"O‘zimizning Klopp" Qosimovni “mot“ qildimi?

  • 14 mart, 2022, 02:45
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, SPORTS.uz Superligamizning har bir turidan o‘rin egallagan markaziy o‘yinlarga tahliliy maqolalar taqdim etmoqda. Bu safar e’tiborimiz markazida “Lokomotiv“ - AGMK bahsi. Ushbu bellashuv taqdirini hal qilgan o‘zgarishlar, tanlangan o‘yin sxemalari va natijaga ta’sir ko‘rsatgan omillar bilan tanishtirib o‘tamiz.

Boshlang‘ich o‘yin sxemasi:

AGMK: 4-1-4-1.

AGMK start sxema_2

Mirjalol Qosimov o‘z odatlariga sodiq qolgan holda, ehtiyotkor futbolga moslashgan sxemani tanladi. Qanot himoyachilari (Sulaymonov, Komilov) faqat pozitsion hujum chog‘idagina oldinga o‘tishga uringan bo‘lsa, tayanch zonasidagi (Mirjamol Qosimov) asosan pressingning birinchi blogini engib o‘tish va uzun paslar bilan hujumga temp qo‘shishga urindi. Toshmatov va Xurshid G‘iyosov qanotlardan yorib kirishi ko‘zda tutilgan edi. Bu o‘yinda Mirjalol Qosimov markazdagi ikki futbolchiga katta ishonch bildirdi. Alisher Jalilov va Siyovush Haqnazari tom ma’noda AGMKning o‘yinini belgilab berishi shart edi. “Konchilar“ legionerlari maydon markazini qo‘lga olibgina qolmay, butun maydon bo‘ylab harakatlanishi, hujumlar chog‘ida Boakeni qo‘llab-quvvatlashi, pozitsion himoya chog‘ida ortga etib kelishi shart edi. Shu tariqa, Mirjalol Qosimov tayanch yarim himoyachilarini o‘ziga hos chalg‘ituvchi rolda maydonga tashladi. AGMK ustozining Jalilov-Haqnazari fishkasi o‘yinga ta’sir ko‘rsatgani rost, ammo...

“Lokomotiv“ : 4-4-1-1.

Loko start sxema

Loko12

Denis Korostichenko birinchi uchrashuvdan to‘g‘ri xulosa chiqargani bois birinchi planga markazni to‘liq egallashni qo‘ydi. U Qosimovdan farqli o‘laroq, ikkita futbolchini (Haydarov, Maharadze) tayanch zonasiga joylashtirdi. Qanotlarda Rashidxonov va Xasanov o‘ynagan bo‘lsa, Etame sof forvard sifatida o‘yinni boshladi. Diyor Turopov esa Koristichenko tomonidan maydondagi erkin ijodkorga aylantirildi. Aynan Turopov “Loko“ning hujumlari chog‘ida kreativlik namoyish etishi, qanotlarni hujumga qo‘shib, kerak pallada Etameni bo‘sh zonaga uzatmasi bilan olib chiqish vazifasini oldi.

Kutilganda, kutilmagan burilish

Start sxema_1

1. O‘yinning ilk daqiqalaridanoq “Loko“ tempni oshirdi. Birinchi 15 daqiqalikda maydon egalari to‘liq ustunlikni o‘z qo‘liga olishga urindi. Etame markaziy himoyachilarga bosim o‘tkazishga uringan bo‘lsa, “Loko“ning tayanch zonasidagilar (G‘ulomov va Maharadze) ancha oldinga chiqib, raqibni o‘z yarim maydonida kutib olishni boshladi. Ammo bu kutilgan natijani bergani yo‘q.

etame pressing

AGMK bunday bosimlarga qanday dosh berishni yaxshi biladigan jamoa bo‘lgani bois ilk daqiqalarda “Loko“ uyushtirgan bosim hech qanday naf keltirgani yo‘q. Tezkor gol kiritish amalga oshmagach, AGMK sekinlik bilan o‘z o‘yinini raqibga “o‘tkazish“ni boshladi.

haqnazari-Jalilov

Shu o‘rinda, Mirjalol Qosimovning markazdagi Jalilov-Haqnazari juftligidan ustamonlik bilan foydalanganiga qoyil qolmaslikning imkoni yo‘q. Tojikiston va eronlik legionerlar AGMKning hujumlari chog‘ida Boake bilan deyarli bir chiziqda harakat qilgan bo‘lsa, himoyalanish chog‘ida Mirjamol Qosimovning yoniga qadar etib keldi. Ular oldinga o‘tgan paytda, Toshmatov va G‘iyosovlar orqaroq chekinib, o‘yin sxemasi 4-3-2-1 ga o‘zgarganiga ham guvoh bo‘ldik. Qosimovning bu fishkasi AGMK uchun g‘alaba "kaliti" bo‘lishi mumkin edi. Biroq ijro borasida Alisher Jalilov pand berib qo‘ydi. U Haqnazari singari barcha vaziyatlarda ortga qaytmadi. Jismonan hali to‘liq sport formasida emasligi ko‘rinib qoldi.

Jalilov qaytmadi

2. Bahsning 20 daqiqasiga borib, AGMK “Lokomotiv“ni to‘liq o‘z jarima maydonchasiga qadar chekinishga majbur qildi. Jalilov-Haqnazari-Qosimov uchligi maydon markazini AGMK uchun egallab berdi. Natijada, Diyor Turopov va Etame o‘yindan tushib qolishni boshladi. Mehmonlar shu tariqa to‘p nazoratini qo‘lga olib, o‘yin tempini belgilab berishni boshladi. Qosimovning fors yigitlariga bergan vazifasi sabab bahsning 30 daqiqasida gol bo‘lishi mumkin edi. Jalilov qanotdan yorib kirib, to‘pni jarima maydonchasiga uzatib bergan paytda Haqnazari jarima maydonchasi ichida paydo bo‘ldi. Lekin zarba ko‘ngildigidek chiqqani yo‘q. Ushbu hujumda AGMK Qosimovni barcha ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishga muvaffaq bo‘ldi.

3. Bahsning 38 daqiqasiga kelib, hisob ochildi. Bu vaziyatda AGMK o‘z maqsadiga etdi. “Loko“ har qancha urinmasin, mehmonlarning bosimiga dosh bera olmadi. Shuningdek, bu vaziyatda markaziy himoyada to‘p surgan Opex qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi.

Opex hato qildi golda

U chap markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, o‘ng markaziy himoyachisi berkitishi kerak bo‘lgan zonaga chiqib bordi. Oqibatda to‘pga ham va o‘z o‘rniga qaytishga ham ulgurmadi. Shoshilinchda jamoadoshini xatosini yopmoqchi bo‘lgan Qobilov joy tanlashda adashdi. Shu tariqa, mehmonlar haqli ravishda hisobni ochdi. Gap shundaki, bahsning 35 daqiqasidan boshlab, “Loko“ raqibni o‘z jarima maydonchasi atrofida kutib olishni boshlagan edi. Bu esa ikkita erkin yarim himoyachini bemalol Boakega yaqinroq o‘ynashi va hujumda variantlarni ortishini ta’minladi.

4. Oradan ko‘p o‘tgani yo‘q. “Lokomotiv“ shunchaki G‘ulomhaydar G‘ulomovning mahorati evaziga hisobni tenglashtirdi. Bu epizodda Alisher Jalilovni ham aybdor sifatida ko‘rsatish mumkin.

Aynan u himoyalanish chog‘ida etib kelishi shart bo‘lgan zonada to‘pni qabul qilgan G‘ulomov uni to‘xtatishga ulgurgan Haqnazarini osonlik bilan dog‘da qoldirdi. So‘ng kuchli zarbasi bilan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Bu vaziyatda Qosimovning o‘yindagi asosiy quroli bo‘lishi kutilgan ikkilik Haqnazari-Jalilov zonasini berkitishni uddalay olmadi.

5. Ikkinchi bo‘limning 10 daqiqasidan boshlab, Denis Koristichenko o‘yin sxemasini o‘zgartirdi. U Yurgen Kloppning sevimli uslubi - 4-3-3 ga o‘tdi. Bu vaziyatda maydondagi futbolchilarning joyi o‘zgargani rost. G‘ulomhaydar G‘ulomov tayanch zonasida yolg‘iz o‘zi joylashib, chuqurroq ortga qaytgan bo‘lsa, Maxaradze va Rashidxonov markazdan o‘rin egalladi. Hasanov va Turopovlar vingerga aylandi. Natijada, “Loko“ birinchi bo‘limdagidan ko‘ra, qanotlarda ko‘proq kuchga ega bo‘ldi.

Ortadagi sxema_1

Maxaradze qora ishdan ozod qilingach, markazda erkin to‘p surishni boshladi. Rashidxonov esa qanot yarim himoyasidan markazga surildi. Natijada Koristichenko hujumdan uzilib qolgan Turopov va Etameni yana o‘yinga qo‘shdi. Bu o‘zgarish o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolgani yo‘q. "Loko" birinchi bo‘limdan farqli o‘laroq, kengroq to‘p tepishni boshladi.

3-3

Qanot himoyachilari - Fayziev va Salimovlar deyarli hujumlarga qo‘shilgani yo‘q. Ular faqat pozitsion hujumlar chog‘ida oldinga bordi, xolos. Boshqa paytda, G‘iyosov va Toshmatovlarni personal qo‘riqlay boshladi.

6. Mirjalol Qosimov ham jim qarab turgani yo‘q. Raqib to‘p nazoratini qaytarib olayotganini ko‘rgach, Alisher Jalilovni oldinroq chiqarib Boakening ortiga joylashtirdi. Tojikistonlik futbolchi 2 bo‘limni sof pleymeyker sifatida boshladi. AGMK ustozi shu tariqa raqibning biroz kuchsizlangan tayanch zonasida ustunlika ega bo‘lmoqchi bo‘ldi. Ammo o‘sha kuni G‘ulomhaydar G‘ulomov o‘z karerasidagi eng zo‘r uchrashuvni o‘tkazdi. U deyarli birorta epizodda engilmadi. To‘p uchun kurashda chinakam “jangchiga“ aylandi.

6. Korostichenko tavakkalga qo‘l urishdan cho‘chigani yo‘q. Sxemani ancha hujumkorga o‘zgartiribgina qolmay, AGMKning yagona hujumchisi - Boakeni personal qo‘riqlash vazifasini Opexga topshirdi. Shu yo‘sinda, “temiryo‘lchilar“ AGMKni tezkor qarshi hujumlarini bir necha bor buzib qo‘yishdi.

opex himoyada

Opex himoyada2

To‘p nazorati qo‘ldan ketishni boshlagach, Boake bir necha bor o‘z jarima maydonchasi tomon kelganida ham Opex uni ta’qib qilishdan to‘xtagani yo‘q.

Bunday tavakkal yurishni AGMKning eronlik futbolchisi jazolashi mumkin edi. 60 daqiqada u Opexni ajoyib tarzda dog‘da qoldirdi va bo‘sh zona yaratib birga-bir vaziyatga chiqdi.

Faqat omadgina maydon egalarini muqarrar goldan qutqarib qoldi. Agar shu epizodni inobatga olmasa, qolgan barcha kurashlarda Opex Boakedan bir qadam oldinda bo‘ldi.

7. Korostichenko 62 daqiqada bahs taqdirini hal qiluvchi o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Vingerga aylangach, kutilganidek effekt bermagan chap qanot vakili - Muhammadanas Hasanov va charchab qolgan Sherzod Fayzievlar o‘rnini Sanjar Qodirqulov va Xurshid Muxtorovlar egalladi. Shu tariqa, Koristichenko chap qanotni yana jonlantirishga muvaffaq bo‘ldi. Boz ustiga, murabbiy vingerlarni tez-tez o‘rin almashib harakat qilishini so‘radi.

3-3-1

8. Raqib 3 ta hujumchi bilan harakat qilishni boshlagach, AGMK qanot himoyachilari oldinga kamroq qo‘shilishga majbur bo‘ldi. Akramov va Sulaymonov o‘z zonasini bo‘sh qoldirishdan ko‘ra, hujumga kamroq qo‘shilishni afzal ko‘rdi. Birinchi golni aynan Akramovning uzatmasidan so‘ng G‘iyosov golga aylantirgan edi. Ikkinchi 45 daqiqalikda bunday tryukni amalga oshirishning imkon bo‘lgani yo‘q.

9. O‘yinga qo‘shilganiga endigina 7 daqiqa bo‘lgan Sanjar hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi. Gol kiritgan vaziyatga e’tibor qarating:

Sancho gol

Bu vaziyatda Mishenko to‘pni "yong‘in" bo‘layotgan zonadan olib chiqmoqda, ammo markazdagi uchliklikdan hech kim raqib yo‘liga qichib kelmadi.

10. Bahsning 77 daqiqasida Qosimov "Loko"ning chap qanoti jonlanganini ko‘rib, Ahmadalievni Toshmatov o‘rniga aynan chap tomonga tashladi. Bu yurish o‘z samarasini berdi. Maydonda chinakam tengkurash kuzatila boshlandi. Koristichenko esa, maydon markazidagi Kahi Maharadze va Etameni o‘yindan oldi. Ularni o‘rnini Jumaboev va Abdurahmonovlar egalladi. 83 daqiqaga kelib, Denis Rashidxonovni Toshpo‘latovga almashtirdi. Shu tariqa, "Loko" markazdagi asosiy futbolchilarni kuchga to‘la yangilarga topshirdi. 89 daqiqada Qosimov bahsning asosiy qahramonlari bo‘lishi kutilgan Jalilov (Bo‘simov), Boake (Polvonov) va Haqnazarini (Sobirov) zahiraga oldi.

11. AGMK 81 daqiqadan boshlab, to‘liq to‘p nazoratini qaytarib oldi. Jamoa o‘yini qutqarib qolish maqsadida bor e’tiborini hujumga qardi, lekin birorta kombinatsiyani ijro eta olmadi. Barcha urinishlar ikkinchi qavatdan jarima maydonchasiga tashlab berilgan besamar uzatmalar bilan yakun topdi. Islom Qobilov va Opeh so‘nggi soniyalarga qadar jarima maydonchasi ichida ikkinchi qavatda pand bermadi. Yakunda, "Loko" og‘ir kechgan bahsni 2:1 hisobida o‘z tomonigan og‘dirdi.

Xulosa:

Tan olish lozim, anchadan beri superligada bunday murabbiylar to‘qnashuviga ko‘zimiz tushmagan edi. Katta ehtimol bilan, o‘yinga AGMKning bir nechta futbolchisi turli sabablarga ko‘ra maydonga tushmagani ta’sir ko‘rsatgandir. Bunisi muhim emas. Asosiysi, Denis Korostichenko va Qosimov qarama-qarshiligida chinakam shaxmat doskasidagi yurishlarga guvoh bo‘ldik. O‘yinda burilish yasay olgan, tavakkal qilishdan qo‘rqmaga "Lokomotiv" haqli ravishda g‘alaba qozondi. Qosimov esa, Olmaliqda bo‘ladigan revanshda bor mahoratini ishga solishiga shubhamiz yo‘q. Voqealar rivojini SPORTS.uz'da kuzatib boring!

"Lokomotiv": 1.Abdumavlon Abdujalilov - 6.Alisher Salimov, 3.Islom Qobilov, 44.Samuel Opex, 37.Sherzod Fayziev (14.Xurshid Muxtorov 64), 27.Islom Rashidxonov (8.Nurmuhammad Toshpo‘latov 85) - 11.Kaxi Maxaradze (18.Ali Abdurahmonov 78), 21.G‘ulomhaydar Gulyamov - 7.Diyor Turopov, 22.Muhammadanas Hasanov (17.Sanjar Qodirqulov 64) - 19.Jerom Etame (20.Jaloliddin Jumaboev 78).

AGMK: 35.Valijon Rahimov - 70.Mirg‘iyos Sulaymonov, 15.Andrey Mishenko, 8.Abdulla Abdullaev, 2.Akrom Komilov (77.Nodir Abdurazzoqov 90+1) - 4.Mirjamol Qosimov, 63.Alisher Jalilov (29.Iskandar Businov 87), 88.Siyovush Haqnazariy (14.Bobur Sobirov 87) - 11.Murod Toshmatov (7.Dilshod Ahmadaliev 78), 27.Martin Boake (9.Zafar Polvonov 87), 10.Xurshid G‘iyosov.

Gollar: Xurshid G‘iyosov (Akrom Komilov) 41', G‘ulomhaydar G‘ulomov (Alisher Salimov) 42', Sanjar Qodirqulov 70'

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!