"Real"da yana bir "Galaktikos" qurilyapti, Mbappe boshchiligida ko‘rilayotgan bu tarkib qay ko‘rinishda bo‘ladi? (Tahliliy maqola)

  • 25 fevral, 2024, 16:00
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Madridning "Real" klubi yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlikni hozirdan boshlab yuborgan. Asosiy ish sifatida PSJ megayulduzi Kilian Mbappening "qirollik klubi" safiga ko‘chib o‘tish masalasini hal qilish ko‘rilmoqda. Frantsuz ham yozda parijliklar bilan rasman xayrlashishini ma’lum qildi. Demak, Florentino Peres boshchiligida Madrid jamoasi rahbariyati transferni ijobiy tomonga hal qila olyapti. 

Tecno

Xo‘sh, allambalo summalar evaziga sotilmasdan tekinga "qaymoqranglilar" a’zosiga aylanayotgan Mbappe "Real"ga o‘tsa, tarkib qay ko‘rinishda bo‘ladi? Bosh murabbiy Karlo Anchelotti qanday taktika ostida futbolchilarni maydonga tashlaydi? Kimlar "chopiladi" va yana kimlar o‘z o‘rnida qoladi? Quyida shu kabi savollarga jurnalist Shohrux Zoirov batafsil javob berishga urinib ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, quyidagi fikrlarning barchasi o‘ta shaxsiy yondashuvlar asosida bayon etilmoqda!

mba

4-3-3, klassik sxema. 

"Real"ning doimiy va eng mashhur taktik sxemasi. Yaqin-yaqingacha klub shu taktik joylashuv asosida o‘yin namoyish etib kelardi. Biroq "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritgan Karim Benzemaning Madridni tark etishi jiddiy o‘zgarishlar qilishga sabab bo‘ldi. Anchelotti Karimsiz jamoani 4-3-1-2 sxemasida o‘ynatishga qaror qildi. Bunda hujumchi ortida Jud Bellingem harakat qilar va u vaqti kelganda yaqqol hujumchi chizig‘ida paydo bo‘lishni ham eplardi. Jud oldinga o‘tganda Vinisius va Rodrigo kabi tezkor yigitlar qanotga o‘tadi va o‘zlarining driblingi evaziga raqibni yanada chalg‘itishga harakat qilishadi. Valverde, Tchuameni, Kamavinga, Kroos, Modrich yoki Sebalos singari markaz vakillari esa asosan mudofaa ishlariga yordamlashadi. Ishlar yaxshi bo‘lmagan paytda, Karlo ota ularni ham hujumga tashlashi mumkinligiga guvoh bo‘ldik. 

Umuman olganda, Mbappe kelgandan so‘ng 4-3-3 sxemasi o‘ta xavfli ko‘rinishda qolaveradi. Kilian yaqqol hujumchi sifatida, Vini chap, Rodrigo esa o‘ng qanotdan joy oladi. Bu joylashuv amalda faqatgina Bellingem uchun zararga yurishi mumkin. Jud bu taktikada o‘zining erkinligidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, angliyalik yulduzdan yarim himoyada faolroq bo‘lish talab etiladi. Ya’ni u hujumda emas, ko‘proq hujum tashkil qilishda bosh-qoshlik qiladi. 

mbappe_2

4-2-3-1, ideal echim.

Bellingem hujumchi ortida, Vini chap, Rodrigo o‘ng va Mbappe oldingi qatorda. Yosh yulduzlarning barchasi uchun joy topib beriladi. Jud vaqti-vaqti bilan yarim himoya chizig‘ini ham to‘ldirib to‘ladi. Hujum boshlangan paytda ham faolligi bilan hozirgi darajasida o‘yin namoyish etishi mumkin. Braziliyalik "ucharlar" ham o‘z qanotida tezligini xohlagancha namoyish eta oladi. Bu sxema har qanday holatda, xoh qarshi hujum, xoh pozitsion hujumda ham birdek xavfli bo‘lishi bilan juda qulay taktika hisoblanmoqda.  

Yarim himoyada Modrich, Kroos kabi veteranlarga chiqish eshiklari ko‘rsatilishini inobatga olsak, markazning ikki futbolchiga ishonib topshirilishi juda hayratlanarli emas. Valverde, Kamavinga, Tchuameni, Sebalos rotatsiya asosida "qirollik klubi" yarim himoyasiga mas’ul bo‘lishadi. 

vin

4-4-2, sodda uslub.

Joriy mavsum "Real" ko‘p bellashuvlarda shu sxema ostida to‘p tepmoqda. Valverde, Kroos, Modrich, Tchuameni, Kamavinga va Sebalos kabi futbolchilar sof yarim himoyachi kabi harakat qiladi. O‘rtada Bellingem erkin ijodkor sifatida o‘ynaydi. Qanotlarda Vini hamda Rodrigo o‘z tezligini ishga soladi. Xoselu esa to‘qqizlik rolida. Endi Xoselu jarohat olib, safdan chiqdi. Shu tariqa, "qaymoqranglilar" Vini va Rodrigoni hujumchi roliga chiqaradi. Bellingem hujumchi ortida, markazda esa uch futbolchi harakat qiladi. 

Mbappe kelgach, katta ehtimol bilan u hujumchi roliga o‘tkaziladi. Unga hamkor sifatida Bellingem yordam beradi. Vini va Rodrigo qanotdagi o‘z o‘rnini egallaydi.   

vini

Hammaga ma’lumki, Kilianning "Real"ga kelishi jamoani keskin kuchaytiradi. Biroq uning xarakteri hisobiga futbolchilar ichida kichik mojaro kelib chiqishini ham ko‘pchilik tilga olmoqda. Shunga qaramay, moliyaviy va o‘yin uslubi tomonidan Madrid jamoasi yaxshigina qudratga ega bo‘ladi. Taktik sxemalarning turfa xilligi Anchelottiga foydali bo‘lishi ham ehtimoldan yiroq emas. Xullas, yuqorida shunchaki shaxsiy fikrlarimizni o‘rtoqlashdik. Siz ham izohlarda o‘z fikrlaringizni yozib qoldirishingiz mumkin!

 

Shohrux Zoirov maqolasi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!