Ravshan Haydarov: Bosh murabbiylikni rasman topshirmadim, faqat terma jamoada ishlar ko‘paygani uchun klubni Andreev boshqarib turibdi

  • 27 oktabr, 2020, 20:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Muvaffaqiyatsizlik girdobiga tushib qolgan “Surxon” klubida vaziyat ijobiy tomonga o‘zgararmikin? Agar bu ketishda bo‘lsa, termizliklar Superligada qolish masalasini hal qila olmasliklari ham ehtimoldan holi emas. Jamoada esa ruhiy tushkunlik borligi ayon.

Tecno

Ustiga-ustak bosh murabbiy Ravshan Haydarov ham jamoa bilan birga emas. Yaqinda ham Ravshan Akmalovich betobligi sababli davolanayotgani haqida ma’lum qilgandik. Shundan keyin mutaxassis yana “Surxon”ga qaytgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmasdan Haydarov klubda ko‘rinmay qoldi.

O‘tgan turda “Paxtakor”ga qarshi uchrashuvda yordamchi murabbiy Vladimir Andreev jamoani tayyorladi. Ammo yakuniy hisob “Surxon” uchun ayanchli bo‘lganini bilsangiz kerak. O‘z darvozasidan javobsiz oltita to‘p olib chiqishdi. Xo‘sh, Haydarov “Surxon”da ishlashda davom etadimi yoki bor e’tiborini O‘zbekiston U-22 terma jamoasiga qaratadimi? Vaziyatga aniqlik kiritish uchun murabbiy Sports.uz saytiga intervyu berdi.  

-  O‘tgan turda “Surxon”ning “Paxtakor”ga qarshi o‘yinida sizni ko‘rmadik, yordamchi murabbiy Vladimir Andreev jamoani boshqardi. Ayni paytda klubda vaziyat qanday? Sizning klubda emasligingiz nima bilan bog‘liq yoki rejalaringiz o‘zgardimi?

-  Ha, “Paxtakor” bilan uchrashuvga ba’zi sabablarga ko‘ra bora olmadim. Umuman aytganda, oxirgi paytlarda jamoa bilan etarli darajada birga bo‘la olmadim. Buning sababi bor edi. Avvaliga betob bo‘lib qoldim, keyin esa U-22 terma jamoasining yig‘inlari bo‘lib o‘tdi. “Surxon” jamoasini esa o‘yinlarga Andreev boshchiligidagi murabbiylar shtabi tayyorlayapti. O‘tgan vaqt davomida ko‘proq maslahatchi sifatida ish olib bordim, desam ham bo‘ladi. Bunday paytda esa jamoani Vladimir Andreev boshqarib turgani ham mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Hozirgi paytda terma jamoadagi ishlar yanada ko‘paygan, menda mas’uliyat oldingisidan ham ko‘proq yuklatilgan. Terma jamoada tashkiliy masalalar bo‘yicha qiladigan ishlarimiz bor. Noyabr oyi boshlarida yana ushbu terma jamoamiz yig‘in o‘tkazadi. Shu sababli “Surxon”ni Andreev boshqarib turadi, degan to‘xtamga keldik.

-  Bundan chiqdi, siz mavsum oxiriga qadar “Surxon” bilan birga bo‘la olmas ekansiz-da?!

-  Maslahatchi maqomida bo‘laman. Shundoq ham klubning ko‘p mashg‘ulotlarida qatnasha olmayapman. Bu esa o‘zimga ham noqulay bo‘lyapti.

Haydarov 2

-  “Surxon” tarkibida tajribali futbolchilar bo‘lishiga qaramay, jamoaviy o‘yinning yo‘qligi achinarli. Klubga nima bo‘lyapti?

