Pulsiz motivatsiya bera olmadik, shartnomam uch yillik edi - "Buxoro"ning sobiq ustozi yana qanday haqiqatlarni aytdi?

  • 7 aprel, 2021, 23:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda buxorolik murabbiy Jamshid Saidovni “Lokomotiv” klubida ish boshlagani haqida saytimiz orqali xabar bergandik.

Tecno

Xabaringiz bor, mutaxassis o‘tgan mavsumning yarmidan “Buxoro” klubiga bosh murabbiylik qilgandi. Ammo jamoa Superligani tark etdi. Keyin esa Saidovning o‘rniga Davron Fayziev olib kelindi. Biroq shundan keyin tushunmovchiliklar kelib chiqdi.

Ya’ni, o‘tgan yili “Buxoro”ni boshqargan Jamshid Saidov rasman lavozimidan ozod etilmagani ma’lum bo‘ldi. Ustiga-ustak, uning amalda klub bilan shartnomasi ham mavjud bo‘lgan. Faqatgina yaqinda ushbu masala uzil-kesil hal etildi va Saidov “Buxoro”dan rasman ketdi.

Endilikda u “Lokomotiv” bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori sifatida faoliyat olib boryapti. Kuni kecha ushbu mutaxassis sports.uz uchun sobiq klubidagi yuz bergan vaziyatlar va “Lokomotiv”da ish boshlashi haqida gapirdi.

- Bilasiz, 2020 yilda “Andijon”da edim. Pandemiya sababli, chempionat to‘xtab qoldi, - deya gap boshladi murabbiy. - “Buxoro”da rahbariyat almashgach, klubdan menga taklif bo‘ldi. U erda dastlab texnik direktor lavozimida ish boshladim. Bir oy ishladim. Keyin rahmatli viloyat hokimi Karim Jamolovich Kamolov meni chaqirib, bosh murabbiylikka taklif qildi. Bungacha ham “Buxoro”da uch marta ishlab ketgandim, o‘zim ham buxorolikman. O‘shanda viloyat hokimi bilan gaplashganimda jamoa kuchsiz ekanini, bunday vaziyatdan chiqib ketish qiyin bo‘lishini aytgandim. Buning ustiga pandemiya tufayli jamoada moliyaviy muammolar ham bor edi. Biz hammasini gaplashib olgach, “Buxoro” bilan uch yilga shartnoma tuzdim. Keyinchalik rahbarlar almashdi. Jamoaning o‘yini ham omadsiz chiqdi, 6-7 oy pul olmadik. Shunda ham oxirigacha kurashdik. Lekin futbolchilarga etarlicha motivatsiya bera olmadik, pul sababli. Bu ham etmaganidek, biz o‘z maydonimizda birorta o‘yinni o‘tkazmadik, hamma uchrashuvda safarda o‘ynadik.

jamshid

Murabbiylar shtabim yaxshi edi. Aleksandr  Xomyakov, Augustin Chiritsa, Nikolay Minchev, Aleksey Roshchin...Bizga omad ham kulib boqmadi. Albatta, achinarli, hayot shunaqa ekan, jamoa pro-ligaga tushib ketdi. Dekabr oyida rahbarlar o‘zgargach, yangi bosh murabbiyni olib kelishdi. Shunga qaramasdan, meni “Buxoro” bilan yana ikki yillik shartnomam bor edi. Keyin yangi rahbarlar bilan gaplashdik va yakunda bir to‘xtamga kelib, shartnomani bekor qildik. Bilasizmi, marhum viloyat hokimi bilan ish boshlash oldidan gaplashganimda natija uchun kafolat bermagandim. Chunki pulsiz qiyin edi. Faqat istiqbolli rejalar asosida ishlamoqchi edik. Biz iqtidorli yigitlar orqali tarkibni shakllantirib, yana Superligaga qaytarish niyatimiz yo‘q emasdi. Murabbiylarning hayoti shunaqa – natija bo‘lmasa ketasiz. Rahbarlarga albatta natija kerak. “Buxoro”ning Superligadan tushib ketgani achinarli, ayniqsa, men uchun ham og‘ir zarba edi. Qiyinchiliklarga qaramasdan, ko‘p harakat qilgandik.

Qarang, bu yilgi mavsumda ilk turdanoq murabbiylar almashyapti, o‘zgarishlar katta bo‘lyapti. Murabbiylarga ishlash oson emas. Agar menga Superligadan yana taklif bo‘lsa, albatta ko‘rib chiqaman.

jamshid1

Bu yil “Buxoro”da tajrilabi o‘yinchilar yig‘ilgan. Pro-ligada raqobat kuchli. Kuzatib turibmiz. “Neftchi”, “Dinamo”, “Olimpik”, “Buxoro”...mana shu to‘rtta jamoa asosiy maqsad uchun oxirigacha kurashadi deb o‘ylayman. Pro-liga bu yil juda qiziqarli. “Buxoro”ning o‘tgan yilgi tarkibi deyarli 99 foizga o‘zgarib ketdi. Biz o‘shanda asosan yoshlar bilan o‘ynagandik. Lekin bilardimki, o‘sha tarkibdagi hamma yoshlar ham Superligaga tortishi qiyin edi.

Endi "Lokomotiv"ga o‘tganim haqida to‘xtalsam, oldin ham bu jamoada ishlab ketganman. Katta murabbiy va direktor lavozimlarida mehnat qilganman. 2019 yilda “Andijon”dan taklif bo‘lgach, u erga ketgandim. “Lokomotiv”ning bolalar va o‘smirlar sport maktabida bir yarim ishlaganman. Shu bois, klub rahbarlari ham meni bilishardi. Natijada yana bir bor “Lokomotiv”ga taklif qilishdi.

jamshid2

“Lokomotiv”da yoshlarga e’tibor katta. Murabbiylar bilan maslahatlashib ish qilyapmiz. Shanba va yakshanba kunlari shahar chempionatini kuzatib turibmiz. Bu orqali selektsiya ishlarini davom ettiryapmiz. Yoshlarga e’tibor yuqori. Ular “Lokomotiv”ning poydevori. Ma’lum vaqt o‘tgach, iqtidorli yoshlar bosqichma-bosqich asosiy tarkibga chiqib boradilar. Portugaliyalik mutaxassisning mashg‘ulotlarini kuzatdim, ammo hali o‘zi bilan gaplashganim yo‘q. Hozir unga ham oson emas, to‘rtta o‘yinda g‘alaba bo‘lgani yo‘q. Murabbiy sifatida uni tushunaman. Unga vaqt kerak, u jamoa uchun bor kuchini beryapti, o‘z ishini biladi. Menimcha, “Lokomotiv”ga omad etishmayapti, - deydi Saidov.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!