
No‘’mon Hasanov muxlislar sabr qilishlarini so‘ramoqda yoxud "Navbahor" ustozi ishtirokidagi matbuot anjumani (To‘liq)
Coca Cola Superliga 25-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – AGMK (0:0) jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi No‘’mon Hasanov ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Bu haqda namanganliklar matbuot xizmati xabar berdi.
- Bugun muxlislar chiroyli bahsga guvoh bo‘lishdi. Har ikki jamoa mazmunli o‘yin namoyish etdi. Shogirdlarim ko‘rsatmalarimni to‘g‘ri bajardi. Vaziyatlar, shuningdek, to‘pni bir-biriga aniq oshirish borasida yigitlar raqibdan ustunlik qildi. O‘yindan – o‘yinga futbolchilarim ancha ochilmoqda. “Surxon”ga qarshi kechgan hamda bugungi bahsda shogirdlarimning o‘yinlarida ancha o‘sish bo‘lganligi ko‘zga tashlanmoqda. AGMK singari raqiblar bilan bellashuvda o‘sishga xizmat qiladi.
AGMK jamoasini joriy mavsumda 3-o‘rinni egallaganligi bilan tabriklayman va keyingi uchrashuvlarda olmaliqlarga omad yor bo‘lishini tilayman. Bugungi o‘yin uchun raqibimizga ham o‘z minnatdorligimni bildiraman.
- Bugungi bahsda zaxiradan faqat bir futbolchini maydonga tushirdingiz, vaholanki, tarkibda o‘yinchilar ko‘p edi. Balki ko‘proq o‘zgarishlar amalga oshirilganida, “Navbahor” g‘alaba qozonarmidi? Bundan tashqari, ko‘plab vaziyatlar yaratilganiga qaramay, futbolchilar ulardan foydalanishda oqsamoqda. Bunga nima xalal beryapti?
- Qani endi, ularga nima xalal qilayotganini men ham bilsam... Bugungi bahsda ham AGMKga nisbatan ko‘proq imkoniyatlarga ega bo‘ldik. To‘p bilan muomala qilishdayam ustunlikka erishdik, lekin...
Javlon Ibrohimovning jarohati bor edi, mashg‘ulotlarga kirishganiga endigina uch kun bo‘lgandi, shunga qaramay, uni qaydnomaga kiritgandim. Bellashuvga to‘liq tayyor emasdi, agar salomatligi joyida bo‘lganida, albatta, maydonga tushirardim. Barcha yaxshi o‘ynadi, bunday holatda o‘zgarishlarni amalga oshirib, tavakkal qilish to‘g‘ri emas.
G‘alaba qozonishni men ham xohladim, lekin bunday sovuq ob-havoda kimnidir zaxiradan tushib, o‘yinni kuchaytirishiga kafolat yo‘q edi. Yigitlarga e’tirozim yo‘q. Ularning tezroq men xohlayotgan o‘yinga kirishib ketishlariga intilyapmiz. Qolaversa, zaxira o‘yinchisi almashtirib, vaqtdan yutqazishni istamadim, chunki yutuqqa erishishni xohlayotgandik. Futbolchilarga aytdim, hammalarini bir xil ko‘rishimni tushuntirdim. Jamoa boshqaruvini olganimga endigina bir oy bo‘ldi.
Kimdir ko‘rsatmalarimni tezroq o‘zlashtiryapti, kimdir esa aksincha. Hammaning organizmi har xil bo‘ladi-ku, meni hanuz tushunmayotganlar bor. Futbolchilar bilan birga mashg‘ulot o‘tkazamiz, bir joyda yashaymiz, birga ovqatlanamiz, ularning qanday holatda ekanliklarini yaxshi bilaman. Kim o‘yinni kuchaytira oladi, kimni maydonga tushirish kerak, xabardorman, sizlardan esa sabr qilishingizni so‘rayman. O‘yinimizni topib olishimiz uchun biroz vaqt kerak. Bugun ham men talab qilayotgan o‘yinga moslashganlar asosiy tarkibdan o‘rin oldi. Zaxiradagilarning ham o‘z vaqti keladi. Imkon qadar ushbu tarkibdagi futbolchilarni keyingi mavsumda saqlab qolmoqchiman, chunki ular so‘nggi yillarda birga o‘ynashgan, bir-birlarini yaxshi tushunadi.
AGMK bilan bahsda asosan bo‘yi baland futbolchilar maydonga chiqdi, chunki raqibning aksariyat o‘yinchilari bo‘ydor edi. Standart vaziyatlar paytida bu yaqqol sezildi. Shunday pallada bo‘yi past futbolchini zaxiradan tushirib, tavakkal qilishni istamadim. Zaxiradan o‘yinchi tushirishimni talab qilayotganda, shunday jihatlarga ham e’tibor qaratishingizni so‘rardim. Chunki bu futbolda eng muhim narsalardan biridir. O‘tgan turda “Andijon” bilan bellashuvda AGMK 4 ta golini ham standart vaziyatdan urdi. Shuni hisobga olgandik. Faraz qiling, olmaliqliklar burchak zarbasi tepishmoqda, jarima maydonchamizga ularning himoyachilari ham kelganida, bizda faqat Igor Golban bilan Azim Ahmedov tursa, to‘g‘ri bo‘lmaydi-ku. Shuning uchun bunday holatlarda hujum chizig‘idagi bo‘ydor futbolchilar ham yordamga kelishlariga ehtiyoj tug‘iladi. Buni ham inobatga olish kerak.
Fikrlar