Nohaqliklar sabab taekvondoni tashlab ketmoqchi bo‘lgan chempion Madinabonu Mannopova Amerikadan salom yo‘llaydi (intervyu)

  • 27 sentabr, 2021, 17:15
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

SPORTS.uz intervyu ruknidan o‘rin olgan suhbatlarni davom ettiradi. Bizning bu galgi suhbatdoshimiz mashhur taekvondochi, Butunjahon harbiylar o‘yinlari g‘olibasi, Osiyo o‘yinlarida kumush hamda Osiyo chempionatida kumush va bronza medalini qo‘lga kiritgan Madinabonu Mannopova.

Assalomu alaykum. Intervyuga rozi bo‘lganingizdan hursandman.

-Assalomu alaykum.

Taekvondo bilan qachondan shug‘ullanishni boshlagansiz va bunga sababchi bo‘lgan inson kim?

- Men 9 yoshimdan buyon bu sport bilan shug‘ullanib kelaman. Ya’ni, 11 yil bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, dastlab o‘zim sportchi bo‘lishni xohlamaganman, ammo murabbiyim Sobir Nazaralievning xizmati tufayli qiziqishim ortgan. Aslida, akamga sherik bo‘lishim kerak edi, ya’ni sog‘lig‘im uchun mashg‘ulotlarga borar edim. Lekin nasib ekan, men professional sportchi bo‘lishga erishdim, akam esa, oliy ma’lumotli bo‘lishni tanladi.

Ilk bahsingiz va dastlabki g‘alabangiz yodingizdan chiqmasa kerak?

- 2012 yilda shahar birinchiligi debyut qilganman. Yodda qolarli jihati etakchilikni qo‘lga kiritiganman. Medallar jamg‘armasi uchun dastlabki qadamni esa 2013 yilda qo‘yganman. O‘shanda bobojonim bilan birga musobaqaga borganmiz va g‘alaba qozonganman, bobom juda hursand bo‘lgan edi. Yana 2013 yilda O‘zbekiston chempionati ham yodimda qolgan. Negaki, bu turnirda chempionlikni qo‘lga kiritganman.

IMG_20210927_165725

Bilasiz, ayollar sporti so‘nggi yillarda alohida e’tiborga loyiqligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bugun Osiyoda o‘z o‘rniga ega taekvondochi sifatida sharoitlar haqida nima deya olasiz?

- Hozirgi kunda Prezidentimiz sport, jumladan, ayollar sportiga atroflicha ahamiyat bermoqda. O‘zimdan kelib chiqib aytsam, zamonaviy zal, jihozlar yordamida mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyatiga egaman. Hattoki, terma jamoada murabbiylar shtabi, dietolog, shifokor, psixologlar chetdan chaqirilgan va biz bilan kun-u tun ishlashadi. Bugunga kelib, musobaqalar soni ham ortgan. Albatta, bu professionallik uchun katta yordam beradi, chunki qancha ko‘p turnirlarda qatnashsak, shuncha amaliyot ortadi. Qolaversa, ayni paytga kelib, bir necha davlatdan sportchilar jam bo‘lib, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Bu o‘zaro tajriba almashishda qo‘l keladi.

Ayollarni sportga jalb qilish uchun qanday tadbirlar o‘tkazish kerak deb o‘ylaysiz, har holda "o‘zbekchilik" degan gap-so‘zlar bor?!

-Taekvondo ITFga nisbatan olib gapirsam, bizning sport turimizda barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan va himoya vositalari bor. Shuningdek, mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar yo‘q. Kiyimi, sport turi va harakatlarida ortiqcha narsa ko‘zga tashlanmaydi. Shunga ko‘ra ish tutish kerak. Har xil oilalar bor, kimdir qo‘llab-quvvatlaydi va yana kimdir bunga qarshilik qiladi. Menimcha, qizlar sportga qiziqsa, kelib shug‘ullansa, terma jamoaga qo‘shiladi, keyin umuman o‘zi uchun yangi hayot quradi, maosh oladi, chet davlatlarini ko‘radi. Qiz bola bo‘lsa ham moddiy tarafdan oilasiga yordam beradi. Men shu kungacha buni yomon tarafini ko‘rmadim.

