"O‘zbekistonda o‘ynashni boshlaganimdayoq yigitlar menga derbilar haqida gapirib berishgan" - "Andijon" legioneri "Navbahor" haqida nimalarni aytdi?

  • 11 aprel, 2023, 22:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu yil Superligamizda faoliyatini ilk bor boshlagan legionerlardan biri ukrainalik darvozabon Igor Litovka sanaladi. 1988 yilda tavallud topgan posbon Ukraina chempionatida faoliyat olib borgan va o‘ziga yarasha nom qoldira olgan.

Tecno

Litovka “Andijon”da o‘zini ko‘rsatishga harakat qilayotgani bor gap. Lekin o‘tgan safar Farg‘onadagi vodiy derbisida uning jamoasi “Neftchi”ga mag‘lub bo‘ldi va Igor o‘z darvozasidan ikkita to‘p olib chiqdi. Ushbu o‘yindan so‘ng Litovkaga ayrim savollar bilan murojaat qildik.

- Igor, “Andijon”ning “Neftchi”ga mag‘lubiyatga uchrashining asosiy sababi nimada deb o‘ylaysiz?

- Sababi nimada? Sababi shundaki, o‘yin uchun o‘ylagan rejamiz ish bermadi. To‘g‘ri, 2-taymda ancha yaxshi to‘p surdik va o‘yinni qutqarib kolishimiz mumkin edi. Biroq yuzaga keltirgan vaziyatlardan samarali foydalana olmadik. Endi biror narsani o‘zgartirishning iloji yo‘q.

litovka4

- Bizda vodiy derbilari juda shiddatkor va keskin tarzda o‘tadi. Ayting-chi, bungacha ushbu derbi xususida nimalarni bilardingiz?

- Bu erda o‘ynashni boshlaganimdayoq yigitlar menga derbilar haqida gapirib berishgan. Ular menga vodiy jamoalari o‘rtasidagi derbilar doim keskin, murosasiz ruhda kechishini aytgandilar. O‘z navbatida bunday to‘qnashuvlar muxlislarga juda yoqishini aytib o‘tish shart bo‘lmasa kerak. Bunday mahalda stadionda yuzaga keladigan muhit esa futbolchilarni ruhlantirib yubormasdan qolmaydi.

- “Andijon”ni oldidan yana bir derbi kutyapti. Ketma-ket ikki marta vodiy derbisida o‘ynash o‘ta qiyin bo‘lsa kerak-a?

- Ha, bizni oldinda navbatdagi derbi kutib turibdi. Aytishim kerakki, bu mavsumdan farqli ravishda “Navbahor” o‘shanda chempionlik uchun oxirigacha kurashgan. Ketma-ket 2 ta derbi... Haqiqiy professional sifatida navbatdagi bellashuvni yaxshiroq o‘tkazishga harakat qilamiz.

litovka6

- Nima deb o‘ylaysiz, “Navbahor” “Neftchi”ga qaraganda kuchliroqmi yoki...

- Kim kuchliroq: buni aytish mushkulroq. Chunki o‘tgan mavsumda “Navbahor” chempion bo‘lishi ham mumkin edi. “Neftchi” esa o‘rnini yo‘qotmaslik uchun kurashgan. Bu safar boshqacha holatning guvohi bo‘lyapmiz. To‘g‘ri, “Navbahor” oxirgi o‘rinlardan birida borayotgani yo‘q, ammo “Neftchi”dan farqli ravishda klub tez-tez ochkolarni yo‘qotmoqda. Umuman aytganda, “Neftchi”ga qarshi derbi ancha qiziqarli o‘tdi. O‘ylaymanki, ostonadagi derbi ham qiziqarli kechishiga shubham yo‘q. O‘ylaymanki, tezroq moslashib olsam, o‘yinimda barqarorlik ko‘zga tashlana boshlaydi.

- Ilk bor O‘zbekiston chempionatida o‘ynayapsiz. Bizning birinchilik saviyasi qanday ekan? Solishtirsak farqli jihatlarini ko‘ryapsizmi?

- Ha, ukrain chempionatining saviyasi ancha baland. Ammo mamlakatda urush ketayotgani o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qo‘ymayapti. Holbuki, “Dinamo” bilan “Shaxtyor” Evrokuboklarda muntazam ishtirok etishar, klublar tarkibida esa - ayniqsa, braziliyalik legionerlar ko‘pchilikni tashkil etardi. O‘zbekiston chempionatiga kelsak, bu erdagi daraja ham chakki emas. Menga hammasidan ko‘ra stadionlardagi muhit yoqyapti, maydonlar sifati ham noliydigan ahvolda emas.

Shuhratbek Jo‘raev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!