O‘zbek bokschilarini xushlamaydigan “nahang” promouterlar, raqibga azob berishni xohlaydigan Bektemir, Madrimovning hech kimga aytmagan sirli o‘tmishi va boshqalar haqida

  • 11 oktabr, 2019, 19:49
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

AQShning boksga ixtisoslashgan eng nufuzli nashrlaridan biri (pulli nashr albatta, axir bu Amerika!) Kaliforniyada faoliyatini davom ettirayotgan o‘zbekistonlik bokschilar haqida hujjatli film shaklidagi material tayyorladi. Bevosita voqealarni kuzatib o‘qib borgan talaba vatandoshimiz Jalol Ahmedov mazkur yirik maqolani bizga to‘liq tarjima ko‘rinishida taqdim etdi. Unda bokschilarimizning bosib o‘tgan yo‘llari, hali hech qachon, hech bir o‘zbek matbuotiga aytmagan gaplarini o‘qishingiz, AQShning katta-katta promouterlari nima sababdan amerikalikdan boshqa bokschilarni xushlamasligi haqida ham bilib olishingiz mumkin bo‘ladi. Quyida ushbu maqolani to‘liq mutolaa qilishingiz mumkin. (Maqolaning o‘zbekcha tarjimasi to‘liqligicha muallif va GoSport.uz internet-nashri mulki hisoblanadi.)

Tecno

Janubiy Kaliforniyaning adirlardan iborat tog‘lariga ulashib ketgan qumli sahrolaridagi etti qal’ani bir guruh chayir yigitlar zabt etish istagida ter to‘kmoqda.

Yoshligidan boshqalarga ozor bermaydigan (qo‘y og‘izdan cho‘p olmagan) ruhida tarbiyalangani uchun Markaziy Osiyodan chiqadigan bokschilar shu vaqtgacha AQSh professional ringlarida ikkinchi darajali ko‘rinishlarda namoyon bo‘lib kelishgan. Endi esa ular havaskor boksda qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlaridan ilhomlangan holda endi bu natijalarni yanada yuksaltirish niyatida professional boksning bir necha vazn toifalarida jahon chempionlik kamarlari sari shaxdam qadamlar bilan kirib kelishmoqda va bu orqali dunyoning kengroq miqyosda zabt etish istagidalar.

“Biz dunyoning istalgan bokschilariga qaraganda ko‘proq jonimizni berib ishlaymiz. Bizdagi kabi jamoa boshqa hech kimda yo‘q. To‘g‘ri, biz haqimizda ko‘pchilik hali yaxshi bilmaydi. Ammo biz professional boksda eng yaxshi janglarda ishtirok etishni istaydigan jangchilarmiz. Boshqalarga o‘xshab 15talab mag‘lub bo‘ladiganlarga qarshi 20 talab o‘tkinchi jang o‘tkazib, statistikasi orqali muxlislar qalbidan joy olmoqchi bo‘layotganlarga o‘xshamaymiz”, deydi asli o‘zbekistonlik 7ta jangdan so‘ng jahon chempionlik kamari uchun jang qilish huquqini qo‘lga kiritgan Batir Axmedov.

“Hozir bu ko‘zga tashlanmayotgan bo‘lishi mumkin, chunki biz ijtimoiy tarmoqlar ichida yashamaymiz, ammo keyingi bir necha oylar ichida barchamiz o‘zimiz uchun muhim janglarda g‘alaba qozonganimizdan keyin odamlar bizni taniy boshlashadi. Biz AQShga hordiq chiqarish uchun emas, o‘z ustimizda tinimsiz ishlab maqsadimiz, orzularimiz ro‘yobi uchun kelgan va bu borada dadil qadam tashlayotgan insonlarmiz”.

34 yoshli Rossiyalik Vadim Kornilov va uning yordamchisi Alik Frolov bu yigitlarning menejeri sifatida Andrey Ryabinskiy rahbarligidagi Rossiyaning “Mir Boksa“ (World of Boxing) promotouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolashlariga muvaffaq bo‘lishgan.

Bu iqtidorlarning professional boksda ko‘rinish berishiga dastavval Vadim Kornilovning 69 kilogramm vaznda Rio olimpiadasi kumush medali sohibi Shahram G‘iyosov (9-0, 7 KO) bilan deyarli tasodifan professional boksga o‘tish bo‘yicha kelishuvga erishishi ulkan turtki bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Bizning Shahram G‘iyosov bilan bo‘lgan kelishuvimiz o‘z navbatida u orqali boshqa o‘zbek bokschilarining ham kashf etilishiga sabab bo‘ldi. Men 10 yildan beri professional boks sohasidagi inson sifatida shuni aytishim mumkinki, AQShda professional boks juda rivojlangan va bu erdagi mashg‘ulot va sparringlarda orttiriladigan professional tajriba va ruhiy dalda vatanidan, uyidan uzoqda bo‘lgan bu bokschilar uchun juda zarur”- deydi Kornilov.

Kaliforniyaning Indio shahri bu yigitlar uchun sobiq bokschilar va hozirda murabbiylik faoliyatini olib borayotgan aka uka Joel va Antonio Diaslar qo‘l ostida mashg‘ulot olib borishlari va yashashlari uchun ideal joy sifatida tanlangan.

Kornilov ilk bora Diasni super engil (-63,5 kg) vaznda Ruslan Provodnikov va sobiq 2 vaznda jahon chempioni Timati Bredliga qarshi jangi uchun murabbiy sifatida yollaydi va bu jang 2013 yilda “Yil jangi” sifatida e’tirof etiladi. Keyinchalik Dias o‘z “qanoti” ostiga olgan saviyali havaskor bokschilar oldingilaridan ko‘ra mutlaqo o‘zgacha edi.

“Bu yigitlar mutlaqo o‘zgacha va kamtar. Ular bizga (meksikaliklarga) kamtarlik nuqtai nazaridan o‘xshab ketadi deb hisoblayman. Ular jahon chempioni bo‘lish uchun o‘z uylari va yaqinlaridan uzoqda bo‘lishlariga majbur bo‘lmoqda, ammo shunga qaramasdan ular hech qachon shikoyat qilishmaydi, bu erni o‘z uylaridek ko‘rishadi” deydi Dias.

G‘iyosovdan tashqari yana bir iste’dodli o‘zbek bokschilaridan biri Murodjon Ahmadaliev (7-0, 6 KO) o‘zining ettinchi jangidayoq ikkinchi yarim engil (-55,34 kg) vaznda rasmiy da’vogar sifatida WBA va IBF yo‘nalishi chempioni Daniel Romanga qarshi jangini 13-sentyabr kuni o‘tkazishi lozim edi. Ammo Daniel Romanning o‘ng elkasidagi jarohati tufayli jang qoldirildi.

“Roman bu jangi istayotganiga shubham bor, ammo ular bizga dekabrda mazkur jang tashkil qilish muammo bo‘lmasligini aytishmoqda”,- deydi Kornilov.

Roman bosh tortgach, o‘sha kuni Ahmadaliev reyting jangida Uilner Sotoga qarshi jang o‘tkazib, 4-raundda raqibi ustidan nokaut evaziga g‘alaba qozondi.

Super yarim o‘rta (-69,85 kg) vaznda 4 ta jang o‘tkazib (ularning barchasi 10 raundlik) va barchasida nokautli g‘alabalar seriyasini davom ettirayotgan Isroil “The Dream” Madrimov ham boks jamoatchiligi nazariga tushgan. U so‘nggi jangida 5-oktyabr kuni Nyu-York shahridagi “Medison Skver Garden”da qozog‘istonlik Gennadiy Golovkin va ukrainalik Sergey Derevyanchenko o‘rtasidagi IBF va IBO kamarlari uchun kechgan jangning asosiy to‘qnashuvlaridan birida meksikalik Alexandro Barrerani texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratdi.

Joriy yilning ikkinchi qismida ularning safi yanada kengaydi. Yoshligidan ajdodlaring temirchi hunarmandlik kasbi orqali mehnatda qotgan ismi “Temir Odam” ma’nosini anglatuvchi Bektemir “Bully” Meliqo‘ziev (2-0, 2KO) va 2016 yil Rio olimpiadasi chempioni o‘zining professional debyut jangidayoq jahon chempionlik kamari uchun ringga chiqishi kutilayotgan yana bir iste’dod egasi Hasanboy Do‘stmatov ham ularga kelib qo‘shildi.

“Bizga bu yigitlarni olib kelishganida ularning qanday darajada ekanliklarini ko‘rdik. Men Antonioga: “Qadrdon, endi bizni elkamizda ulkan tog‘ paydo bo‘ldi“, dedim. Bu juda katta mas’uliyat edi va biz ularning lozim bo‘lgan darajaga olib chiqishimiz shart edi. Juda ko‘p ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Mashg‘ulotlardan uyga juda holdan toygan kuyi qaytardik…”, deydi Dias.

Ryabinskiy yangi kelib qo‘shilgan iste’dodlar evaziga yaqin 2 yilda chempionlik kamarlariga egalik qilish orqali o‘z kompaniyasini jahon brendi darajasiga olib chiqishni ko‘zlamoqda. Shu bilan birgalikda, bu bokschilar bilan ularning ona vatani O‘zbekistonda ham boks kechalarini tashkil etishni va’da qilgan.

“Bizning maqsadimiz bokschilar uchun nimaiki yaxshi bo‘lsa bajarish va ular so‘rayotgan barcha sharoitlarni yaratib berish. Ko‘p hollarda jahon chempionlarini tarbiyalash uchun millionlab mablag‘larni sarflashga to‘g‘ri kelishini yaxshi bilamiz, ammo biz boksdan zavq olamiz va umid qilamanki, yosh atletlarga yordam berishdek xayrli yumushdan hech ham charchamaymiz” deydi “Mir Boksa“ rahbari Ryabinskiy

Ryabinskiy va Kornilov oldinroq bir necha rossiyalik bokschilar bilan yaxshi natijalarga erishadi. Ruslan Provodnikov, Dmitry Pirog, Denis Lebedev, Aleksandr Povetkin va ukrainalik Viktor Postollar shular jumlasidan. Hozirda esa ularning katta umidlaridan biri bo‘lgan yarim og‘ir (-79,34 kg) vaznda WBA chempioni Dmitriy Bivolga ham AQShlik boks ishqibozlari va ekspertlar e’tibori oshib borishidan umidvorlar.

Bivol (16-0, 11 KO) yosh o‘zbek qahramonlarimizdan uzoqroq Los-Anjeles shahrida mashg‘ulotlar o‘tkazsada, o‘z janglarida ketma-ket kuchli bokschilarga “dars berayotganliklari” va o‘zlari uchun AQSh boks marketingida yaxshigina gonararli qiziqarli janglar o‘tkazayotganliklari bilan o‘zaro uzviy bog‘liqliklari bor.

Xususan, Bivol 2018 yil 24 noyabr oyidagi HBO kanalining oxirgi translyatsiyasi orqali tashkil qilingan boks oqshomida ko‘ngilli ravishda ishtirok etib Jan Paskal ustidan g‘alabaga erishadi va o‘z hamyonini 1 million dollarga boyitib oladi va ushbu vazndagi taniqli chempionlar Sergey Kovalyov, Oleksandr Gvozdik, Artur Beterbievlar orasida o‘z o‘rniga ega ekanligini isbotlab berdi.

Ammo, Bivol so‘nggi uchta jangida ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi va bu hujumkor boksni, nokautlarni yaxshi ko‘radigan auditoriyani e’tiborini torta olmasligi tabiiy.

“Nokaut yo‘qmi? Sening janglaring haqida hech kim gapirmaydi. Boks bilan aloqador insonlar jang tempi past va nokaut ehtimoli kam bo‘lgan janglarga toqatlari yo‘qligini yashirib o‘tirmaydi. Taqqoslash uchun super yarim engil (-58,97 kg) vazn chempioni Tevin Farmer va o‘rta vazn (-72,6 kg) chempioni Demetrius Andrade, ikkalasi ham amerikalik chempionlar ammo men televizorni yoqsam va Tevin Farmer jangi bo‘layotgan bo‘lsa, o‘ylab o‘tirmay boshqa kanalga o‘zgartiraman”, – deb fikrini davom ettiradi Dias.

Kornilov esa bokschilarning qaerdan kelganliklari va millati bilan bog‘liq ma’lumotlarga hech qanday e’tibor bermasligini yashirib o‘tirmaydi. “Agar ular qarshisiga qo‘yilgan raqiblarini birin-ketin mag‘lub etaverishar ekan, boks ommasi e’tiborini ham o‘ziga jalb etishaveradi. Har kimning o‘z uslubi va potentsiali bor”, – deb davom etadi Kornilov. “Umid qilamizki ular barcha kamarlarga ega chiqishadi. Albatta, bu aniq, deb ayta olmaymiz, axir bu boks. Ammo jamoa bilan bir yoqadan bosh chiqarib ishlash va tinimsiz mehnat orqali albatta katta natijani ko‘zlash mumkin”.

Dias ayniqsa Ahmadalievning ikkinchi yarim engil vazn chempioni Roman bilan bo‘ladigan jangidagi imkoniyatlarini yuqori baholamoqda. Va bu jang Murodning faoliyatidagi eng osonlaridan biri bo‘lishiga ishonmoqda.

Yulduz bokschilar ham nega AQShda yo‘qolib qolishadi?

Turli hil davlatlardan keluvchi va o‘zga tilda gaplashuvchi bokschilar uchun Amerika boks ommasi ko‘ngliga yo‘l topish biroz mushkulroq. Ular e’tiboriga tushish va o‘z nomini tanitish esa bokschilar uchun o‘zgacha qiyinchilik tug‘diradi.

“Agarda sen shu (ingliz) tilda gapirmas ekansan, sen uchun boshqalarda qiziqish uyg‘otish juda qiyin jarayon”, – deydi bu muammoga bevosita duch kelgan va 3 vaznda jahon chempioni ukrainalik Vasiliy Lomachenko va Oleksandr Gvozdiklarning ommaga tanitgan Top Rank rahbari Bob Arum. “Qachonki qo‘l ostingizda super engil vazn toifasining 2 yo‘nalish (WBC va WBO) chempioni Frensodan, asli meksikalik Xose Ramires va yarim o‘rta vazn toifasining WBO yo‘nalishi chempioni omahalik Terenc Krouford kabi bokschilarimiz bor ekan, biz ularga o‘z uylarida, muxlislari qarshisida bo‘lish uchun imkoniyat yarata olamiz. Bu bolalar esa (bizning qahramonlarimiz) qanchalik kuchli bo‘lishiga qaramasdan ularning Amerikada o‘z “uylari“ yo‘q. Faqat ularni qo‘llab-quvvatlaydigan aniq bir hudud jamoasi yo‘q”, deya so‘zini tugatgan Arum. (Tahririyatdan: Fazliddin G‘oibnazarovning nega profi boksda omadi yurishmayotgani sababini tushungandirsiz. Sen ming iqtidorli bo‘lma promoutering senga ishonmasligini ochiqchasiga aytib o‘tirsa, iqtidoringdan ko‘ra, unga pul, auditoriya muhimroq bo‘lsa dodingni kimga aytasan. Ma’lumot uchun Arum G‘oibnazarovning promouteri sanaladi.)

Yana bir promouter, Bahodir Jalolov janglarini tashkil qilib beruvchi Lou Dibella ham shu narsani e’tirof etib, nomdor va mashhur bokschilar Nyu Orlean shahridan Rejis Progres, Bob Arum qo‘l ostidagi Krouford, Dallas shtatidan Errol Spenc va superog‘ir vazn chempioni Alabama shtatidan Deontey Uaylderlar ham ayni mana shu jabhada Markaziy Osiyo yoki Sharqiy Evropadan kelgan bokschilardan doim ustun ko‘rilishini ta’kidlab o‘tgan.

“Ingliz tili tilida gapira olmaydigan bokschilar bilan aloqa o‘rnatish va ko‘rsatmalar berish o‘z fikringni va nimani his qilayotganingni etkazib, berish qiyin. Bundan tashqari ismini ingliz tilida talaffuz qilishda muxlislar va hattoki jurnalistlar qiyinchiliklarga duch keluvchi bu bokschilar bilan ishlash uzoq yo‘l bosib o‘tishni talab qiladi. Bu juda murakkab yo‘l. Agar qo‘l ostingdagi yigit juda ham iqtidorli bo‘lsagina, unga bo‘lgan talab yuqori bo‘lishidan umid qilsang bo‘ladi”-deydi Lou Dibella.

Bob Arum esa amerikaliklar promouterlar o‘zlarining bokschilari uchun e’tiborli bo‘lishlari lozim degan fikrni ilgari suradi.

“Agar sen Top Rank kabi katta promouterlik kompaniyasiga ega bo‘lsang, butun dunyodan talantlarni qo‘l ostingga jalb qilishing kerak. Xo‘sh, men faqat sharqiy evropalik yoki osiyoliklar bilan ishlab foyda qila olishim mumkinmi? Albatta yo‘q”, deydi u.

Bu bahsli tortishuvda aka-uka Diaslarning fikri esa aksincha. Ular bokschining kelib chiqishi — markaziy osiyolik bo‘ladimi yoki boshqa hududdanmi — ringdagi jang vaqtida bu kam ahamiyat kasb etadi deb hisoblashadi. Isbot sifatida avgust oyida Meksikada bo‘lib o‘tgan boks oqshomida Shahram G‘iyosov sobiq jahon chempioni Darles Peresni butunlay begona joylarda 41 soniyada nokautga tushirganini eslashadi.

O‘sha vaqtda murabbiylar muxlislarning unga bo‘lgan munosabatini kuzatadi. Shahram ringni tark etishi bilan muxlislarning unga bo‘lgan iliq munosabati va esdalik uchun suratga tushishi, avtograf so‘rashlaridan borgan sari unga bo‘lgan e’tibor ham kuchayib borayotganini sezish qiyin emas edi.

Kuchli raqib orqali WBA reytingida G‘iyosovning pozitsiyasini yaxshilashga umid qilgan va bu orqali o‘ta jiddiy qarama-qarshilik kutib tavakkal qilgan menejerlar Kornilov va Alik Frolov 41 soniyalik nokautni tabassum va mamnuniyat bilan kuzatar ekanlar, qahramonlarimizga bo‘lgan ishonchlari ham tobora oshib borayotgan edi.

“Biz ikki meksikalik aka-uka murabbiylar tayyorlayotgan, kuchli bokschilarga bemalol qarshilik ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan jangchilardan iborat jamoang bor ekan, bu ko‘p narsadan dalolat beradi” – deydi Dias.“Dahshatli nokautlar bilan ketma- ket va davomli g‘alabalar, ayni muxlislar ko‘rishni xohlagan holatlardir. Bu albatta ommaning shov-shuvli va ijobiy fikrlariga sabab bo‘ladi. Men Meksikadagi boks kechasida hali jang boshlanmasdan ring oldidagi ikki inson so‘zlashayotganlariga e’tibor berdim. Ular “G‘iyosov juda ajoyib jangchi bugun biz uning ijrosida nokaut ko‘rsak“ deb fikr bildirishmoqda edi. Albatta murabbiy sifatida shogirding haqida bunday fikr eshitish juda yoqimli ekan.

“Ha aynan shu joyida ularga eng kerak bo‘lgan yagona narsa bu reklama”

Balki hozirgacha Indiodagi bu jamoa juda tanilib ulgurmagan bo‘lishi mumkin. Ammo Diasning aytishicha, Meliqo‘ziev, Ahmadaliev, G‘iyosov kabi iste’dodlarning Ayniqsa Murodjonning chempionlik jangidan so‘ng ularni yaxshi taniy boshlashadi. Shu bilan birgalikda murabbiy Isroil Madrimovni hozirning o‘zida super yarim o‘rta vaznidagi WBO chempioni, hozirda uni vakant qo‘yib o‘rta vaznga o‘tishni ko‘zlayotgan engilmas Xayme Mungiyani ham mag‘lub etishga tayyor, deb hisoblaydi.

Ular o‘zlarini sekin asta tanitib borishmoqda. Ular yarq etib ko‘zga tashlanishganda, odamlar “jin ursin, bu bolakaylar kim bo‘ldi“, deb bir-birlariga savol berib qolishadi. Bu sport turida hammasi mana shunday sodir bo‘ladi. Har bir bokschi mashhurlikka erishishi uchun boshqa bir mashhur nomni mag‘lub etishi shart”, deydi meksikalik murabbiy.

O‘zbek bokschilari haqida siz bilmagan haqiqatlar

2016 yilgi Olimpiada bronza medali sovrindori bo‘lgan Ahmadalievning darhol boks ekspertlari e’tiborini tortishi, promouterlari tomonidan tabiiy holat sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbekistondagi oddiy bir qishloqda Madrimov singari uch opa-singillaridan keyin eng kichik farzand bo‘lgan Ahmadaliev 11 yoshida maktabdan so‘ng yozgi ta’tilda karuselda xizmat ko‘rsatuvchi sifatida ishlagan va olgan ish haqini boks qo‘lqoplari va poyabzallarini sotib olish uchun ishlatgan.

Keyinchalik u sport maktabiga qatnay boshlaydi. Murodjon yillar davomida havaskor boksdagi nufuzli musobaqalarda 350 jang o‘tkazib bu bahslarda tajriba to‘plab, toblanib boradi.

“Men havaskor boksda yillar davomida qo‘limdan kelgan barcha marralarni zabt etdim. Hozir men boshqa cho‘qqini ko‘zlaganman. Maqsadim shunchaki jahon chempioni bo‘lish emas, balki bir necha yo‘nalishlarda, bir necha vazn toifalaridagi chempionlik kamarlarini birlashtirish” – deydi Ahmadaliev. “Roman bilan bo‘ladigan jangim shunchaki men uchun boshlanishi. Yangi cho‘qqi uchun tashlangan ilk qadam. Bu jangni tezroq bo‘lishini va odamlar menga o‘zgacha nigoh bilan qarashlarini juda xohlayapman”.

Qahramonlarimiz ichida ham ochiqko‘ngil, ham “bezorisi” super yarim o‘rta vazn toifasida uchinchi jangidayoq boks olamini larzaga keltirish arafasida turgan Bektemir Meliqo‘zievdir. Meliqo‘ziev so‘nggi marta 30 avgust kungi ikkinchi jangida ham xuddi birinchisi kabi raqibini 1-raundda jigariga berilgan kuchli zarbasi orqali ringga qulatadi. U atigi 23 yosh bo‘lishiga qaramasdan shu vaqtgacha havaskor boksda o‘tkazgan 350 ga yaqin janglaridan 180 tasida raqiblarini 3 raundga olib bormay nokautga uchratgan. Shu bilan birgalikda Meliqo‘ziev 2016 yilgi Rio olimpiadasi boks musobaqalari kumush medal sohibi hamdir.

Meliqo‘ziev o‘zining tarbiya topish jarayonlari haqida tushuntirarkan “juda qattiqqo‘l“ muhitda o‘sganini aytadi. Uning otasi o‘qituvchi va onasi shifokor bo‘lib ishlashini aytayotganida, tarjimonlik qilayotgan Frolov bizga vaziyatni tushuntirishga urinadi: “Bu O‘zbekistondagi nisbatan kambag‘al oilalar hayoti. Ikki murakkab kasb egalari“, deya qo‘shimcha qiladi

Bektemirning otasi o‘g‘lini taniqli sportchi bo‘lishini orzu qilar edi. Bektemir yoshligida akalari va boshqa o‘zidan katta bo‘lgan qo‘shni bolalar bilan mushtlashishini ko‘rib unda o‘ziga xos iqtidor borligini, sportning boks turi u uchun ayni mosligini tushunib etishadi.

Qishloq joylaridagi sharoit va sport zallari muammo bo‘lgani uchun, uni dastavval mahalliy ochiq maydonlarda mashg‘ulot o‘tkazuvchi karate murabbiyiga shogird qilib berishadi va o‘sha erda dastlabki mashg‘ulotlarini olib boradi.

“Shuning uchun ham mening zarba yo‘llash texnikam boshqacharoq. Men 15 yoshimdayoq boks boyicha O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgandim va shundan so‘nggina men maktabga qarashli zallarning birida tayyorlana boshladim”.

Oilasidagi ota bobolaridan qolgan temirchi hunarmandlik ta’siridadir balki uning bilaklari tabiiy yirik va baquvvat. Shu bilan birgalikda yoshligidanoq temirchilik hunari orqali mehnat qilib yanada pishadi.

“Bizning gavda tuzilishimiz mehnat orqali shunday. Mening bilaklarim ham temirchi hunarmand naslimizdan kelib chiqqan tabiiy shunday ko‘rinishda”- deydi Meliqo‘ziev. “Meni “Bully” deb atashlari faqatgina tabiatdan “bezori”ligim bilan bog‘liq emas, balki buldogga o‘xshash ko‘rinishim uchun ham shunday deyishadi. Men bunday kuch qaerdan kelishini bilmayman. Ammo har doim jang qilgan raqibimni ag‘darmay qo‘ymaydigan, unga og‘riq bermasdan to‘xtamaydigan “bezori”man. Raqiblarim jonini og‘ritishni yoqtiraman. Men ular ustidan shunchaki emas, nokaut bilan g‘alaba qozonishni xohlayman. Men raqiblarimni og‘riq his etishga majbur qilganimda, nokaut qilganimda tabassum qilishni xush ko‘raman. Yo‘q men odamlarning joni og‘rishidan quvonmayman, shunchaki bu mening ishimning bir qismi ekanligidan. Agar ringda sizga raqib bo‘lsam, men u erda sizga azob berish uchun chiqaman. Bu mening ringdagi vazifam”

Bu sahro jangchilari promouterlari va shu vaqtgacha bo‘lgan taassurotlaridan shuni anglashdiki, AQShda boks ishqibozlarini e’tiboriga tushish va o‘ziga jalb etish uchun Meliqo‘zievga o‘xshagan “vayronkor” bo‘lish talab qilinadi. Shu bilan bir qatorda xushmuomala va shu vaqtgacha bosib o‘tgan qiyinchiliklarini qo‘rqmay oshkora ayta olish xislatiga ham ega bo‘lishlari kerak.

Ularning har birida Indioga etib kelishlariga qadar bosib o‘tgan noyob yo‘llari bor. Ular turli sharoit va qiyinchiliklarda tarbiya topishgan bo‘lsada, bu sahro bag‘rida ham jamoadosh, ham vatandosh sifatida o‘zlari uchun qulay sharoitni yaratib birga yashab kelishmoqda.

Ular issiq qumli sahroda uzoq masofalarga yugurib, qat’iy tartibdagi qiyin yuklamalar orqali murabbiylari bilan mashg‘ulotlar olib borishadi, Ular butun dunyoga kim aslida tezroq o‘zlarini namoyon qila olishini isbotlashga chog‘langan. Ammo kareralari ularni qay manzilga etaklamasin, ular asli vatanini, qaerdan kelganliklarini hech qachon unutishmaydi.

Isroil Madrimov O‘zbekistonning yozda Indio sahrosidagi kabi jazirama issig‘i, bahorda iliq, qishda esa izg‘irin sovuq ob-havoga ega bo‘lgan qishloqlaridan birida tavallud topgan.

Madrimov havaskor boksda 330 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, bu janglarda o‘zining kuchli zarbasini va etuk texnikasini shakllantirib boradi. Uning ikki qo‘lida ham birdek kuchli zarbalari sabab hozirda o‘zining eng yoqtirgan bokschisi va oxirgi janglarida hamkor sifatida ham ishlagan “yangi Golovkin” deya e’tirof etilmoqda.

“U men uchun yorqin yulduz”, – deydi Madrimov qachonlardir unchalik tanilmagan va hozirda afsonaga aylangan qozog‘istonlik Gennadiy Golovkin haqida. Ularning ikkovi ham oxirgi ikki jangida AQShda “Medison Skver Garden”dagi bir kechada ringga chiqib, raqiblarini mag‘lub etishdi. “Men u kabi mashhurlikka erishish uchun Xudoim to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishiga ishonaman va shu yo‘ldan borishga tayyorman. Men boksda va sportda birinchi raqamli bo‘lishni xohlayman. Bu haqiqiy jentelmenlar sporti”.

“Boksdagi taxallusim “The Dream”— orzu, ammo bu mashhurlikka erishish yoki pul topish orzusi emas. Orzu bu oilam bilan yaxshi sharoitda bo‘lish. Mening chin orzuim oilam quvonchini va onamning yuzidagi tabassumni ko‘rish” – deydi Isroil. “Men uchun hayotimdagi eng muhim narsa bu — onamning tabassum qilishi. Onam tabassum qilganida o‘zimni juda baxtiyor his etaman. Men 14 yildan beri boks bilan shug‘ullanaman, ammo hamon men orzuimdagi yuqori darajaga erishganim yo‘q. Ammo qaerlik ekanligim va menga yordam qo‘lini cho‘zayotganlar ishonchini his qilgan holda aytamanki, men bu yo‘lda hech qachon taslim bo‘lmayman.

“Hozir qilayotgan ishimni to‘xtatmayman. Biz shu yo‘lni tanladik va ortga qaytish uchun yo‘l yo‘q”.

Jalol Ahmedov tayyorladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!