
No‘’mon Hasanov sobiq jamoasining muvaffaqiyatsizligi haqida nima deydi?
O‘zbek futbolining vatani hisoblanmish Qo‘qonda bu sport turini qanchalik sevishini va e’zozlashini hammamiz yaxshi bilamiz. «Qo‘qon-1912» deya nomlangan jamoaning futbolimizda o‘ziga xos tutgan o‘rni bor, albatta. Lekin bu yilgi mavsumda jamoa muxlislarini xafa qilib qo‘ymoqda va Superligada oxirgi o‘rinda yurgani mahalliy muxlislarni qattiq tashvishlantirmoqda. Xabaringiz bo‘lsa, «Qo‘qon-1912»ni 2016 yildan boshqarishga kirishgan No‘’mon Hasanov ushbu mavsumning birinchi davrasi oxirlarida klubdan ketishga majbur bo‘ldi. Boisi mazkur mavsum qo‘qonliklar uchun omadsiz boshlandi va afsuski, bu holat hali ham davom etmoqda. Aytmoqchimizki, No‘’mon Nurmatovich ketgani bilan klubda hech nima o‘zgarmayapti. Ustiga-ustak qo‘qonliklar ikkinchi davrani ham ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan boshlashdi. Biz esa anchadan beri Hasanov bilan suhbatlashishni rejalashtirib yurgandik. Lekin No‘’mon Nurmatovich sira intervyu berishga rozilik bermay kelayotgandi. Shunga qaramay, «Qo‘qon-1912»ga katta mehnati singgan murabbiy baribir sobiq jamoasiga befarq bo‘lmayotgani uchun oxiri dilidagi gaplarni aytishga qaror qildi.
- To‘g‘risi, «Qo‘qon-1912» jamoasiga juda achinyapman, - deya gap boshladi, Hasanov. - Biz u erda o‘rtamiyona futbolchilardan yaxshi jamoani shakllantirgandik va stadionga muxlislarni ham qaytargandik. Terma jamoalarimiz uchun esa Javohir Sidiqov, O‘tkir Yusupov, Quvondiq Ro‘ziev, Oybek Rustamov singari munosib o‘yinchilarni etkazib bera oldik. Yuqorida ta’kidlaganimdek, asosiysi, stadionga muxlislarni qaytara olgandik. Ishonasizmi, klubda ishlagan paytda hattoki shunday paytlar bo‘lganki, ko‘zlarimdan yosh chiqqan. 2000 mingga yaqin muxlis stadion tashqarsida qolib ketgan. Klubdan ketgan bo‘lsam-da, «Qo‘qon-1912»ga befarq emasman. Jamoaga esa qiyin bo‘lishini bilgandim. Afsuski, tarkibdagi borlarini ham yo‘qotdik. Javohir Sidiqov, O‘tkir Yusupov, Darko Gojkovich kabi etakchilarimizning o‘rnini to‘ldira olmadik. Ming afsuski, men so‘ragan futbolchilarni olib berishmadi. Boya aytganimdek, borini ham yo‘qotdik. Vaholanki, men jamoani kuchaytirish mumkin bo‘lgan bir qator yaxshi saviyadagi o‘yinchilar bilan gaplashib ham qo‘ygandim. O‘sha paytda Shavkat Salomov, Ivan Nagaev va yana boshqa futbolchilar bilan «Qo‘qon-1912»da to‘p surishga rozi bo‘lishgan va biz o‘zaro qo‘l tashlashib ham qo‘ygandik. Afsuski, ularni jamoamizga ololmadik. Bilasizmi, o‘sha zahoti men mavsum boshlanmasidanoq klubdan ketgandim. Chunki futbolning ichida yurgan inson bo‘lganim uchun bizga juda qiyin bo‘lishini bilardim. Shunda ham jamoaga yordam berishga harakat qildim. Ammo hamma klub ham kuchaygisi keladi. «Qo‘qon-1912»da esa kuchayishning o‘rniga aksincha vaziyat kuzatildi. Axir jamoada shuncha yil mehnat qildim. Shuning uchun «Qo‘qon-1912»ga befarq qarab tura olmayman. Baribir jamoaning keyingi o‘yinlarida omad tilayman va tezroq yuqori o‘rinlarga chiqib olishini tilab qolaman.
Har qanday holatda ham Hasanovning Qo‘qondagi faoliyatini yorqin xotiralar bilan eslash uchun sabablar etarli. Muhimi u «Qo‘qon-1912»ni raqobatbardosh jamoaga aylantira olgandi. Bir qator unutilmas o‘yinlar ham bo‘lib o‘tdi. Buning ustiga yuqorida ta’kidlaganidek, jamoadan bir qator futbolchilar terma jamoalarimizga jalb etildi. Bunda ham albatta Hasanovning xizmatlari bor. Lekin doim ham o‘ylagan rejalar amalga oshavermaydi. Qachondir murabbiyning faoliyatida ham o‘ziga yarasha past va balandliklar uchrab turadi. Aslida bu yilgi mavsumda ham qo‘qonliklar u qadar bo‘sh o‘yin ko‘rsatishmayotgandi. Ammo ochkolarning boy berilishi jamoaga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Achinarlisi, No‘’mon Hasanov boshchilik qilgan paytda jamoa barcha o‘yinlarni safarda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. E’tibor bersak, ushbu murabbiy oxirgi marta Qo‘qondagi stadionda o‘z muxlislari qarshisida o‘tgan yilgi mavsumning yakunida uchrashgan ekan. Bu yil esa vaziyat o‘zgardi va stadion maydoni tayyor bo‘lgunga qadar safarda yoki boshqa shaharda o‘ynashiga majbur bo‘ldi. Bu orada esa «Qo‘qon-1912»dan omad yuz o‘giraverdi. Oqibatda murabbiyga chiqish eshiklari ko‘rsatildi.
- Mening «Qo‘qon-1912»dan ketganim bir tomondan yaxshi ham bo‘ldi. Chunki kimning qanaqaligini bildim. Kimlar bilan ishlab yurganimni bildim. Afsuski, ketganimdan keyin klubdan birortasi qo‘ng‘iroq qilib hol-ahvol so‘rashni ham bilishmaydi. Hech bo‘lmasa men bilan bog‘lanishib, maslahatlar so‘rashsa, jamoaning manfaati yo‘lida qo‘limdan kelganicha yordam berardim. Gapning ochig‘i, jamoaning hozirgi ahvolini ko‘rib achinyapman. Bir marta bo‘lsa ham ushbu mavsumda «Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi sifatida o‘z maydonimizda o‘ynaganimizda boshqacha bo‘lardi. Chunki klubdan iste’foga chiqqunimga qadar o‘z maydonimizda biror marta o‘ynamabmiz, - deya fikr bildirdi, No‘’mon Hasanov.
Shu o‘rinda aytish kerakki, No‘’mon Hasanov yaqinda Xitoydan qaytib keldi. U erda ma’lum vaqt bo‘lgan mutaxassis shunday dedi:
- Xitoyning Shanxay shahrida qizim o‘qiydi. O‘qishni tamomlashiga yana bir yil qoldi. O‘zi men uch oy oldin «Qo‘qon-1912»da ishlab yurgan paytimdayoq Shaxnayga chiptani olib qo‘ygandim. Qancha erta chipta olsangiz sizga narxi arzonroqqa tushadi-ku. Shu bois oilam bilan birga Shanxayga borib, qizimni ko‘rib keldik. Shu bahonada biroz hordiq ham chiqarib oldim.
Ma’lumki, hamyurtimiz Odil Ahmedov «Shanxay SIPG» klubida to‘p suradi. U erda futbol uchrashuvlariga ham tushdimi deya so‘raganimizda quyidagicha javob qaytardi:
- U erda hech kim ko‘rishganim yo‘q, futbol o‘yinlarini ham ko‘rmadim. Haqiqiy ma’noda dam olgani bordim. Meni u erga hech kim chaqirgani yo‘q yoki boshqa ish bilan bormadim ham. Shunchaki oilam bilan hordiq chiqardik. Qo‘qonda 3,5 yil davomida tinmay ishladim. Shuning uchun kerak bo‘lsa, uxlamasdan jamoani kuchaytirish uchun borimni berib mehnat qilganman. Natijada men uchun dam olishga ham vaqt bo‘lmagandi.
Fikrlar
Балки Навбахорда узингизни синаб курарсиз.
Кукондаги хамкасблардан нолиманг, инсонни оркасидан сураб-йукловчилар куп булиши у/н аввало уни узи шундай хурматга лойик инсон булиши к/к менимча, бекорга карс икки кулдан чикади)))- дейишмаган.