
Milliy Olimpiya qo‘mitasi muhokamalarga sabab bo‘layotgan O‘zbekiston chempionati yuzasidan rasmiy bayonot berdi
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi suzish bo‘yicha litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlarida sodir bo‘lgan vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Unga ko‘ra, tashkilot rasmiy saytida quyidagi xabar e’lon qilindi:
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi faoliyati davomida doimo Olimpizmning ezgu g‘oyalari va sportdagi halol raqobatni targ‘ib qilib kelgan. Barcha milliy federatsiyalarni hamisha anti-doping va boshqa qoidalarga qat’iy rioya etishga, xalqaro musobaqalarni o‘tkazishda barcha tartiblarga bo‘ysunish va ularni hurmat qilishga chaqirgan.
Turli internet nashrlarida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining taqvim rejasidan o‘rin olgan bo‘lib, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) shafeligida o‘tkazilgan suzish bo‘yicha litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatida yuz bergan vaziyat katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu holatga o‘z pozitsiyasini quyidagicha bildirib o‘tadi:
O‘zbekiston suzish federatsiyasining xabar berishicha, musobaqa yakunlanganidan keyin 2021 yilning 21 aprel sanasida unda ishtirok etgan hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema turnir davomida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgani, mahalliy sportchilarning vaqtlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgani haqidagi videomurojaatini “YouTube” ijtimoiy tarmog‘iga joylaydi.
Qayd etish joiz, litsenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlariga Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, o‘z navbatida, MOQ Tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan.
Musobaqadan so‘ng shu erning o‘zida kichik yig‘ilish tashkil etib, tayyorgarlik jarayonini yanada kuchaytirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Turnirlar yakunlangach, O‘zbekiston suzish federatsiyasi musobaqa protokollarini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar atletimizning Tokio-2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma’lum qilinmagan.
Shuningdek, biror xorijiy delegatsiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur litsenzion turnirlar bo‘yicha shikoyat yoki ariza kelib tushmagan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston suzish federatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, FINA ushbu turnirlarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘anievning so‘zlariga ko‘ra, FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun murojaat qilgan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan.
Yakunda esa xalqaro tashkilot yo‘llagan “Universal Place” asosida faqatgina 2 nafar hamyurtimiz Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishdi.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi rasmiy ravishda ushbu holat hech qanday sport tamoyillariga kelmasligini va Olimpizm qadriyatlariga mutlaqo zid ekanligini ma’lum qiladi. O‘z o‘rnida, boshqa federatsiyalardan belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishni so‘raydi.
Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston suzish federatsiyasi Prezidiumidan quyidagilarni talab qilib qoladi:
1. Yuqoridagi vaziyatni ko‘rib chiqish va o‘rganish uchun Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi va O‘zbekiston suzish federatsiyasidan iborat ishchi guruh tuzish;
2. Xalqaro suzish federatsiyasidan (FINA) xolis baho berish uchun litsenzion musobaqada qayd etilgan natijalarning nima sababdan bekor qilingani haqidagi materiallarni taqdim qilishini so‘rash;
3. Federatsiya bosh kotibi Alisher G‘anievni vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilishini.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati
O‘zbekiston sport faxriylari kengashi
Fikrlar