O‘z uyida "mehmon" yoxud Superliganing ushbu turi tarixda qoladi...mi?

  • 31 oktabr, 2024, 09:11
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

31 oktyabr kuni Superliganing 23-turiga start beriladi. 3 noyabrga qadar davom etadigan tur uchrashuvlariga doimgidek qiziqish va e’tibor katta. Bu turda O‘zbekiston chempionatining joriy mavsumdagi chempioni rasman e’lon qilinishi mumkin.

31 oktyabr

18:15. “Paxtakor” – “Andijon”

“Sherlar” va “Burgutlar” o‘rtasidagi to‘qnashuvga qiziqish katta. “Paxtakor” o‘tgan turda safarda “Qizilqum”ga 2:0 hisobida yutqazib, muxlislarini ranjitib qo‘ydi. “Andijon” esa o‘tgan turda “Bobur arena”da “Olimpik”ni mag‘lub etib, ikkinchi davradagi ilk g‘alabasini tantana qildi. “Paxtakor” – “Andijon” o‘rtasidagi o‘yin haqiqiy jangga aylanishi tabiiy. Ikkalasini maqsadi g‘alabadan boshqa narsa emas.

1 noyabr

16:00. “Lokomotiv” – “Nasaf”

Bu “Nasaf” uchun tarixiy uchrashuvga aylanishi mumkin. Boisi, “Ajdarlar” “Lokomotiv”ni engsa muddatidan ilgari o‘z tarixida birinchi marta chempionlikni rasmiylashtiradi. Shuning uchun Ro‘ziqul Berdiev va uning jamoasi Toshkentda o‘tadigan uchrashuvda qanday bo‘lmasin uch ochkoni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomni qo‘lga kiritmoqchi. Favorit shubhasiz “Nasaf” va ularga bunday paytda ortiqcha motivatsiyani keragi ham yo‘q. 99 foiz chempionlikni naqd qilgan jamoa agar “Lokomotiv” bilan o‘yinda buni 100 foizga hal qila olmasa, balki keyingi uchrashuvda hal qilishi tabiiy. Lekin ushbu turda siz bilan biz “Nasaf”ni chempionligini ko‘rishimiz mumkin. “Lokomotiv” qanchalik qarshilik ko‘rsatarkin? Buni ham kuzatamiz.

18:15. “So‘g‘diyona” – “Surxon”

Jizzaxda yaxshi o‘yin bo‘ladi. Medallar uchun jiddiy kurashayotgan “So‘g‘diyona”ga g‘alaba har qachongidan zarur. Buning uchun Ivan Boshkovich jamoasi qaysar – “Surxon”ni engishi talab etiladi. Ammo bilamizki, Termiz jamoasi aslo osonlikcha engiladiganlardan emas. “Surxon” safarda albatta mezbonlarga haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘la oladi. Bu jamoani Jizzaxdan ochko bilan qaytishga salohiyati etarli. Bir-biriga o‘xshash jamoalar desak ham yanglishmagan bo‘lamiz. G‘alaba ishtiyoqida maydonda ayovsiz kurash kechishi aniq.

2 noyabr

15:00. “Olimpik” – “Navbahor”

Yosh “Olimpik” bu turda tajribali “Navbahor”ni qabul qiladi. Shubhasiz, nom va o‘yin bo‘yicha namanganliklar favorit. “Olimpik” ishtiyoq va shijoat evaziga nimadir qilishi mumkin. Agar ochko oladigan bo‘lsa ham bu endi ajablanadigan holat emas. “Navbahor” o‘z tajribasidan foydalanadigan bo‘lsa, g‘alabani ilib ketadi.

17:15. “Qizilqum” – “Dinamo”

“Paxtakor”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib kichik sensatsiya qayd etgan “Qizilqum” bu gal “Dinamo”ni qabul qiladi. Bilasiz, Samarqand jamoasi 22-turda Samarqandda “Nasaf”ni qabul qildi va oxirgi daqiqalarda “og‘zidagi osh”ni oldirib qo‘ydi. 1:0 hisobi yakunda 1:2 ga o‘zgarib ketdi. Jamshid Saidov jamoasi “Paxtakor”ni engish orqali potentsiali hamon yuqori ekanini ko‘rsatdi. Agar shu o‘yinini yana takrorlasa “Dinamo”ga ham og‘ir bo‘ladi.

3 noyabr

16:00. “Neftchi” -  “Bunyodkor”

Farg‘onada “Neftchi” “Bunyodkor”ni qabul qiladi. Turnir jadvalidagi xavfli zonadan uzoqlashish harakatida yurgan “Qaldirg‘ochlar”ni mehmonda jiddiy o‘yin kutayotgani bor gap. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, “Bunyodkor” ikkinchi davrada ancha qo‘shdi va endi raqiblariga muammolar tug‘diryapti. “Neftchi” ehtiyotkorlikni yo‘qotadigan bo‘lsa, Zeytullaev jamoasi kechirmasa kerak. O‘tgan turda OKMK maydonidan uch ochko bilan qaytgan “Neftchi” hozir yaxshi kayfiyatda.

18:15. “Metallurg” – OKMK

Qiziq, OKMK bu safar o‘z uyida mehmon rolida. “Metallurg” uy uchrashuvlarini OKMK stadionidan nominal mezbon sifatida foydalanib kelayotganini bilasiz. Bu turda esa “Metallurg” bilan OKMK bellashadi. Shuning uchun OKMK o‘z uyida mehmon, “Metallurg” esa Olmaliqda mezbon. Baribir bu shunchaki rasmiyatchilik. Mirjalol Qosimov jamoasi o‘z uyida muxlislari qarshisida to‘p suradi va favorit OKMK klubidir. Rosti, “Metallurg” pro ligaga tushib ketish uchun birinchi raqamli da’vogar. Jamoa ko‘rsatayotgan o‘yindan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, imkoniyati juda past. Ammo bu derbi. Agar OKMK raqib kuchiga etarlicha baho bermasa o‘ziga qo‘shimcha muammolar paydo bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Nuriddin Umarov
31/10/2024 19:49
Яхши забар