“Real” kutilmaganda “Siti” transferini barbod qilmoqchi
“Pari Sen-Jermen”ning italiyalik darvozaboni Janluiji Donnarumma klubga kerak bo‘lmay qolganidan keyin o‘ziga yangi jamoa izlayotgan edi.
26 yoshli golkiperga Angliya Premer-ligasining bir necha klublari og‘iz sola boshladi. Nufuzli manbalar “Manchester Siti” Donnarumma bilan kelishuvga erishgani, “shaharliklar” yiliga 12 million evro maosh ajratgani va darvozabon APLga ko‘chib o‘tishga rozilik bergani haqida ma’lumot tarqatdi.
Transfer News Live va CaughtOffside kabi nashrlar “Manchester Siti” rejalariga “Real” zarba berishi mumkinligi haqida yoza boshladi. Bu ikki manbada qayd etilishicha, “Qirollik klubi” Janluiji Donnarummani o‘z safiga qo‘shib olishga qaror qilgan.
Madridliklar italiyalik posbon yaqin kelajakda Tibo Kurtuaning o‘rnini bosishiga qat’iy ishonch bildirmoqda.
Ayni paytda Janluiji Donnarummaning PSJ bilan yana bir yillik shartnomasi bor. Uni qo‘lga kiritishni istagan klub 40 million evro atrofida badal puli to‘lashi talab etiladi.
Fikrlar