Shmeyxel, Vass, Ker, Kristensen, Skov, Xyoyberg, Dileyni; Poulsen, Eriksen, Breytueyt, Dolberg.
Kasper Xyulmann: “Sentyabrdagi bahs juda yopiq tarzda o‘tgandi. Mavsum oldidan tayyorgarlik o‘yinlarida mana shunday holatlar uchrab turadi, bu gal barchasi boshqacha bo‘ladi. Biz ochiqroq o‘yin ko‘ramiz, deb o‘ylayman. Bizda faqat Martin Breytueyt ketma-ket bahslarda to‘liq harakat qilmoqda. Qolgan barcha futbolchilarga etarlicha dam berilyapti. Men bemalol o‘yinni Islandiyani enggan tarkib bilan boshlashim mumkin, o‘zgartirishlar qilishim ehtimoli ham mavjud”.
Portugaliya - Shvetsiya
Portugaliya
Ronalduning koronavirusga chalingani butun futbol jamoatchiligi uchun yomon yangilik. Ha, albatta, raqiblar va ularning muxlislari uchun bu qaysidir ma’noda, xushxabar bo‘lishi mumkin. Ruben Olsen o‘tgan uchrashuvda o‘tkazib yuborgan gollaridan so‘ng, Krishtianuning maydonga tushmasligini chin dildan so‘ragan bo‘lishi ham mumkin. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham, portugaliyalik megayulduz ishtirokidagi har qanday uchrashuvni o‘tkazib yubormaslik bizning kelajak avlod oldidagi vazifamizdir.
O‘yinga keladigan bo‘lsak, Portugaliya Frantsiyaga qarshi bellashuvda juda ehtiyotkor futbol namoyish etdi. Jahon chempionlaridan ham deyarli bir xil javob guvohi bo‘ldik. Ammo Santush jamoasi o‘z etakchisisiz ham Shvetsiyani engishga qodir. Tarkibga nazar solsak, har bir chiziqda kuchli futbolchilar borligini ko‘ramiz.
Taxminiy tarkib: Patrisiu, Semedu, Pepe, Diash, Gerreyru, Fernandesh, Pereyra, Karvalo, Silva, Felish, Jota.
Fernandu Santush: "Ronaldusiz ham reja o‘zgarmaydi. Biroq tabiiyki, dinamikada biroz boshqacha usullardan foydalanishga majbur bo‘lamiz. Qo‘l ostimdagi jamoa muhim pallarda suyanishim mumkinligini isbotlab bo‘lgan. Shu sababdan, tarkibdagi barcha futbolchilarga to‘liq ishonch bildira olaman. So‘nggi yillarda Portugaliya barchaga istalgan musobaqada g‘alaba uchun kurasha olishini ko‘rsatib qo‘ydi. Biz har bir o‘yinga eng so‘nggisi kabi yondashamiz, xoh u jahon chempionlari, xoh boshqasi".
Shvetsiya
Ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘lishi mumkin, ammo Shvetsiya Portugaliyaga qarshi kechgan 19 ta bahsning 7 tasida zafar quchgan. Portugallarda esa muvaffaqiyatli o‘yinlar soni 6 taga etgan, xolos. Yana shuncha bahs durang bilan yakunlangan. Bu erda Zlatan erasining salmoqli xizmati bor.
Ronalduning yo‘qligi Portugaliya uchun u qadar katta yo‘qotish emasligini yana bir bor ta’kidlashga tayyorman. Lekin bu shvetsiyaliklar uchun misli ko‘rilmagan ruhiy bosimdan qutulmoqlikni anglatadi.
Andersson shogirdlarida A ligada qolish imkoniyati juda past. Shvetsiyadek jamoaning yuqori divizionda o‘ynashini barcha xohlaydi. Ammo kimning o‘rniga? Portugaliya? Frantsiya yoki Xorvatiya? “O‘lim guruhi”ga tushib qolgan shvedlarga rahming kelmay iloj yo‘q.
Taxminiy tarkib: Olsen, Lustig, Yansson, Lindelyof, Augustinsson, Kulusevski, Olsson, Ekdal, Forsberg, Isak, Berg.
Yann Andersson: “Fikrimcha, Xorvatiyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdan ham yomonroq holatdamiz. Mag‘lubiyatga uchrar ekansan, o‘zing xohlagan pog‘onada turmaysan. Bu albatta, bizning ta’bimizni xira qiladigan holat. Ammo, o‘z navbatida, ijobiy tomonlarini ham ko‘ra bilishimiz lozim. O‘zimiz o‘ynagan o‘yinlarni tahlil qilib, ko‘p narsalarni o‘zgartirishimiz mumkin”.
