Aleksandr Xomyakov: Klassda farq bor. Ularda terma jamoa darajasidagi nomlar harakat qiladi
Ertaga O‘zbekiston Kubogi finali doirasida "Paxtakor" - "Buxoro" bahsi bo‘lib o‘tadi. Mazkur uchrashuv oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida "Buxoro" klubi bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
- Bu bahs biz uchun o‘zgacha ahamiyatga ega. Uchrashuvga tayyorgarlik doimiy rejimda olib borilmoqda. Jamoa o‘z o‘yinini va yaxshi tomonlarini ko‘rsatishga maksimal harakat qiladi. Buxoroliklarning bizga qo‘yayotgan talabini tushunib turibmiz. Muxlislarni xursand qilish uchun qo‘limizdan kelgan ishni qilamiz. Umuman olganda, biz tayyormiz.
- "Paxtakor" bilan uchrashuvda jamoangiz ochiq o‘yin ko‘rsatib, 0:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ertangi bahsda "Buxoro" ko‘proq himoyaviy uchrashuv namoyish etadimi?
- "Paxtakor" bilan o‘yinda mag‘lubiyatimizga sabab ochiq futbol namoyish etganimiz emasdi. Biz "sherlar" bilan bahsda vaziyat yaratish bo‘yicha u qadar ortda qolmadik. Bu erda klassdagi farq vujudga chiqdi. Ularni tarkibida ko‘plab terma jamoa futbolchilari harakat qiladi. Ko‘ramiz, ertaga raqibga ham, muxlislarimizga ham syurpriz ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- "Buxoro" har bir uchrashuvda autsayder sifatida maydonga tushdi. Bu ertangi finalda jamoangiz uchun plyusga ishlaydimi?
- Albatta, ertangi bahsda biz favorit emasmiz. Finalda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Qo‘limizdan kelgan ishni qilib, o‘zimizning maksimalimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.
O‘tgan yilgi finalda ham ko‘rdik, bunday bahslarda ruhiy ustunlik asqatadi. Buning ustida ishlayapsizmi?
- O‘tgan mavsumda biz kuchli raqibga qarshi o‘ynagandik va ularda ham terma jamoa darajasidagi nomlar bor edi. Biz ruhiy tomonlama ishlayapmiz.
Igor Sergeev ayni vaqtda chempionat to‘purari. Unga qarshi qandaydir personal o‘ynaladimi?
- Balki bunday rejamiz bordir. Qolaversa, biz raqibning kuchli tomonlarini yopib, kuchsizroq tomonlaridan foydalanishga harakat qilyapmiz.
Murabbiy sifatida O‘zbekistonda 15 yildan buyon faoliyat olib boryapsiz. Yaqinlaringiz orasida nihoyat titul yutdingiz kabi xazillar bo‘lgandir, balki. Ertaga ikkinchi titulingizni yutib, yana nimanidir isbotlamoqchimisiz?
- Kubok yutish har doim yoqimli va bu hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Shunday ekan, yana sovrin yutish uchun harakat qilamiz.



Fikrlar