-  Pandemiya sababli tayyorgarlik jarayonlari va ruhiy holatini bir me’yoriga keltira olmayotganligimiz ham balki ta’sir ko‘rsatayotgandir. Balki futbolchilar bilan doim birga bo‘la olmayotganimiz bois jamoani to‘liq his qila olmayotgandirmiz. Buning ustiga omadsizliklar ham ko‘p. Tayyorgarligiga ham ko‘p narsa bog‘liq. To‘g‘risi, bir nima deyish qiyin. Lekin yigitlar harakat qilishyapti.

-  Superligada qolish uchun “Andijon” va “Buxoro”ning qatoriga “Surxon” ham qo‘shilib qoldi. Imkoniyatlarni qanday baholaysiz?

-  Imkoniyatlar bor. Bitta g‘alaba bo‘lsa, futbolchilarning ruhiyatini ham, kayfiyatini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin. Umid qilib, harakat qilib o‘ynash kerak va oxirigacha kurashish lozim.

Haydarov3

-  Mag‘lubiyatlar baribir jamoaning ichki ruhiyatiga va muhitiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Oxirgi paytlarda klubda muhit qanday edi? Jamoani buzayotgan futbolchilar yo‘qmidi?

-  Bu erda tajribali o‘yinchilar to‘plangan. Ular professional. Nima qilish kerakligini bilishadi. Har bir uchrashuv har tomonlama oldinga qadam qo‘yish uchun imkoniyat. Ayniqsa, ochko va turnir jadvalidagi vaziyat nuqtai nazaridan har bir o‘yin muhim. Buni futbolchilar yaxshi tushunishadi. Aytyapman-ku, oxirgi paytlarda jamoaning mashg‘ulotlarida qatnasha olmadim. Shuning uchun hozir bir nima deyish qiyin. Chunki futbolchilarning ruhiyatini his qilish uchun klub bilan doim birga bo‘lish darkor. Lekin boshidan yigitlar mashg‘ulotlarda va o‘yinlarda ishtiyoq bilan harakat qilishayotgandi. To‘g‘ri, ba’zi-bir kamchiliklar g‘alaba qozonishimizga to‘sqinlik qilayotgandi. Omadsiz o‘yinlarimiz juda ko‘p. Yutayotib yakunda yutqazib qo‘ygan uchrashuvlarimiz ham bo‘ldi. Balki bu ham futbolchilarning ruhiyatiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Jamoaning omadsizligi ko‘p omillarga bog‘liq.

-  Bosh murabbiylikni rasman Vladimir Andreevga topshirdingiz, desak ham bo‘ladimi?

-  Rasman topshirmaganman. Terma jamoada ishlar ko‘paygani uchun vaziyat shunday bo‘lib qoldi. Andreev bilan ham gaplashib turibman. Faqat o‘yinlarga Andreev bilan Abduxo‘jaev tayyorlashyapti.

-  O‘zbekiston U-22 terma jamoasidagi rejalaringiz hamda vazifalaringiz qanday?

-  Pandemiya bo‘lib qolgan paytda ham terma jamoani ikki marta yig‘dik. U erda juda yaxshi, iqtidorli futbolchilar yig‘ilyapti. O‘zim uchun ham yangi-yangi o‘yinchilarni kashf qilyapman. Jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz. Hozir jamoaviy o‘yin shakllanish jarayonida. Qiziqarli jamoa tuzilyapti va raqobat ham kuchayib boryapti. Har bir yig‘inda yangi futbolchilarni ko‘ryapmiz. 1999 va 2000 yillarda tug‘ilgan iqtidorli yigitlarga imkoniyat beryapmiz. Shu yil jamoa shakllanishi jarayonida. Vaqt esa juda tig‘iz. Chempionat esa tugab boryapti. Qishda ular sport formasidan chiqib qolishadi. Undan ko‘ra, hozir barcha nomzodlarni ko‘rib olish kerak. Chunki ayni paytda futbolchilar o‘ynashyapti va doim o‘yin amaliyotiga egalar. Shu bois tez-tez yig‘inlar tashkil qilib ularni sinovdan o‘tkazib olyapmiz. Bunday paytda vaqtni yo‘qotmasligimiz muhim. Murabbiylar shtabi bilan ishga jiddiy yondashyapmiz. Terma jamoamizning vazifasiga kelsak, kelasi yilning iyun oyida Osiyo chempionatiga saralash bahslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 2022 yili esa Osiyo chempionatining final bosqichi bo‘lib o‘tadi. Biz avvalo saralash bahslariga futbolchilarni tayyorlab borishimiz kerak.

Haydarov4

-  Ikki yil oldin O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bilan Osiyo chempionligini qo‘lga kiritib futbolimiz tarixida yangi sahifa ochgandingiz. Bu yil esa yana ushbu yoshdagi futbolchilardan iborat yangi jamoa tuzildi va unga sizni bosh murabbiy qilib qo‘yishgani bejiz emas. Buning zamirida balki yana Osiyo chempionligini qaytarishdek muhim vazifa turgandek tasavvur uyg‘onyapti...

-  Sizga U-22 terma jamoasining mohiyatini tushuntirib bersam, bu yoshdagi futbolchilar uchun eng muhimi xalqaro musobaqa va xalqaro tajriba to‘plash. Asosiy maqsad esa shu terma jamoa bilan milliy terma jamoa o‘rtasida uzilish bo‘lib qolmasligidir. U-23 musobaqasi esa aynan shu maqsadda o‘ylab topilgan. Masalan, U-18, U-19 yoshlilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga chiqa olmadik. Osiyo chempionatining final bosqichida ham qatnashishmadi. Aytmoqchimanki, muhim musobaqalarni o‘tkazib yubordik. Buning oqibatida bunday xalqaro turnirlarda ishtirok eta olmagan o‘yinchilar yo‘qolib ketishi mumkin. Natijada milliy termaga munosib nomzod bo‘lib etib bora olishmaydi. Mana, o‘sha 2018 yilgi chempion bo‘lgan tarkibimizga qarang, hozir ulardan qanchasi milliy terma jamoada o‘ynayapti-a? To‘g‘ri, keyinchalik Olimpiadaga chiqa olmadik. Ammo asosiy maqsad baribir milliy terma jamoaga o‘yinchilarni etkazib berish edi. Ulardan keyingi avlod esa 1999 va 2000 yillarda tug‘ilgan futbolchilar. To‘g‘ri, agar shu tarkib bilan ham muvaffaqiyatlarga erishsak, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Asosiy maqsad esa milliy terma jamoaga ko‘prik sifatida olib borishdir. U-23 chempionati shuning uchun tashkil qilinadi. Natijada milliy termada ham raqobat oshiriladi. Albatta, bunday musobaqada bizning reytingimiz ham, hurmatimiz ham baland. Tabiiyki, Osiyo chempionatiga yigitlarni ruhlantirib, g‘alabalar sari etaklab boramiz.

-  Klubdan ko‘ra, terma jamoalarda bir muncha yaxshiroq ishlay olishingizga guvoh bo‘lib kelyapmiz. O‘zingiz uchun ham klubga nisbatan termada ishlash qulayroqmi?

-  Professional murabbiyman. Albatta, klub bilan terma jamoada ishlash printsiplari boshqacha. Yoshlar bilan ishlashning o‘ziga yarasha yo‘nalishlari bor. Anchadan beri bu sohada ishlayotganim bois o‘zimni engil his qilaman. Klublarda ham o‘ziga yarasha ish olib borish uslublari bor. To‘g‘risi, bularni ajratmasdim, ammo klub va terma jamoa turlicha.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Кахрамонжон Сафаров
28/10/2020 23:21
ТОПШИРСАНГ ЯХШИ БУЛАРДИ ОЛДИНГИ КРАХЛАРИНГНИ БИРОЗ ЕНГИЛЛАТАРМИДИНГ