
Portugaliya klublari qiziqib qolgan futbolchini "Dinamo" qanday saqlab qoldi?
Ma’lumki, Samarqandning “Dinamo” klubi qishki tayyorgarlik va shu bilan birga selektsiya ishlarini ham olib boryapti. Bosh murabbiy Vadim Abramov yangi o‘yinchilarni taklif qilishdan tashqari o‘tgan yilgi tarkibda o‘ynaganlardan bu yil ham ishonch bildirayotganlarini saqlab qolish harakatida yuribdi. Ana shunday futbolchilardan biri Jahongir O‘rozov.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, 18 yanvar kuni 21 yoshni qarshi oladigan futbolchi o‘tgan mavsumda “Dinamo”da ijara hisobida to‘p surdi. Huquqiy tomondan esa Turkiyaning “Eyupspor” jamoasiga tegishli hisoblanadi. Chempionat tugaganidan keyin uning masalasi tabiiyki, yana turk klubi bilan hal qilinishi lozim edi. Bu borada “Dinamo” yana futbolchining menejeri bilan muzokaralarga kirishdi.
Rosti, O‘rozov uchun kurashda yana yangi variantlar ham paydo bo‘ldi va ayniqsa Portugaliya Superligasi jamoalari Jahongirning iste’dodini payqab qolgan holda unga ko‘z tika boshladilar. Shu bois “Dinamo” uchun bu futbolchini tarkibda saqlab qolish oson jarayon emasdi. Lekin yakunda tomonlar yana bir to‘xtamga keldilar. Qolaversa, uning o‘ziga ham Samarqandda to‘p surish ancha manzur keldi va yanada o‘sishi uchun imkoniyati kattaligini his qildi. Uning maqsadi albatta Evropada to‘p surish hamda bu istagiga vaqti kelib albatta erishishiga ishonmoqda.
Darhaqiqat, “Dinamo” O‘rozov bilan barcha masalani kelishib qo‘ydi. Faqat turk klubining roziligini olish qoldi xolos. “Dinamo” uni yo sotib oladi yoki ijara evaziga qo‘lga kiritadi. Asosiysi, 2025 yilni ham futbolchi samarqandliklar safida o‘tkazadi. Vadim Abramov uni jamoada asosiy figuralardan biri sifatida ko‘rmoqda.
2025 yil O‘rozov uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kutilmoqda. U Abramov qo‘l ostida yanada porlashi katta ehtimol. Uni kelajagi porloq va shu bois ham murabbiy Jahongirni qanday bo‘lmasin jamoada olib qolish uchun kurashdi va bunga erishdi.
Bundan tashqari, futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi ustozi Srechko Katanetsning e’tiboriga ham tushib qoldi. Natijada 20 yanvarda boshlanadigan terma jamoamizning yangi yildagi ilk yig‘iniga chaqiruv oldi. Agar Jahongir termada ham o‘z iste’dodini ko‘rsata olsa, Abduqodir Husanov bilan himoyada ishonchli tandem bo‘lishi shubhasiz. Bu esa bizga yana yangi iqtidorni kashf etilayotganini ko‘rsatib beradi. Asosiysi, Jahongirga ishonch bildirilsa va u o‘z ustida ishlashda davom etsa, shubhasiz futbolchini yorqin kelajak kutyapti. Aks holda Abramov uni “Dinamo”da olib qolish uchun bunchalik kurashmagan bo‘lardi!
Fikrlar