
“Real” va “Barsa” manfaatlari bir o‘yinchida to‘qnashib qoldi
Ispaniyaning ikki grand klubi – “Real” va “Barselona” nafaqat La Liga chempionligi, balki transfer bozoridagi nishonlar uchun ham o‘zaro raqobatlashishiga to‘g‘ri kelmoqda.
“Barselona” anchadan beri himoya chizig‘iga Dortmundning “Borussiya”sida o‘ynab kelayotgan Niko Shlotterbekni olib kelishni mo‘ljallab yurgan edi. Germaniya terma jamoasi o‘yinchisining dortmundliklar bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozida tugaydi.
Niko “Borussiya” bilan hamkorlikni uzaytirishni istamadi. Bu “Borussiya” yozda uni sotib yuborishidan dalolat beradi.
Sport.es va Bild singari manbalarning xabariga ko‘ra, 25 yoshli himoyachi uchun kurashga “Real” ham qo‘shildi. Madridliklar bu o‘yinchini olish uchun kataloniyaliklar bilan raqobatlashishga tayyor.
“Real” kelasi yoz markaziy himoyadagi bir necha masalaga echim topishi kerak. Joriy mavsum oxirida yoshi katta o‘yinchilardan Antonio Ryudiger va David Alabaning shartnomasi tugaydi. Bosh murabbiy Xabi Alonso ularning o‘rnida yosh va chaqqon himoyachi o‘ynashini istayapti.
Klub tarbiyalanuvchisi Raul Asensioga esa, himoyachilar uchun zarur bo‘lgan barqarorlik etishmayapti. Shu bois, “Qirollik klubi” yozgi transferlar ro‘yxatiga Niko Shlotterbekni ham kiritdi.
Fikrlar