
"Roland Garros". Nadalda oson, Zverevda qiyin g‘alaba
"Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi navbatdagi musobaqa hisoblanadigan "Roland Garros" turnirida 2-bosqichning navbatdagi kun bahslari o‘tkazildi.
Dastlabki dramatik to‘qnashuvda germaniyalik Aleksandr Zverev hamda frantsiyalik Per-Yug Erber o‘zaro munosabatlarga oydinlik kiritib olishdi. 5 set davom etgan bahs nemis raketka ustasining irodali g‘alabasi bilan yakunlandi. Bellashuvni 2:6, 6:4, 7:6, 4:6, 6:4 hisoblarida o‘z foydasiga hal qilgan Zverev keyingi bosqich masalasini mana shunday qiyin kurashda yutib oldi.
Shuningdek, saralangan tennis ustalaridan shveytsariyalik Sten Vavrinka ham 2-bosqichda biroz qiyinchilikka duch keldi. Germaniyalik Dominik Kyopferga qarshi kortga chiqqan tajribali Vavrinka 4 set davom etgan uchrashuvni o‘z foydasiga hal qila oldi. Yakuniy hisob: 6:3, 6:2, 3:6, 6:1.
Aksincha, ba’zi saralangan raketka sohiblari 3-bosqich chiptalarini ortiqcha qiyinchiliksiz qo‘lga kiritishdi. Xususan, qumli qoplamalm kortlar ustasi, deya e’tirof etiladigan Rafael Nadal amerikalik raqibi Makkenzi Makdonaldga deyarli imkoniyat qoldirmadi. O‘yin davomida okean orti vakili atigi 4 geymni "Roland Garros"ning amaldagi g‘olibidan yutib olishni uddaladi. Yakuniy hisob: 6:1, 6:0, 6:3.
Ushbu turnirda 3-raqam ostida saralangan Dominik Tim ham bu bosqichda katta qiyinchilikka duch kelmadi. Yana bir amerikalik tennischi Jek Sokka qarshi kurash olib borgan avstriyalik sportchi keyingi bosqich masalasini 3 setda hal qila oldi. Bahs Timning 6:1, 6:3, 7:6 hisoblaridagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Argentinalik Diego Shvartsman ham turnirdagi o‘z yurishini davom ettirish huquqini qo‘lga kiritdi. Italiyalik Lorentso Justino qarshiligini sindira olgan Diego ham keyingi bosqich masalasini 3 set yakuniga ko‘ra hal qildi. Yakuniy hisob: 6:1, 7:5, 6:0.
Ertaga 2-bosqichdan o‘rin olgan navbatdagi bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar