Mourin'yo "Real"ning tezligini oshiradigan futbolchi topdi
Madridning «Real» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourinyo «Leyptsig» klubi hujumchisi Yan Diomande nomzodini jamoaning asosiy transfer maqsadi sifatida ma’qullagan.
Bu haqida sport jurnalisti Fabrizio Romano o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik mutaxassis klub rahbariyatiga hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun «yanada yuqori tezlikka ega va yangi kuchlar» kerakligini ochiq aytgan.
Bundan avval Bild nashri «Real» 19 yoshli futbolchi uchun 100 million yevro to‘lashga tayyor ekani haqida xabar bergan edi.
O‘tgan mavsumda Diomande barcha musobaqalar doirasida 36 o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 10 ta golli uzatma amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi.

Fikrlar