
O‘zbekiston (U 14) chempionati finalida: "Atletiko" Madrid "Manchester Siti" bilan to‘qnash keladi?!
Ochig‘i, o‘yinlarga prevyu yozishni u qadar xush ko‘rmayman, lekin bugun jazm etdim. Bunga etarlicha sabab bor. Bir necha soatdan so‘ng, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining final o‘yini boshlanadi. Ushbu bahs oldidan, o‘z fikrlarim bilan o‘rtoqlashgim keldi. Har holda, futbolimizning ertangi egalari haqida so‘z bormoqda...
"Xorazm" - "Atletiko Madrid"
O‘xshatish biroz mubolag‘adek ko‘rinish mumkin, ammo "matraschilar" bilan bugungi "Xorazm"ning o‘xshash tomonlari etarlicha. Jamoa bosh murabbiyi - Abror Qilichevga jamoasini "Atletiko"ga o‘xshashini aytganimda, u kulib qo‘ya qoldi. Vaholanki, Diego Simeone singari, Qilichevning ham jamoasiga ruhiy dalda bera olishiga o‘zim guvoh bo‘ldim. "Paxtakor" bilan bo‘lgan yarim final uchrashuvida, Abror deyarli o‘rnida o‘tirgani yo‘q. U o‘yin so‘nggiga qadar ko‘rsatma berishdan to‘xtamadi. Penaltilar seriyasiga kelgach, yigitlarini atrofiga jamlab, aytgan so‘zlari meni ham hayajonga soldi desam, yolg‘on gapirmagan bo‘laman.
"Sizlar bilan faxrlanaman. Endi nima bo‘lishi muhim emas, shunchaki chiqing va kuchli zarba yo‘llang. Boshqasi muhim emas. Asosiysi, "Paxtakor" bizdan kuchli emasligini isbotlab bo‘ldingiz. "
Tinimsiz, ularni oldinga chorlayotgan, joyi kelganda keskin koyib berayotgan murabbiyidan bunday iliq so‘zlarni eshitgan xorazmlik yosh futbolchilar lotereyada g‘olib chiqib, finalga yo‘l oldi. Barcha g‘alabani nishonlayotgan bir paytda, Abror Qilichev ko‘rinmay qoldi. E’tibor berib qarasam, 70 daqiqa shogirdlarini ayamagan mutaxassis ko‘z yoshlarini berkitish uchun stadion chetiga qarab chayqalgancha ketmoqda. To‘g‘risi, bu kadrlar xotiramda abadiy qoladi. Ko‘p o‘tmay, hissiyotlarini jilovlab olgan murabbiy ortga qaytdi va barchani shogirdlarini bag‘riga bosdi. Qattiqqo‘l ustozining ko‘z yoshini ko‘rgan boshqa bolalar ham yig‘lab yubordi.
Mayli, ta’sirli voqea o‘z yo‘liga. Nega aynan "Atletiko" Madrid? Bunday o‘xshatishga etarlicha asos mavjud. "Xorazm" turnir davomida o‘z darvozasidan eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoa. Musobaqa davomida birorta klub ularga 1 tadan ortiq gol urishni uddalay olmadi. Favorit - "Paxtakor" 1 ta golni ham ura olmadi. Buning asosiysi sababi himoyachilarga bog‘liq. Abror Qilichev, boshqa murabbiylar singari 4-3-3 sxemasidan umuman foydalanmaydi. Kuchliroq raqiblarga qarshi 5-2-3-1 sxemasi to‘liq ish berdi. Gap birgina sxemada emas. "Xorazm" jamoasida etakchi futbolchining o‘zi yo‘q. Barcha bir maqsad sari intilgan. Jamoa kombinatsiyalar uyushtirishda, pozitsion hujumda, tezkor qarshi hujumda oqsaydi, ammo buning o‘rnini kuchli ishtiyoq, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch va metin iroda to‘ldirib ketadi. Aynan shu aspektlardagi ustunlik boshqa kamchiliklarga parda tutishga qodir. Soddaroq qilib aytsak, "Xorazm" ochiq futbol o‘ynamaydi va raqibga ham bunday imkoniyatni taqdim etmaydi. Mayda foullar, kuchli pressing, yaxshi jismoniy tayyorgarlik, oldindan ishlangan standartlar, murabbiy uchun maydonda "jang" qiladigan futbolchilar. Aynan shu ustunlik ularni finalga qadar etib kelishini ta’minladi.