Qaysi chet el davlatlarida bo‘lgansiz va esda qolarli sayohatingiz haqida biz bilan o‘rtoqlashsangiz

- Hozir sanab o‘tirsam, vaqt etmaydi, Osiyo, Afrika, Evropa, Amerika qit’alarining ko‘plab mamalakatlariga borganman va yodimda qolgani Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tgan Indoneziyaning Jakarta shahri. Chunki biz bu davlatga faqat taekvondo sport turi emas, balki butun O‘zbekiston terma jamoasi delegatsiyasi bilan tashrif buyurganmiz. Barcha sportchilar bir-birini qo‘llab-quvvatlagan, quvonchli va qayg‘uli onlarda birga bo‘lganmiz. Men uchun bu yangilik bo‘lgan va kumush medali bilan yurtimizga qaytgandim.

0Q3A5330-scaled

Madina Mannopova oilada qanday o‘ringa ega: sportchi yoki qiz?

-Menimcha, oilada ko‘proq sportchi sifatida qarashadi. 2 oylab musobaqa va mashg‘ulotlar uchun yig‘inga ketar edim, bitta men emas, butun terma jamoa a’zolari shunday. Uydagilar bilan juda kam vaqt o‘tkazamiz. Lekin ular menga har jabhada yordam berishadi. Qolaversa, uyga kelsam ham vazn tashlash uchun dieta qilishimga to‘g‘ri kelar, onam tayyorlab qo‘ygan shirin taomlardan mahrum bo‘lar edim. Bobom ham sportni yaxshi bilgani, tushungani uchun turli maslahatlar berib borardilar.

Shu o‘rinda turmushga chiqqaningiz bilan tabriklayman. Agar sir bo‘lmasa, turmush o‘rtog‘ingiz bilan qanday tanishgansiz?

- O‘tgan yili Olimpiya Qo‘mitasida ko‘rishib qolganmiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tgani borgan edim. Shundan keyin internet tarmog‘ida tanishganmiz. Lekin to‘y bu darajada tez bo‘lib ketishi hayolimga ham kelmagandi. To‘y qilishimiz iyun-iyul oylarida aniq bo‘lgan bo‘lsa, 2 sentyabrda turmush qurdik. Qizig‘i, men to‘yga yaqin vaqtda ham Tokioda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida edim.

240588327_518413889238779_5585529256376359749_n_1

Hozir rejalaringiz qanaqa? Chunki ko‘pchilik ayol sportchilar turmushga chiqqanidan so‘ng bu sohani tark etadi.

-Xudo xohlasa, men sportdagi faoliyatimni davom ettirmoqchiman, turmush o‘rtog‘im ham qarshilik bildirmayapti.

Turmush o‘rtog‘ingizning sportchi ekani sizga qay darajada yordam beryapti?

- Bu eng katta "plyus"(kuladi). Sportchini baribir sportchi tushunadi. Umumiy qilib aytganda, oila a’zolarim kabi menga elkadosh bo‘ladigan insonlar safi bittaga kengaydi.

Tasavvur qiling, bugun omadingiz kelmadi va mag‘lubiyatga uchradingiz. Ertaga yangi g‘alaba uchun kimdan motivatsiya olasiz yoki nima sizni yana turib kurashishga chorlaydi?

- Menimcha, shu kungacha erishgan yutuqlarim bo‘lsa kerak. Sportda mag‘lubiyat va g‘alaba yonma-yon bo‘ladi. Yiqilsam yanada ko‘proq shug‘ullanishga harakat qilaman. Qilingan mehnat va qiyinchilik eng katta motivatsiya hisoblanadi. Yana eng zo‘r motivatorim - bu bobom. Shunday gaplarni aytardilarki, go‘yoki men eng zo‘riman. Yuqorida aytganimdek, hozir ular soni bittaga ortgan.

IMG_20210927_163226

Qachondir qo‘llab-quvvatlash sizni manmanlikka qadar olib bormaganmi? To‘g‘risi, suhbatdan avval sizdan bu qadar samimiylik kutmagan edim.

- E yo‘g‘-e, manmanlik qiladigan hech narsa qilmadim. Bolaligimdan bobom kimni ko‘rsang salom ber deb o‘rgatardilar. Chunki oddiy yurgan paytingizda bu bilinmaydi, biror musobaqada yaxshi natijaga erishib kelsangiz hammani e’tibori sizda va go‘yoki tantiqlik qilayotgandek ko‘rinishingiz mumkin. Samimiylik haqidagi gapingiz uchun rahmat(kuladi).

Qachondir sportni tashlab ketish haqida o‘ylaganmisiz?

- Ha, o‘ylaganman. O‘smirlar o‘rtasida Olimpiada uchun yo‘llanmaga ega chiqolmaganman. Shunda koreyalik raqibamga imkoniyatni boy berib qo‘yganman. Juda alamli, 21:20 hisobidagi mag‘lubiyat bo‘lgan. Shu bilan barchasi tugadi, deb o‘ylaganman. Ichimda, bo‘ldi, sportdan ketaman, deb yig‘laganman. Esimda, yutqazganimdan keyin murabbiyim bo‘ldi, tashla sportni, deb urshib berganlar. Ertasi kuni siqilib yursam, murabbiyim menga bor mashg‘ulotlarni bajar, kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga borasan degandilar. Men hali o‘smirman, kattalar o‘rtasidagi chempionatni nomidan qo‘rqib ketgandim. 2 hafta vaqt bor edi va bu men uchun birinchi yirik musobaqa bo‘lgan. Osiyo chempionatida 3-o‘rinni olganman. Ko‘ryapsizmi, mag‘lubiyatdan keyin yana g‘alaba kelyapti.

Musobaqalar vaqti ko‘p sportchilar yig‘iladi, kulguli voqealar ham bo‘lib tursa kerak?

-Eng so‘nggi turnirimiz Livanning Beyrut shahrida bo‘lgan. O‘shanda Feruza Sadikova bilan bir kunda medalga ega chiqqanmiz. Feruza birinchi, men esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Men uchun juda qayg‘uli edi, negaki, nohaqliklar sababli oltin medaldan quruq qolganman. Juda charchagan edik, musobaqadan so‘ng dam olishga xonaga keldik, ovqatlandik va uxladik. Keyingi kun hamma birga nonushta qilishi kerak edi. Biz ikkalamiz uxlab qoldik va keyingi avtobusda ketmoqchi bo‘ldik. Chunki boshqa kunlarda bitta avtobus ketsa, keyingisida qolganlar etib borsa bo‘lar edi. Biz bemalol pastga tushib nonushta qilamiz, deb o‘ylayotgan edik. Shunda terma jamoadagi Charos degan qiz telefon qildi, tez tushinglar, sizlarni kutyapmiz deb. Shunda ham biz eyish uchun u-bu narsa olishni, so‘ng bemalol etib borishni o‘ylayotgan edik. Uyqusirab chiqsak, avtobus to‘la odam, bizni kutib turgan ekan. Ikkita ikkichiga o‘xshab ichkariga kirdik. Eng oldingi o‘rindiqda Aleksandr Anatolievich degan murabbiy baqirib urishganda uyg‘ondik (kuladi).

photo_2021-06-07_11-24-25

Nohaqlikka alohida to‘xtalib o‘tsak

-Kichik adolatsizlik sababli 1-o‘rindan mahrum bo‘ldim. Ammo yon hakamlardan biri "kecha sen zo‘r urushding, raqibing esa xavfli harakatlar qildi. Referi hamma hakamlarni sharmanda qildi",-dedi. Shunda hursand bo‘ldim, meni haq ekanligimni ko‘rishibdi, deb o‘yladim.

Hozir AQShdasiz, to‘g‘rimi?

-Ha, Amerikadamiz.

Bu sayohat yangi oilangiz bilan qanday taassurot qoldiryapti?

-Menimcha, hamma qiz o‘z oilasi bilan chet el safariga chiqishni orzu qilsa kerak. Bu meni bitta niyatim edi va bunga erishdim, shaharga keladigan bo‘lsak, barcha chiroyli joylarga borishga harakat qilyapmiz.

photo_2021-09-27_12-30-52

Bo‘sh vaqtlaringizda yana qanday mashg‘ulotlar bilan band bo‘lasiz, oshxonada qanchalik tajribaga egasiz?

- To‘g‘risini aytsam, oshxonada katta tajribaga ega emasman. Ora-orada, uyga kelsam oyim bilan birga taom tayyorlar edik. Hozir kelin bo‘lganimdan keyin bu meni vazifalarimdan biri va uddalayapman, deb o‘ylayman. Hozir bu erda ham men uchun amaliyot bo‘lyapti, nima pishirish haqida o‘ylab, asta-sekin ovqat pishirishni o‘rganyapman.

Qimmatli vaqtingizni ajratib, savollarimizga javob berganingiz, samimiy suhbatingiz uchun rahmat!

- Sizga ham rahmat!

Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!