
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi yana bir raqibi e’lon qilindi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan o‘tkazadigan yana bir o‘rtoqlik uchrashuvidagi raqibi aniq bo‘ldi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ma’lum qilishicha, Timur Kapadze shogirdlari bo‘lajak musobaqa oldidan Yangi Zelandiya bilan kuch sinashadi.
O‘yin 18 iyul kuni Nitsa shahrida bo‘lib o‘tadi. Bungacha jamoamizning 7 va 10 iyun kunlari Toshkentda Mali bilan 2 ta o‘rtoqlik bahsini o‘tkazishi ma’lum qilingan edi.
Bundan oldinroq, Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo kubogi finalidagi ishtiroki va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani haqida fikr bildirib o‘tgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Timur Kapadze boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiadada "C" guruhida bahs olib boradi. Ushbu guruhda terma jamoamizdan tashqari Ispaniya, Misr va Dominikan Respublikasi terma jamoalari joy olgan. Terma jamoamiz musobaqadagi ilk uchrashuvini 24 iyul kuni Ispaniyaga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv Parijdagi mashhur "Park de Prens" stadionida bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar