
Qizil kartochkasi bekor bo‘lgan "Andijon" futbolchisi hakamlik, Qarshidagi durang va Samarqandda kutayotgan o‘yin haqida
Xabaringiz bor, o‘tgan turda "Andijon" jamoasi futbolchisi Ilhom Abdug‘aniev safarda “Qizilqum”ga qarshi uchrashuvda hakamning noto‘g‘ri qarori tufayli qizil kartochka ko‘rsatilishi natijasida maydondan chetlatilgandi. Lekin O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi vaziyatni odilona baholab, ushbu chetlatilishni bekor qildi va Abdug‘anievga keyingi bahslarda ham maydonga tushishga ruxsat berildi. Barchasi ijobiy hal bo‘lgach, futbolchi “Andijon” matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Ilhomjon, sizni "Qizilqum" bilan uchrashuvda olgan qizil kartochkangiz O‘FA tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan qayta ko‘rib chiqildi va bekor qilindi. Avvalo, o‘sha vaziyat xususida to‘xtalib o‘tsangiz.
- “Qizilqum”ga qarshi o‘yindagi qizil kartochka masalasida barchasi ko‘rib chiqilib, bekor bo‘lganidan xursandman. To‘g‘risi, o‘sha vaziyatda raqib o‘yinchisiga oyog‘im tegmagandi. O‘shanda bosh hakamga VAR yordamida ko‘ring deb aytdim, u ko‘rib chiqyapmiz dedi. Lekin qarorini o‘zgartirmadi. Balki oyog‘imni balandroq ko‘targanim bosh hakamni boshqacha qaror chiqarishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin meni harakatlarim to‘pga edi, raqibga emas. Bu vaziyatni VAR orqali takroran ko‘rib chiqishsa balki qarori o‘zgargan bo‘lardi.
- Qizil kartochkangiz bekor qilinishi haqida o‘ylaganmidingiz?
- O‘yindan keyin ushbu vaziyatlar ko‘rib chiqilishi aytilganidan keyin to‘g‘risi, shunday qaror bo‘lishini kutgandim.
- Qarshidagi uchrashuvda "Andijon" irodasini ko‘rsatdi. Rosti, maydondan chetlatilganingizdan keyin qanday natijani kutgandingiz?
- Qarshidagi o‘yin biz uchun omadsizlik bilan boshlandi. Avvaliga gol o‘tkazib yubordik. Keyin men sababli jamoam bir futbolchi kam bo‘lib qoldi. Darvozamizga penalti belgilandi. Xudoga shukurki, yigitlar katta mehnat va ishtiyoq evaziga bu o‘yinda xarakter ko‘rsatib, ochko olishga erishdi. Bunday o‘yinlar uchun jamoam bilan faxrlanaman. Tanaffus paytida hammasi dalda bo‘lib, meni qo‘llab-quvvatlashgani uchun jamoamining barcha a’zolariga rahmat.
- Oldinda jamoani Samarqandda "Dinamo"ga qarshi uchrashuv kutmoqda. Bu bahsga tayyorgarlik qanday va nima kutyapsiz?
- Oldinda Samarqandda yana bir ajoyib o‘yin kutib turibdi. “Dinamo”ga qarshi uchrashuvga tayyorgarligimiz yaxshi ketyapti. Mashg‘ulotlarda murabbiylarning ko‘rsatmalari asosida shug‘ullanyapmiz. Menimcha, “Dinamo” joriy mavsumda o‘z maydonidagi ilk o‘yinini o‘tkazadi. Bu ham o‘ziga yarasha qiziq bo‘ladi. Xudo xohlasa, chiroyli o‘yin va chiroyli g‘alaba bilan Andijonga qaytamiz.
- Hozirda jamoani kayfiyati qanday?
- Jamoa kayfiyati a’lo darajada. “Qizilqum” bilan uchrashuvdan keyin futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonch yanada oshdi. Xudo xohlasa, “Dinamo”ga qarshi o‘yindan keyin ham zo‘r kayfiyatda muxlislarimiz bilan birga g‘alabani nishonlash nasib qilsin.
Fikrlar