
Murod Otajonov "Bunyodkor" bosh murabbiyi bo‘lganidan keyin: "Uyga qaytish hamisha yoqimli"
Toshkentning “Bunyodkor” klubi ham boshqa jamoalarimiz qatori Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazib kelmoqda. Jamoada o‘zgarishlar yuz berganidan xabardorsiz. Endilikda bosh murabbiy sifatida Murod Otajonov ishga kirishdi.
Bu murabbiy ilgari ham “Bunyodkor”da ishlagan va jamoani juda yaxshi biladi. Kuni kecha Otajonov Antaliyada Sports.uz sayti uchun o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Hozirgi yig‘inimizda jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratyapmiz, - deya gap boshladi, bosh murabbiy. - Albatta, texnik va taktik jihatlar ustida ham ishlayapmiz. Jismoniy tayyorgarligimizni Turkiyada imkon qadar yaxshilishga harakat qilyapmiz. Antaliyadan qaytganimizdan keyin chempionat boshlanishiga ikki haftacha vaqt qoladi. Toshkentda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lib qolsa, to‘g‘rilab olishga harakat qilamiz.
- “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyligi sizga topshirildi. Bu qanday sodir bo‘ldi? Kutganmidingiz?
- To‘g‘risi, kutilmaganda taklif bo‘lib qoldi. Uyga qaytish hamisha yoqimli. Bu narsalar men uchun unchalik qiyin emas. Ko‘p yillardan beri “Bunyodkor” strukturasida ishlab keldik. Ko‘p futbolchilar va murabbiylarni taniyman. Anchasi meni qo‘limda o‘ynashgan va ishlashgan. Ha, Superligada anchadan beri ishlamayotgandim. Lekin boya aytganimdek, klub strukturasida ishlaganman va bilaman.
- Tarkibga Doniyor Abdumannopov bilan Shoxruh Abdurahmonov qo‘shildi. Ularni ko‘ndirish qanday kechdi?
- Sir emaski, yoshroq futbolchilarni ham taklif qilyapmiz. Abdumannopov o‘zimizdan chiqqan bola. Uni va boshqalarni shug‘ullantirgan murabbiylarimiz ham oldingi yigitlarimizni yig‘sak, degan taklifni aytishdi. Bular Superligada to‘p surishgan va uning muhitini bilishadi. Doniyor bilan ham gaplashdik va bir-birimizni tushundik. Hozir shartnoma bo‘yicha harakatdamiz. Shoxruh Abdurahmonov oxirgi paytlarda Belarus chempionatida “Energetik-BGU” safida to‘p surdi. U erdan kelganidan so‘ng yarim yil Samarqandning “Dinamo” jamoasida ijara hisobida faoliyat olib bordi. Shoxruh ham o‘zimizni futbolni yaxshi biladi. Futbolchilar bilan kelishuv yaxshi o‘tdi. Abdurahmonov “Bunyodkor”ga yordam berish uchun bor imkoniyatini ishga solishga tayyor.
- Yana kimlar qo‘shilishi mumkin?
- 2-3 ta yigitlar bor. Muzokaralar davom etyapti. Ba’zilar tayyor shartnoma so‘rashadi. Agentlar bilan gaplashyapmiz. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin?
- “Bunyodkor”da bosh murabbiy sifatida ishga kirishishingizni yangi chaqiruv desak bo‘ladi. Klubning asosiy vazifasi nimadan iborat?
- Albatta, hamisha yaxshi natija ko‘rsatish, akademiyamiz tarbiyalanuvchilariga ko‘proq e’tibor qaratish va shu orqali oldinga yana bir qadam tashlash niyatimiz bor. O‘zimizga ishonmasak bu taklifni qabul qilmasdik. Tarkibda yaxshi-yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Shu o‘yinchilar bilan ijobiy natijalarga erishmoqchimiz.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar