
O‘runovga bitta da’vogar bor!
“Spartak”dagi legionerimiz Oston O‘runovning jamoadagi kelajagi hamon mavhumligicha qolmoqda. Uni Moskvaga olib kelgan Shamil Gazizov ketdi, o‘zbekistonlik yarim himoyachiga ishonch bildirishini ta’kidlagan bosh murabbiy Domeniko Tedesko ham yurtiga qaytib ketishi mumkin.
Oston og‘iz solganlardan “Rubin” birinchi bo‘lib uning transferini so‘rab, “Spartak”ga rasman murojaat qildi. Moskvaliklarning zaxirada o‘tirgan 20 yoshli o‘yinchi uchun 6 million evro so‘ragani qozonliklarni cho‘chitib qo‘ydi. Ular boshqa variantni tanladi.
Hozircha, Rossiya premer-ligasida “Ufa” Ostonga qiziqishni saqlab turgani ma’lum bo‘ldi “Ufa” klubi direktorlar kengashi raisi Rostislav Murzagulov o‘zbek futbolchisi atrofidagi voqealarga munosabat bildirdi.
- To‘g‘risini aytsam, O‘runov “Spartak”ga biroz erta o‘tdi. Uning zaxirada qolib ketishi avval boshdan aniq edi. U bosh murabbiy ishonchini qozonish uchun o‘ziga berilgan 10 daqiqa ichida gol urishi shart edi. Bunday sharoitda “gol urolmasang, o‘zingdan ko‘r” qabilida ish tutishadi.
Oston “Ufa”da yana yarim yil, bir yil o‘ynasa bo‘lardi. Yoki oddiyroq klubni tanlashi kerak edi. Men uning transferiga aralashmaganman. U Shamil Gazizovning futbolchisi edi. Ostonni u topgan, transfer qilgan.
Tabiiyki, men uning “Spartak”ga o‘tishiga to‘sqinlik qila olmasdim. Men o‘shanda kollektiv ichida bu transferga sal erta ekanini aytganman. Shunday bo‘lsa-da, Oston O‘runovga “Spartak”da imkon berishsa, o‘ynab ketishiga shubham yo‘q.
- “Ufa” O‘runovni ijaraga olmoqchimi?
- Ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q. Agar shunday imkoniyat bo‘lsa, biz mamnuniyat bilan uni ijaraga olamiz. Qani, ko‘raylikchi. Bizning moliyaviy imkoniyatlarimiz cheklangan, kovid pandemiyasi davrida ayrim odamlar katta-katta xarajatlarga osilyapti. Ko‘p xarajat qilish qo‘limizdan kelmaydi. Agar moliyaviy holatimizdan kelib chiqib tayyorlaydigan taklifimiz “Spartak”ni qoniqtirsa, biz Ostonni olishdan xursand bo‘lamiz...
- Xarajatlar masalasida ijaraga olishga ketadigan mablag‘ni aytyapsizmi yoki O‘runovning maoshi keskin ko‘tarilib ketganmi?
- Men ijara masalasini gapirdim. Uni olish biz uchun qiziq. O‘ylaymanki, bu Ostonning o‘ziga ham foydali bo‘ladi. U klubga qaytib, yana o‘z mahoratini ko‘rsatib, nimalarga qodirligini isbotlab, keyin yana olg‘a qadam bosish imkoniga ega chiqadi.
Darhaqiqat, Oston O‘runov Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan “Ufa”ga ko‘chib o‘tganiga fevralda bir yil bo‘ladi. “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan va “Navbahor”da professional futbolchi sifatida shakllangan O‘runov Rossiya premer-ligasining o‘tgan mavsumida haqiqiy kashfiyot bo‘ldi.
Uning kreativ o‘yin uslubi ko‘p jamoalar e’tiboriga tushdi. “Rubin” va TsSKA o‘zbek futbolchisi uchun ikki million evro taklif qilganiga qaramay, “Spartak”ning o‘sha paytdagi bosh direktori Shamil Gazizov hamyurtimizni o‘zi bilan olib keldi.
Oston O‘runov “Spartak” bilan besh yillik shartnomaga imzo chekkan. Uning taqdiri ko‘p jihatdan Tedeskoga, agar u ketsa undan keyin klubga keladigan murabbiyga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, “Spartak” legionerimizni boshqa klubga sotib yuborishi yoki ijaraga berishi mumkin.
Oston O‘runov “Spartak” safida barcha turnirlarda 9 marta maydonga tushib, bitta gol urdi. U asosan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida zaxiradan bahsga qo‘shilmoqda.
Fikrlar