
MMA bo‘yicha jahon chempionidan yosh sportchilarimizga o‘ziga xos tavsiyalar...
Hozirgi kunda butunjahonda global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasini oldini olish va bartaraf etish borasida mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yurtimizda karantin holati ham joriy qilindi...
Mazkur davrda yosh sportchilarimiz o‘z saviyalarini oshirib borishlari uchun qanday ishlarni amalga oshirishi kerakligi borasida O‘zbekiston MMA olamining bayroqdori, “pankration” yo‘nalishda jahon chempioni, hozirgi kunda O‘zbekiston professional MMA terma jamoasi bosh murabbiyi Sunnat Ilyasovga bir-ikkita savol bilan murojaat qildik. Ushbu mutaxassis yosh sportchilarimizga o‘ziga xos maslahatlar berdi.
- Sunnat aka ayni kundagi karantin holatida yosh sportchilarimiz saviyasini oshirib borish uchun qanday ishlarni amalga oshirish kerak?
- Birinchidan, uy sharoitida imkon qadar, mashg‘ulotlar olib borishi lozim. Qolaversa, bu borada nazariy bilimlarini ham mustahqamlashi sportchiga katta foyda beradi.
- Demak, sportda nazariy bilmning ham o‘rni katta ekanda?
- Beqiyos...
- Nazariy bilimlarini oshirish uchun siz qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
- Sportga oid asarlar, psixologiya, falsafa, umuman olganda kitob o‘qishni, yoshiga mos tarzdagi chempionlik yo‘lida bosib o‘tilgan qiyinchiliklardan qo‘rqmay, uni engib o‘tganligi aks ettirilgan filmlarni ko‘rishni tavsiya qilardim.
- Masalan?
- Arnold Shvartsneggerning “Chempionning maslahatlari”, Jey Jeykobsni “O‘limga qadar sog‘lom”, Evgeniy Ilinni “Sport psixologiyasi” kabi kitoblarni o‘qishlarini ta’kidlagan bo‘lardim. Shuningdek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Mukammal saodat yo‘li” asaridan ham ko‘p tarbiyaviy jihatlarni o‘zlashtirish mumkin. Sportda baribir tartib-intizom birinchi o‘rinda turadi.
- Yuqorida filmlar ko‘rishni ham tavsiya qilgandingiz?
- Albatta, “Barcha narsani o‘zgartirgan inson” filmini aytgan bo‘lardim. Uning qisqacha mazmuni matematika fani dunyodagi eng mashhur sport ligasini qanday o‘zgartirganligini aks ettiradi. Qolaversa, “Etti hayot”, mohiyati sahiylik va mehr-oqibatdan iborat. Yana “Ali” filmida engib o‘tilgan qiyinchiliklar va ajoyib bokschi bo‘lish yo‘lini hikoya qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, muvaffaqiyat kaliti bu – insonning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishidir. Va yana qaytarib aytamanki, yoshlarimiz ilm o‘rganish, sport bilan muntazam shug‘ullanish orqali etuk inson bo‘lib etishadi.
Shu o‘rinda nafaqat yoshlar, balki butun xalqimizga karantin qoidalariga to‘la rioya qilishlari orqali biz uchun jon kuydirayotgan hukumat rahbarlari, shifokorlar, boringki barcha mas’uliyatni bo‘yniga olayotgan kasb egalariga yaqindan yordam berishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.
Fikrlar