Islandiya - Belgiya
Islandiya
Bu gal etakchilari yig‘inga jalb qilingani sababli o‘yini yaxshilanishidan umid qilganimiz - Islandiyada vaziyat umuman o‘zgarmadi. Jamoa Daniyaga qarshi bellashuvda o‘z darvozasidan javobsiz 3 ta to‘p olib chiqdi.
Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, bu kabi o‘yin bilan B ligada ham oson o‘yin o‘tkaza olmaydi. Quyi ligada elitaga chiqish uchun shu qadar jiddiy kurash kechmoqdaki, islandlarning ushbu bosimga, raqobatga bardosh berishi qiyinroqdek ko‘rinmoqda.
Taxminiy tarkib: Xaldorsson, Palsson, Arnason, Sigurdson, Magnuson, Gudmunson, Gunnarson, Byarnason, Traustason, Finbogason, Sigurdsson.
Erik Xamren: “Biz 6 kun ichida 3 ta qiyin bahsda maydonga tushdik. Barchasi taktik va ruhiy jihatdan kuchli bo‘lishni talab etadi. Tarkibimdagi barcha futbolchilarga ushbu bellashuvlarda imkon berishga harakat qildim. Bu ish men kutganimdan ham qiyinroq bo‘ldimi? Millatlar Ligasidagi hech bir raqib oson emas va ulardan ochko olish doim qiyin kechadi”.
Belgiya
Angliyaning g‘alabali o‘yini etarlicha tanqid ostiga olindi. Ammo shunday yaxshi harakatlari bilan ham mag‘lubiyatga uchragan Belgiya haqida nima deyish mumkin. Avvalo, qanot himoyachilarini olqishlab qo‘yish kerak, degan bo‘lardim. Bu erda kinoya yo‘q, Mene va Kastan loteral qanot himoyachisi pozitsiyasida juda ajoyib harakat qilishmoqda. Ayniqsa, Timotining o‘yinlari e’tiborni tortmoqda. Klub miqyosida ham “Lester”ga juda ko‘p foyda keltiryapti. Mene esa o‘z darvozasiga juda keraksiz paytda penalti keltirib, ko‘pchilikni ranjitdi. Ammo o‘sha kungi o‘yinini umumiy holatda yomon deb bo‘lmasdi.
De Bryuynening o‘yinidan esa, shaxsan, qoniqmadim. U jamoasi uchun ko‘prog‘ini yaratib berishi lozim edi. Karrasko ma’lum vaqtlarda faol bo‘lgani bilan, tez-tez yo‘qolib qoldi.
Islandiyaga qarshi o‘yinda ko‘pchilik futbolchilarning diqqatini jamlash ham qiyin kechadi. Sababi, ularni bir necha kundan so‘ng, klublari bilan navbatdagi tur bahslari kutib turibdi. Balki, Martines vaziyat izn bersa, biroz tejamkor futbolga murojaat etishi ehtimoli ham bor.
Taxminiy tarkib: Minole, Dendonker, Denayer, Boyata, Mene, Tilemans, Vitsel, Kastan, Trossard, Lukaku, Karrasko.
Roberto Martines: "Biz Angliyaga qarshi bahsda birinchi bo‘limni juda yaxshi o‘tkazdik. Ammo ikkinchi taym haqida bunday deya olmayman. Barcha ko‘rdi, bizda g‘alaba qozonish uchun etarlicha imkoniyatlar yuzaga keldi. Bunday sharoitda va ahvolda mag‘lubiyatni qabul qilish - sharmandalik".
Xulosa o‘rnida
Ushbu bellashuvlarning barchasi parallel tarzda bo‘lib o‘tishi biroz ko‘ngilni xira qilmoqda. Ustiga-ustak, yuqorida tilga olgan uchrashuvlarimiz kunning markaziy bellashuvlari qatoriga kirmaydi. Eng muhim bellashuvlarga odatimizga ko‘ra, birma-bir to‘xtalib o‘tamiz.
Belgiya va Portugaliya o‘z uchrashuvlarini u qadar katta qiyinchilikka uchramasdan yutishlari kutilmoqda. Sababi, raqiblar yuqori darajada emas. Ammo Angliya - Daniya bahsi tomoshabop o‘tishini taxmin qilishimiz mumkin. Bu haqida yuqorida daniyaliklar murabbiyi ham gapirib o‘tdi.
Darvoqe, bugun 23:45 da bo‘lib o‘tadigan bellashuvlar bilan terma jamoalar futboli yana bir oyga bizni tark etadi. Shunday ekan, undan zavqlanib qolishga harakat qiling. Oldinda sizlarni eng markaziy bellashuvlar uchun prevyular kutib turibdi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar