
"Munosib faoliyat, munosib natijalar... "Real" muxlislari uchun u afsona!"
Bugun 12 may, "Real" Madrid yulduzi Marseloning tug‘ilgan kuni. Mashhur sharhlovchi Xayrulla Hamidov braziliyalik afsona haqida fikr bildirdi:
"12 may.
Bu kun dunyoning bugungi kundagi eng yaxshi chap qanot himoyachilaridan biri braziliyalik Marselo tug‘ilgan kun. 1988 yili tug‘ilgan, demakki, 34 ni qoralab qo‘ydi. Otasi o‘t o‘chiruvchi bo‘lgan, onasi o‘qituvchi. Futzalda boshlagan to‘p bilan o‘ynashni. Sal katta bo‘lib, katta futbolga o‘tgach, majburlikdan futbolni tashlashiga to‘g‘ri keldi. "Fluminense" bilan uyi o‘rtasidagi yo‘lga pul topilmagan. Qashshoqqina oila a’zosi edi, nachora. Bu hodisadan xabar topgan "Fluminense" rahbarlari shu harajatni o‘z zimmasiga oladi va Marselo yana qatnay boshlaydi. Jahon futboli kimdan ayrilib qolardi, tasavvur qilyapsizmi?
Birinchi maoshini – 100 braziliya realini bobosiga olib kelib bergan.
Maradona braziliyalik himoyachini o‘zi ko‘rgan himoyachilar ichidagi eng zo‘ri deb ta’riflagan. Krishtianu esa, hazil aralash “Diego Pepe bilan video o‘yinlarni o‘ynamaganda, bu fikridan qaytardi” degan. Aslida Ronaldu va Marselo "Real"dagi eng yaqin do‘stlar bo‘lgan. Golli vaziyatlarda ham sezilardi. Hatto Krish jamoani tark etgach, braziliyalik vingerning o‘yini orqaga ketgani, nimadir etishmayotganini aytganidan ham bilsa bo‘ladi. "Yuventus" ijrosidagi o‘yinlarni kuzatsak, Turinga ham Marselo kerakdek tuyulavergan.
Marselo Madridga Gonsalo Iguain bilan bir kunda kelgan. O‘zining aytishicha, oxirgi o‘ynaydigan klubi "Botafago" bo‘ladi. Klubning ashaddiy muxlisi hisoblanadi. Yaqin qoldi ketishiga.
Realdagi laqabi “El Loko”, ma’nosi - quturgan. Telba desa ham bo‘ladi. O‘yinidan kelib chiqib aytilgan, albatta. Hayotda juda quvnoqligi hammaga ma’lum. Ko‘pgina ekspertlarning tadqiqotiga ko‘ra, Marselo so‘nggi yigirma yillikning eng texnikasi kuchli loterali. Ayniqsa, pressingdan chiqishda uning harakatlari benazirdir. Marseloning harakatlarini ko‘pchilik Roberto Karlosga o‘xshash deyishadiyu, aslida zamonaviy futbolda qahramonimizning harakatlari ustundek seziladi. Karlos zarbasi bilan ko‘p aybini yopib yuborgan bo‘lsa, Marselo raqib tomoniga borib kutilmagan kombinatsiyalar uyushtirishi bilan himoyadagi xatolarini unuttiradi. Shu tomoni juda o‘xshash. Ammo xatolar borasida Roberto Karlos “kuchliroq”.
Marseloning shu darajaga chiqishiga braziliyalik vatandoshi sababchi. Karlos Marseloni yangi mamlakatga ko‘nikishi uchun ko‘p xizmat qilgan.
Shuningdek, shu qanotga qaytargan Mourinoning ham yordamini esdan chiqarmasligimiz kerak. 2010/11 yilgi mavsum ishonchni yuz foizga oqlagan Marselo keyinchalik bu joyni o‘ziniki qilib oldi. Aynan o‘sha mavsum Ronaldu va Messidan keyingi eng kuchli futbolchi Marselo, degandi Maradona.
Ana shu ajoyib loteral hozirda eski formasida emas. Ammo Zidanning uch marta qatorasiga EChL kubogini qo‘lga kiritayotgan davrida eng barqaror o‘yinchi ko‘p ehtimol Marselo edi. Munosib faoliyat, munosib natijalar...
"Real" muxlislari uchun u afsona. Endi aniq…"
Fikrlar