
O‘zPFL rahbariyati "Andijon" klubining yangi qurilayotgan qarorgohi bilan tanishdi
17 centyabrm kuni Liga mutaxassislari Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida bo‘lib, "Andijon" klubi uchun barpo etilayotgan zamonaviy qarorgohning qurilish ishlari bilan tanishdi.
O‘z tuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirib kelayotgan "Andijon" klubining hozirga qadar qarorgohi mavjud emasdi. Buning oqibatida asosiy tarkib bilan ishlash masalasida qator muammolar yuzaga kelgan. Shu yilning may oyida klub ta’sischilari hamda «O‘zavtosanoat» AJ rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda klub uchun zamonaviy qarorgoh qurish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu asosda Buloqboshida joylashgan so‘lim joy tanlab olindi. Shahar markazidan taxminan 20 daqiqalik yo‘lda joylashgan maskan o‘z havosi, sokinligi, suv havzasiga yaqin joylashgani va boshqa imkoniyatlari sabab asosiy tarkib hamda U21 jamoasining tayyorgarligi uchun qator qulayliklar taqdim eta oladi.
Iyul oyida qurilishi start olgan qarorgoh bir vaqtning o‘zida 80 kishini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. U o‘zida zamonaviy yotoqxona, oshxona, trenajyor zallari, basseyn, tibbiyot punkti, yig‘ilishlar zali, shuningdek, 2 ta standart o‘lchamdagi tabiiy futbol maydonlarini mujassam etadi. Qurilish ishlari 2025 yilning mart oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Futbol maydonlaridan birida asosiy tarkib o‘z mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Ikkinchi maydonda esa U21 jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarni ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur maydon chetida muxlislar futbol tomosha qilishi uchun tribuna qad rostlaydi.
Ma’lumot uchun, 2020 yilning ikkinchi yarmida "Andijon" klubi ta’sischilari o‘zgardi. Shundan keyingi 1,5 yil ichida klub eski qarzdorliklarni bosqichma-bosqich to‘ladi. 2022 yilning 16 noyabr kuni Liga mutaxassislari Andijon viloyati hokimligi bilan uchrashib, "Bobur arena" futbol maydoni hamda projektorlarini talab etilgan darajaga etkazish masalasida kelishuvga erishdi.
Xususiy sektorning jalb etilishi, keyinchalik «O‘zavtosanoat» AJ yordami bilan klub qayta oyoqqa tura boshladi. Bugunga kelib "Andijon" klubida hech qanday qarzdorlik mavjud emas. Muxlislar bilan ishlash, ularga sharoit yaratish va boshqa masalalarda "Andijon" Superliganing eng oldi klublaridan biriga aylana oldi. Shuningdek, o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston Kubogining finaliga yo‘llanma oldi. 2025 yilga kelib klub o‘zining zamonaviy qarorgohiga ega bo‘lishi bu borada qo‘yilayotgan navbatdagi muvaffaqiyatli qadam hisoblanadi.
O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar