
Osiyoning eng yaxshi futbolchisi va murabbiylari, qit’a chempioni, JChdagi ishtirok – Mustaqillik yillaridagi g‘alabalar
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishganiga 29 yil to‘ldi. Ortda qolgan davr mobaynida sportning boshqa turlari kabi futbolda ham bir qator salmoqli va e’tirofga arzigulik natijalar qo‘lga kiritildi.
1994 yili Yaponiyada o‘tkazilgan yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritgani tariximiz sahifasiga zarhal harflar bilan bitilgan.
Amputantlar terma jamoamiz 1990, 1991, 2007, 2010, 2012 yilgi jahon chempionatlarida g‘olib bo‘lgan.
1998 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlarida hamyurtlarimiz Mo‘g‘uliston terma jamoasi darvozasiga javobsiz 15 ta gol urib, eng yirik g‘alabasiga erishgan.
1999 yili bosh murabbiy Mahmud Rahimov qo‘l ostida O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAAning Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan Osiyo kubogi saralashida barcha raqiblarni engib, o‘z tarixida birinchi marotaba FIFA reytingida 55-o‘ringa ko‘tarildi. Mahmud Rahimov Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan “Osiyoda yilning eng yaxshi murabbiyi”, deb topildi.
2007 yilgi Osiyo kubogida bosh jamoamiz mazmunli o‘yin namoyish etgani bois Rauf Inileev OFK tomonidan “Osiyoda yilning eng yaxshi murabbiyi” sifatida e’tirof etildi.
“Paxtakor” 2007 yili MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari etakchi jamoalari ishtirokidagi “Hamdo‘stlik chempionlar kubogi”da bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Toshkentliklarning keyingi yili ham finalga chiqqani e’tiborga molik.
Qolaversa, “Paxtakor” va “Bunyodkor” Osiyo Chempionlar ligasida ikki martadan yarim finalda ishtirok etgan. “Sherlar” 2002-2003 va 2004, “qaldirg‘ochlar” 2008 hamda 2012 mavsumlarda final ostonasigacha kelgandi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasiga ustozlik qilayotgan Server Jeparovni 2008 va 2011 yillarda OFK “Osiyoda yilning eng yaxshi futbolchisi”, deb e’tirof etgan.
FIFA referisi Ravshan Ermatovni butun futbol olami tan olgan! Ermatov mundiallarda 11 uchrashuvni boshqarib, mutlaq rekordchiga aylangan. Dastlab Janubiy Afrikada o‘tkazilgan 2010 yilgi dunyo birinchiligida u beshta, 2014 yili Braziliya maydonlarida to‘rtta, 2018 yili Rossiya mezbonlik qilgan JChda esa ikkita o‘yinda hakamlik qilgan. Ravshan Ermatov 2015 yili dunyo miqyosidagi “Globe Soccer Awards” sovrinini qo‘lga kiritgani e’tiborga molik. Hamyurtimiz o‘ziga ishonib topshirilgan klublar o‘rtasida jahon chempionati finali, Osiyo chempionatlari va qit’a chempionlar ligasi finallari, boshqa ko‘plab musobaqalarda yuksak saviyada ishlab, tahsinga sazovor bo‘lgan.
2011 yili Osiyo klublari uchun ikkinchi raqamli musobaqasida Qarshining “Nasaf” jamoasi ishonchli o‘yin namoyish etib, kubokka ega chiqqan.
2012 yili 16 yoshli o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Dilshod Nuraliev boshqaruvidagi terma jamoamiz chempionlikka erishgan.
2013 yil 7 yanvar kuni Shveytsariyaning Tsyurix shahrida Mirabror Usmanov FIFAning halol futbolni targ‘ib qiladigan va unga amal qiladigan federatsiyaga topshiriladigan “Fair play” sovrinini qabul qilib olgandi.
2005-2017 yillar mobaynida O‘zbekiston futboli rahbari bo‘lgan Mirabror Usmonov klublarning infratuzilmasiga katta e’tibor qaratgandi. Eskirib qolgan arenalar qaytadan ta’mirlandi, o‘yingohi yo‘q jamoalar uchun stadionlar qurildi. Barcha futbol maydonlari zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. “Bunyodkor” klubi uchun yuksak zamonaviy standartlar asosida o‘yingoh barpo etildi.
Shuningdek, viloyatlarda ham havas qilsa arzigulik stadionlar bor. Qarshi, Olmaliq va Namangandagi o‘yingohlar shular jumlasidan.
2015 yili Toshkentning “Bunyodkor” klubi sharafini himoya qilgan va Yangi Zelandiyadagi JChda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgan Dostonbek Hamdamov “Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi”, deb topilgan. Unga ushbu nominatsiyada jamoadoshlari Eldor Shomurodov va Zabihillo O‘rinboev raqib bo‘lgani diqqatga sazovor. Bitta klubdan uchta futbolchi bunday nominatsiyada e’tirof etilishi katta futbolda kuzatilmaydigan hodisa.
Futzal mamlakatimizda o‘z muxlislariga ega. Futzal terma jamoamiz qit’a chempionatlari va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida bir necha bor sovrindorlar safidan joy olgani, 2016 yil kuzida jahon chempionatida ishtirok etganini faxr bilan esga olish darkor.
2018 yili 23 yoshlilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida terma jamoamiz ajoyib o‘yin namoyish etib, chiroyli g‘alabalar qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgandi. “Paxtakor” klubi bilan Hamdo‘stlik chempionlar kubogida g‘olib chiqqan Ravshan Haydarov oradan yillar o‘tib, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Xitoydagi Osiyo chempionatida zafar quchdi.
Ushbu chempionlik futbolimizdagi hozircha oxirgi yirik g‘alaba bo‘lib turibdi. Ammo ishonamizki, yanada yorqin xotiralar bilan eslaydigan g‘alabalarimiz hali oldinda.
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Fikrlar