"Neftchi"ni selektsiyasiga meni nima aloqam bor?" yoxud Ja’far Irismetovni Levchenko bilan munosabati qanday?

  • 2 noyabr, 2024, 22:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Oxirgi paytlarda taniqli futbol odami Ja’far Irismetovni “Neftchi”da sport direktori sifatida ish boshlashi haqidagi gaplar yana quloqqa chalinyapti. O‘tgan yili ham “Paxtakor”ning sobiq sport direktorini “Neftchi” bog‘lashmoqda. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Sports.uz jurnalisti Irismetov bilan bog‘landi.

- Ja’far aka, oxirgi paytlarda sizni yana "Neftchi" bilan bog‘lashmoqda. Klub sizga taklif bilan chiqqani rostmi va bu qanchalik haqiqatga yaqin?

- Hozircha “konkret” bir gap yo‘q. Rasman shartnoma tuzilmaguncha biror narsa deyish qiyin. Har yili “Bunyodkor” chaqiradi, “Qizilqum” chaqiradi, yana unisi-bunisi chaqiradi (kuladi). Matbuotda xabarlar chiqyapti. Ammo oxir-oqibat qandaydir sabablar tufayli hammasi to‘xtab qolyapti. Shu bois hozirdan aniq gap aytish mushkul.

- Bilamizki, "Neftchi" o‘tgan yili ham sizni chaqirgandi. Ammo o‘shanda Levchenko sababli sizni bu klubga o‘tishingiz amalga oshmay qolgani haqida eshitgandik. Shu rostmidi?

- To‘g‘ri, oldingi yili taklif bo‘lgan. Biroq nima sababdanligini aniq bilmayman. Levchenko sababchimidi yoki unday emasmi, xabarim yo‘q. Xullas, shartnoma amalga oshmay qolgan. Xafa bo‘lish yo‘q, hayot davom etadi. Ishlash kerak. To‘g‘risi, biz ham yoshligimizdan futbolga umrimizni bag‘ishlaganmiz. O‘zbekiston uchun o‘ynaganmiz. Kerak bo‘lsa, katta-katta klublardan takliflarni terma jamoa uchun “otkaz” qilgan odammiz. Shu sababli biz ham futbolda ishlashimiz kerak, deb o‘ylaymiz. Nafaqat ishlashimiz, balki foydamiz ham tegadi, degan umiddaman. Ko‘p narsani bilamiz, ko‘p narsani o‘rganganmiz. Xudo nasib qilib, ishlasak o‘z ishimizdan kelib chiqib, yana yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz.  

- Rosti, sizga "Neftchi" klubidan haqiqatan yana aniq taklif tushdimi? Kim siz bilan aloqaga chiqdi?

- Hali bunday aniq taklif bo‘lgani yo‘q. Shunchaki, matbuotda “Neftchi”da ish boshlashi mumkin, deb yozilyapti. Har yili nimagadir jurnalistlar meni “Neftchi” bilan bog‘lamoqchi bo‘lishadi. Balki “Neftchi”dagi holat shunaqa yozishga majbur qilayotgandir. Klubga balki sport direktori kerakdir. Yana Xudo biladi. Nasib qilib, shartnoma tuzilsa bilib olasiz. Ish boshlash uchun shartnoma tuzish kerak, shartnoma bo‘lmasa hammasi gapligicha qolib ketaveradi.

- Umuman, sizni Vitaliy Levchenko bilan munosabatingiz qanday? Agar siz kelsangiz u ketishi mumkin, degan gaplar ham yo‘q emas...

- Meni Levchenko bilan munosabatlarim joyida. To‘g‘risini aytsam, biz u bilan munosabatlarimiz yaxshi yoki yomon bo‘lishi uchun gaplashib turmaymiz. Agar gaplashib turgan bo‘lganimda yoki yaqindan taniganimdami, shunda qanaqadir munosabatlar haqida gapirsa bo‘lardi. U bilan telefonda ham gaplashmayman, gaplashmaganman. U menga qo‘ng‘iroq qilib, buni unday yoki bunday qilsam bo‘ladimi, deb so‘ramaydi. Yaxshi yoki yomon deb aytish qiyin. Men keladigan bo‘lsam, Levchenko qoladimi yoki ketadimi, buni bilmayman. Bu masalani rahbariyat hal qiladi-ku. U erga bormasam bunday gaplarni nima foydasi bor?

- "Neftchi" klubini yangi mavsum uchun selektsiya ishlarini bevosita siz olib borayotganingiz haqida ham uzun-quloq gaplar yo‘q emas...

- “Neftchi” klubini selektsiyasiga meni nima aloqam bor? Selektsiyani u erdagi sport direktori olib borsa kerak, yana bilmadim.

- Umuman olganda, Ja’far aka, sizga aniq qaysi klublardan takliflar bor?

- Hozircha bunday takliflar yo‘q. Hamma klublarda sport direktorlari yaxshi ishlayapti. Shu bois taklif bo‘lmayapti, deb o‘ylayman. Chunki hammani vazifani yaxshi bajarishyapti-da. Mayli, bo‘lib qolar, Xudo nasib qilsa ishlarmiz. Hammasi Allohni xohishi bilan bo‘ladigan narsalar. O‘z vaqtimizni kutyapmiz. Kimdir ishonch bildirib chaqirsa, borib qo‘ldan kelganicha yordam beramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Qaxramonjon
03/11/2024 14:35
Нефтчи санга караб колганми яна битта крахабор кимга керак буляпти экан
&
Махмуд1966
03/11/2024 13:38
Чамамдан оз пул таклиф килишди, шунга келишолмадик деб тугрисини айтиб куявермабдида