
"Raqib bizga shiddatli o‘yin taklif qildi" - Rashid Rahimov "Surxon"ga qarshi o‘yindan so‘ng nimalarni aytdi?
Kecha Antaliyada Qozonning “Rubin” klubi Termizning “Surxon” jamoasiga qarshi nazorat uchrashuvida qatnashdi.
O‘yinni “Surxon” juda yaxshi boshladi va birinchi bo‘limni 2:0 hisobida o‘z foydasiga hal qila olgandi. Biroq tanaffusdan so‘ng “Rubin” ikkita gol urib muvozanatni tikladi va bellashuvda 2:2 hisobida yakun topdi.
O‘yindan keyin “Rubin” bosh murabbiyi Rashid Rahimov bir qator savollarga javob qaytardi.
- Birinchi bo‘limda jamoa o‘ziga o‘xshamagan, kuchsiz o‘yin namoyish etgandek ko‘rindi...
- Biroz cho‘chib turdik, chunki raqib shiddatli o‘yin taklif qildi. Toliqqan mahalaimizda qaerdadir o‘yin o‘xshaydi, qaerdadir o‘xshamaydi. Bunday holatlar ham kuzatiladi. Odatda kuchli raqibga qarshi bor shahding bilan o‘ynaging keladi. Bu bilan bugungi raqib kuchsiz, demoqchi emasman. Lekin negadir yigitlarda sal boshqacharoq kayfiyat, ishtiyoq kuzatildi. Qolaversa, ayrim futbolchilarimiz jarohatlarini oxirigacha davolatishga ulgurishmagani ham o‘yinga ta’sir qilgan ko‘rinadi.
- Chuninni nazarda tutyapsiz chog‘i... U jismonan o‘yinga tayyor emasdek taassurot qoldirdi.
- Albatta, tayyor emasmiz. U jarohat sabab uzoq o‘ynamadi. Maxachkalaning “Dinamo” klubiga qarshi o‘yingacha ham jarohatini davolatgandi. O‘shandan beri Chunin o‘ynamadi. Unga alohida dastur bor. Ertalab trenajyor zalida ishladik. Shuni e’tiborga olgan holda yaxshi formaga qaytguncha kamroq o‘yin vaqti ajratmoqchimiz. Hozirgi jarayondan o‘tib olgunimizcha kamroq o‘yin o‘tkazishni rejalashtirib turibmiz.
- “Rubin” ikkinchi taymda xarakter ko‘rsatdi. Bu sizni ajablantirdimi?
- Unchalik ajablantirmadi. To‘g‘ri yaxshi o‘ynadik, gol kiritdik. Bir qator vaziyatlar yaratdik. Ikkita birga-bir imkoniyatga ega bo‘ldik. Uchinchi epizodda bunday to‘pni darvozaga kiritish lozim. To‘g‘ri, xarakter ko‘rsata oldik. Lekin ko‘proq gol urishimiz kerak edi.
- Klub tarbiyalanuvchisi, 17 yoshli Ramil Kalmurzinning o‘yiniga qanday baho bergan bo‘lardingiz?
- U ter to‘kyapti, harakat qilyapti, ishtiyoqi baland. Biz Ramilning yutuq va kamchiliklarini ko‘rib turibmiz. Bugun u 25 daqiqa o‘ynadi. Ko‘ramiz, bu yog‘i qanday kecharkin? Faqat ishlashda davom etishi kerak.
- Bugun yaxshi vaziyatlar ham bo‘ldimi?
- Birinchi bo‘limda vertikal hujumlarimiz kuzatilmadi. Tanaffusdan keyin Dardan va Kumichni maydonga tushishi bilan vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi. Ikkinchi bo‘limda o‘zimiz xohlagandek o‘ynay oldik. Birinchi bo‘limda tezkorlik etishmadi.
- Jamoaning jismoniy holatini qanday baholaysiz?
- Tayyorgarlik dasturiga yanada ishlov berishimiz kerak bo‘ladi. Chunki jismoniy formaga asta-sekinlik bilan erishish mumkin. Bu yo‘ldagi harakat ustida 22 yanvardan beri ishlayapmiz. Bu hali etarli vaqt emas. Dastur ustida ko‘p mehnat qilishimiz shundoq ko‘rinib turibdi. Faqat dastur oxiriga etgach, hammasi o‘z o‘rniga tushadi.
- Yig‘in doirasidagi oxirgi o‘yinga jamoa 100 foiz tayyor bo‘ladimi?
- Shundan umid qilyapman. Men bunday paytda kuchli raqibga qarshi o‘yin o‘tkazishni ma’qul ko‘raman. Negaki, bunday raqib meni maksimum kuch bilan ishlashga majbur qiladi. Endi 6 va 7 fevralda og‘ir yuklamalar orqali 4 ta mashg‘ulot o‘tkazishimiz kerak. 9 fevralga mo‘ljallangan uchrashuvga shu orqali tayyorgarlik ko‘ramiz. Raqiblarga hurmatni saqlagan holda shuni aytmoqchimanki, o‘zimizga bo‘lgan ishonch qay darajada ekanligini namoyon etamiz.
Fikrlar