Otabek Shukurov: "Hamma terma jamoaga yordam berishi kerak"

  • 20 noyabr, 2022, 19:49
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida O‘zbekiston hamda Rossiya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Mazkur bellashuvda jamoalar 0:0 hisobida durang o‘ynadi. 

Shu tariqa, Srechko Katanets shogirdlari bu safar nursiz durang qayd etdi. Ma’lumot o‘rnida, vakillarimiz 16 noyabr sanasida Qozog‘iston terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etgandi.

Ushbu bellashuvdan so‘ng Otabek Shukurov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib o‘tdi: 

- Sizningcha, o‘yin oxirida yuz bergan vaziyatda penalti bormidi?


- O‘yinni hamma ko‘rdi. Aniq bir nima deya olmayman. Adashmasam, o‘zim ham ozgina charchab qolganim uchun yiqildim. Biroq hakamni ko‘rdingiz, bizga birinchi taym ham, ikkinchi taym ham 5-6 ta vaziyatda fol bermadi. Bu o‘rtoqlik o‘yini. Hamma biladiki, Rossiya juda ham kuchli terma jamoa. Avvalambor, bunaqa o‘rtoqlik uchrashuvlari muxlislar uchun ham juda ham kerak. Birinchi bellashuvda g‘alaba qozonib, ikkinchi bahsda ham munosib qarshilik ko‘rsatdik. E’tibor qaratsangiz, tarkibimizda asosan yoshlar harakat qilmoqda. Shu kabi yoshlar bilan terma jamoa rivojlanadi. Ular baribir O‘zbekistonning kelajagi. Bir yil, ikki yildan keyingi katta turnirlarga tayyor bo‘lamiz, degan umiddaman. 

- Otabek har ikkala o‘yinda ham ikkinchi taymda biroz bo‘shashdik. Bunga nima sabab bo‘ldi?

- E’tibor qilgan bo‘lsangiz, orqada 5 ta bo‘lib o‘ynashga harakat qilyapmiz. Birinchi o‘rinda himoyani tartibga keltirishga harakat qildik. Ularga to‘pni berib, qarshi hujumda o‘ynab, vaziyatlar yaratayapmiz. Oldinlari biz to‘p bilan ko‘proq ishlashga uringanmiz, lekin bu kabi o‘yin orqali natijaga erishmaganmiz. Hozirgi murabbiy himoyada tartibli va qarshi hujumda harakat qilishga e’tibor qaratgan. Avvalambor, terma jamoani g‘alabasi muhim. Shuning uchun, bu kabi taktika tanlangan.

- Bir taym to‘liq jamoa sardori sifatida o‘ynadingiz. Buning ma’suliyati qanday?

- Terma jamoada kim sardor bo‘lsa ham buning o‘ziga yarasha masuliyati bor. Sababi, ortingizda butun bir xalq turadi. Buning ma’suliyatini his qilib o‘ynayapmiz. Maydonga asosiy tarkibda tushdimi yoki zahiradami, farqi yo‘q. Hamma terma jamoaga yordam berishi lozim. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!