
Rasman! O‘zbekiston MTJga bosh murabbiy tayinlandi. U qancha muddatga shartnoma imzolagani ham ma’lum (Foto)
Bugun Srechko Katanetsning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Shartnomaga ko‘ra, sloveniyalik mutaxassis 2025 yilga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi.
Ma’lumot o‘rnida, Srechko Katanets 1963 yilda Sloveniyaning Lyublyana shahrida tavallud topgan. 1981-1994 yillar davomida “Partizan”, “Shtutgart”, “Sampdoriya” kabi jamoalarda to‘p surgan. Ushbu davr mobaynida A-seriya va Italiya kubogini qo‘lga kiritgan, shuningdek, UEFA Championlar ligasi va UEFA Kubogi final uchrashuvlarida ishtirok etgan hamda Evropa Kubok egalari kubogida zafar quchgan.
Murabbiylik faoliyatida esa Makedoniya, Birlashgan Arab Amirligi, Sloveniya va Iroq milliy terma jamoalarini boshqargan. Srechko Katanets tarixda birinchi bor Sloveniya milliy terma jamoasini jahon va Evropa chempionatlariga olib chiqqan murabbiy hisoblanadi.
Shuningdek, Milliy jamoamiz murabbiylar shtabida 5 nafar xorijlik mutaxassis ish olib boradi. Alesh Cheh va Vlado Radmanovich yordamchi murabbiy sifatida Srechko Katanetsga ko‘maklashadi. Martin Magister jamoa a’zolarining jismoniy tayyorgarligiga javobgar bo‘ladi. Nihad Peykovich esa darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib boradi. Shuningdek, shtabdan fizioterapevt Ian Katanets o‘rin olgan.
Fikrlar