
Pro-liga. "Andijon" vazifani bajardi, "Xorazm" va "Mash’al"da imkoniyat qolmadi yoxud Superliga yo‘llanmasi uchun kurash yakunlanib qoldi
O‘zbekiston Pro-ligasida 26-tur o‘yinlari start oldi. Bugun navbatdagi o‘yin bo‘lib o‘tadi. Unda "Xorazm" o‘z maydonida "Mash’al"ni qabul qiladi. Bahs 15:00 da boshlanadi. Shuningdek, kecha "Andijon" jamoasi safarda "Buxoro" bilan kuch sinashdi. Unda mezbonlar yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Biz mana shu bahslar oldidan Pro-liga "A" jadvalidagi jamoalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishga qaror qildik.
"Andijon".
"Andijon" klubi bu mavsum muddatidan avval dastlab Superliga yo‘llanmasini, so‘ngra musobaqa chempionligini hal qildi. Ayni paytda "burgutlar" 54 ochko bilan jadvalda yakka peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rindagi klub bilan oradagi farq 8 ochkoni tashkil etadi. Pro-ligada andijonliklar o‘z hukmronligini to‘la namoyish etdi va haqli ravishda yuqori divizionga birinchilardan bo‘lib yo‘llanma oldi.
Ayniqsa, "Bobur Arena"dagi tomoshabinlarning qo‘llab-quvvatlashi butun mavsum davomida muxlis va mutaxassislar nigohidan chetda qolmadi. Aynan mana shu ishqibozlarning tashrifi ham jamoaga qo‘shimcha kuch bag‘ishlagan bo‘lsa, ajab emas.
"Buxoro".
Buxoroliklar ko‘p vaqt kuchli to‘rtlikda yurdi. Musobaqa ikkiga bo‘lingandan so‘ng, Fuzaylov shogirdlari barqaror o‘yini evaziga "Turon"ni quvib o‘tib, 2-o‘ringa chiqib oldi. Agar jamoa qolgan o‘yinlarining barchasida g‘alaba qozonsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga yo‘l oladi.
Hozirda jamoa "Turon"dan 4 ochko oldinda bormoqda. "Buxoro" hisobida yana bitta o‘yin bor. Yaypan klubida esa ikkita. Ko‘ramiz, yakunda omad kimga kulib boqarkin?!
Ma’lumot o‘rnida, Pro-liga 3-o‘rin egasi Superliga 12-o‘rin sohibi bilan pley-off bahsida kuch sinashadi.
"Turon".
Yaypanliklar mavsumni ishonchli tarzda boshlagandi. "Andijon" bilan yaxshigina raqobat ketayotgandi. Biroq beqarorlik, zaxiraning zaif ekani va yana boshqa faktorlar klubning 3-o‘ringa tushib ketishiga sababchi bo‘ldi. Shunga qaramay, klubning musobaqada eng kam gol o‘tkazib yuborgan ekanini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
"Turon" 3-o‘rindan pastga tushib ketmaydi. Bunisi aniq bo‘lib ulgurdi. Ammo klubda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga yo‘l olish imkoni mavjud. Buning uchun Baxtiyor Ashurmatov shogirdlari o‘zlari 100 foizlik natija qayd etgan holda, "Buxoro"ning ochko yo‘qotishini ham kutishga majbur.
"Xorazm".
Xorazmliklar ajoyib mavsum o‘tkazdi, deb aytishimiz mumkin. "Andijon", "Turon" kabi jamoalardan eng ko‘p ochko tortib olgan klub aynan "Xorazm" bo‘lgani bejizga emas. Ruslan Ahmedov shogirdlari yuqori divizion yo‘llanmasi uchun qo‘ldan kelgancha kurashdi. Biroq ularga ozroq omad etishmadi.
Muxlis va mutaxassislar uchun eng esda qolgani Beshimov va Marchiano dueti bo‘ldi, bizningcha. Ikki futbolchi birgalikda 23 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu "Xorazm"ning barcha gollarining 50 foizidan ko‘pi degani.
"Mash’al".
Beshlik ichida nisbatan kuchsizi, deb qaralgan Muborakning "Mash’al" klubini mavsumda o‘rtacha ishtirok etdi, deyishimiz mumkin. Buni jamoa egallab turgan 5-o‘rni ham ko‘rsatib turibdi. Muborakliklar o‘z vaqtida o‘zbek futboliga iste’dodli yoshlarni etishtirib chiqargani bilan yodga tushadi. "Mash’al" ayni paytda islohotlarga muhtoj. Klub Pro-liganing o‘z o‘rniga ega jamoalaridan biri. Faqat ayrim joylarda ozroq o‘zgarish qilishga to‘g‘ri keladi.
Shunda Qashqadaryodan yana bir klubni Superligada ko‘rish imkoni paydo bo‘lar?! Hozircha esa "Mash’al" Pro-liganing o‘rtamiyona klubi.
Pro-ligada bu yilgi mavsum ancha qiziqarli kechdi. Hali mavsum yakunlangani yo‘q. Shunday ekan, oxirgi turlar bundan-da "olovli" bo‘lishiga shubha yo‘q. Ichki musobaqalarimiz qancha shiddatli va intrigaga boy bo‘lsa, bi bizning futbol rivoji uchun shuncha foyda bo‘ladi. Yashasin, O‘ZBEK Futboli, rivojlansin, O‘ZBEK Futboli!!!
Shohrux Zoirov tayyorladi.
Fikrlar