
O‘zi bu klub Chempionlar ligasi chorak finaliga qaerdan kelib qoldi?!
Bu blogni o‘qib bo‘lganingizdan keyingi holatingiz kimligingizga bog‘liq. Agar "Chelsi" muxlisi bo‘lsangiz, dilingizni ortiqcha og‘ritish niyatim yo‘q. O‘qimaganingiz ma’qul, demoqchiman. Bu bir kichik diskleymer edi. Qani, ketdik!
N'Golo Kante ushbu mavsumda ajoyib natijaga erishdi. Garchi, bu uning maydondagi muvaffaqiyatiga hech qanday aloqasi bo‘lmasa ham.
Frantsiyalik yarim himoyachi so‘nggi yillarda tez-tez jarohatlar bilan kurashdi, ammo bu mavsum u uchun kulminatsion bo‘ldi. Kante hozirgacha "Chelsi" tarkibida atigi 5 ta o‘yinda maydonga tushdi. Futbolchi nihoyat o‘z sport formasiga qaytishni boshladi, lekin...
Frenk Lempard boshchiligidagi londonliklar "Real" Madrid mehmoni bo‘ldi va Kante asosiy tarkibda maydonga tushib, g‘alati natija bilan tarixga kirdi.
Oxirgi 4 ta uchrashuvda Kante to‘rt xil murabbiy qo‘l ostida o‘ynadi. Albatta, bunga ko‘p jihatdan uzoq muddatli jarohat sabab bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, bir mavsumda 4 marotaba murabbiy o‘zgargani ham ajablanarli holat.
Xullas, vaziyat bunday:
14.08.2022. "Chelsi" - "Tottenxem" (2:2). Bosh murabbiy: Tomas Tuxel.
04.01. 2023. "Chelsi" - "Aston Villa" (0:2). Bosh murabbiy: Grem Potter.
04.04.2023. "Chelsi" - "Liverpul" (0:0). Bosh murabbiy: Bruno Saltor.
04.12.2023. "Real" Madrid - "Chelsi". Bosh murabbiy: Frenk Lempard.
Kantening statistikasi antiqaligi bilan ajralib tursa, "Chelsi" qayd etayotgan natijalar achinarliligi bilan ko‘pchilikni hayratga solmoqda.
Evropa Chempionlar ligasi 1/4 final bosqichidan o‘rin olgan "Real"ga qarshi bellashuvda "aristokratlar" 16-mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
London grandi hisobida, shuningdek, 15 g‘alaba va 10 ta durang mavjud. Bundan tashqari, "Chelsi" bu mavsumda 41 ta gol urgan va o‘z darvozasidan 44 ta to‘p olib chiqqan. Bu borada "Fulxem"ning APLdagi ko‘rsatkichi "Chelsi"nikidan yaxshiroq ekan. Ayni vaqtda ushbu ikki klub o‘rtasida Premer-ligada keskin kurash kechmoqda. 10-o‘rin uchun. Shu erda ham "ko‘klar" yutqazmoqda.
"Chelsi"dek grand klubga yarashmaydigan yana bir yomon ko‘rsatkich. So‘nggi bora "aristokratlar" 11 mart kuni "Lester"ni mag‘lub etgandi. Shundan beri jamoa 3 o‘yinda mag‘lub bo‘ldi va 2 bora durang o‘ynadi. Shu bellashuvlarning faqatgina bittasida ular gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Pul hamma narsaga qodir, degan gaplarga ishonmang. 600 million evroning "meva"sini ko‘rib turibsiz-a?
Afsuslar bo‘lsinki, qo‘rqinchili raqamlarni aytishda davom etaman. London klubi 4 uchrashuvdan beri gol ura olmayapti. Avvalroq, ular "Vulverxempton" (0:1), "Liverpul" (0:0) hamda "Aston Villa" (0:2) darvozasiga ham yo‘l topa olmagandi. Qarangki, hatto APLda 20-o‘rinda borayotgan "Sautgempton" oxirgi 4 uchrashuvda 5 ta gol urgan. Mazkur "fantastik" ko‘rsatkich "aristokratlar" bilan oxirgi marotaba 1993 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda ham "Chelsi" 3 ta uchrashuvda mag‘lub bo‘lib, 1 ta durang natija qayd etgan.
Klubning hotamtoy prezidenti Todd Bouli transferlar uchun millionlarni sarflashdan bo‘shamayotgan bir paytda "ko‘klar" muvaffaqiyatsizliklar ko‘chasiga kirib qolgan. Bu mavsum klub ko‘p memlarga sabab bo‘ldi va OAVda juda ko‘p tanqid qilindi. Balki ushbu xaridlar kelajakda o‘z mevasini berar. Biroq qo‘rqmasdan ayta olamanki, bu mavsum ular uchun maksimal darajada omadsiz o‘tmoqda. To‘g‘ri, klubda hali EChLni yutish imkoniyati bor. Qandaydir sensatsiya evaziga javob bellashuvida "Real" mag‘lub etilishini kutayotganlar topiladi. Biroq men ular qatorida emasman!
Xudayqulov Karim tayyorladi
Fikrlar