"Odil Junior" - "Manchester Siti"
Tan olish lozim, bu o‘xshatishim ham sizning biroz g‘ashingizni keltirgani rost, lekin shoshmang! Argumentlarimga quloq soling! Biroz xayolot olamiga sayohat qilib ko‘ramiz.
Butun turnirni kuzatgan muxlis sifatida aytishim mumkin-ki, o‘yin sifati, yosh futbolchilarining intellekti, kombinatsiyalar davomiyligi, maydonni ko‘ra olish borasida "Odil Junior" yoshlari qolgan raqiblaridan ancha ilgarilab ketgan. Ayniqsa, "Paxtakor" bilan guruhdagi bahs so‘zimga bemalol isbot bo‘la oladi. Jamoa murakkab ahvolda qolishiga qaramay, "sherlar"ni 5:3 natijasida mag‘lubiyatga uchratib, pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Bosh murabbiyi - Zayniddin Tojiev haqida ortiqcha ta’rif berishning hojati yo‘q. Futbolimiz afsonalaridan biri bugungi kunda murabbiylik sohasida yaxshi yutuqlarga erishmoqda. U tuzgan jamoa turnir davomida boshqalardan ajralib turgani rost. Keling, qaysi aspektlarda "Odil Junior" eng yaxshi jamoa ekanligini ko‘rib chiqamiz.
Birinchi navbatda, shakllangan jamoaviy o‘yin. Chiziqlar o‘rtasidagi bog‘lamlar, qanot vingerlarining o‘yinga ta’siri va yosh futbolchilarning maydonni a’lo darajada ko‘ra olishi menda juda ham iliq taassurot qoldirdi. Odil Junior butun turnir davomida to‘pni o‘zida eng ko‘p ushlab turgan jamoaga aylandi. Hatto, "Lokomotiv"ga boy berilgan o‘yinda ham ular maydonda yaxshiroq to‘p surishgani ko‘zga tashlanib turdi.
Pley-off bahslarida klass darrov ko‘zga tashlandi. "Navbahor" va "Nurafshon" bilan bahslarda Tojiev shogirdlari raqibdan 2 bosh baland ekanligini yaqqol sezilib qoldi. E’tiborlisi shundaki, "Odil Junior" tanlagan uslub "Manchester Siti"niki bilan o‘xshash. Ikkisi ham to‘p nazorati va vingerlarga suyanib hujum qiladi. Boz ustiga, Tojiev boshqarayotgan jamoada to‘liq ikkita tarkib mavjud. Zahiradan maydonga tushgan yosh futbolchilar bir-biridan umuman farq qilmaydi. O‘ylashimcha, turnirdagi eng kuchli zaxira o‘rindig‘iga ega jamoa (xuddi "Manchester Siti" singari) so‘zsiz "Odil Junior"! Musobaqa davomida tanlagan o‘yin uslubi bobida hech bir jamoa ular bilan bahslasha olmaydi. Soddaroq qilib aytsak, O‘zbekiston (U 14) chempionatining tom ma’nodagi "Manchester Siti"si!
P.S
Bunday sarlavha prevyu ko‘proq o‘qilishi uchun qo‘yilgan, deb o‘ylamang. Shunchaki, ko‘zida olov ko‘rinib turgan bolalar bunga loyiq, deb hisobladim. Yana oz-moz fantaziyani ham ishga solganimni tan olaman. Imkoningiz bo‘lsa, Toshkentdagi Chig‘atoy stadioniga albatta tashrif buyuring. O‘zimizning "Atletiko" va mahalliy "Manchester Siti" bahsini o‘tkazib yubormang.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar