"Roland Garros". Shapovalov alamli mag‘lubiyatga uchradi, Jokovich o‘z uslubida g‘alaba qozondi
"Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi navbatdagi musobaqa hisoblanadigan "Roland Garros" turnirida 2-bosqichning navbatdagi kun bahslari o‘tkazildi.
Ikkinchi bosqichdan o‘rin olgan bugungi kun bahslarini kanadalik Denis Shapovalov hamda ispaniyalik Karbales Baena uchrashuvi tom ma’noda bezay oldi. 5 set davom etgan dramatik bellashuv taqdirini hakamlarning kichik, ammo qo‘pol xatosi hal qildi. Ya’ni, 2 bor hisobda ortda qola turib, har safar tarozi pallalarini tenglashtira olgan kanadalik raketka ustasi hal qiluvchi setda hakamlar tomonidan noto‘g‘ri hisoblangan ochko natijasida raketkalarini g‘ilofga solishga majbur bo‘ldi. Yakuniy hisob: 7:5, 6:7, 6:3, 3:6, 8:6.
Odatda, bunday bosqichlarda katta qiyinchiliksiz g‘alaba qozonadigan serbiyalik Novak Jokovich o‘z an’anasiga muvofiq, litvalik Richardas Berankisni xotirjam engdi. Uchrashuvda 6:1, 6:2, 6:2 hisobi qayd etildi. Natijadan ham ko‘rinib turganidek, 1-tartib raqamli tennischi ortiqcha qiyinchilikka duch kelmadi.
Saralangan sportchilardan yana biri gretsiyalik Stefanos Tsitsipas ham keyingi bosqich masalasini nisbatan oson hal qildi. Raqibi urugvaylik Pablo Kuevasni mag‘lub etgan yunon tennischisi 3 setda o‘yinga nuqta qo‘ya oldi. Yakuniy hisob: 6:1, 6:4, 6:2.
Ortiqcha qiyinchiliksiz 3-bosqich chiptalarini qo‘lga kiritgan yana bir raketka ustasi Roberto Bautista Agut yo‘llanma masalasini vengriyalik Atila Ballajga qarshi kechgan uchrashuvda hal qildi. Raqibiga qaraganda faolroq o‘ynagan ispan raketka ustasi mos ravishda 3 karra ko‘proq geymni o‘z nomiga yozdirib qo‘yishga erishdi. Yakuniy hisob: 6:3, 6:1, 6:2.
Yuqoridagi sportchilardan farqli o‘laroq, 7-tartib raqam ostida saralangan italiyalik Matteo Berrettini keyingi bosqichga nisbatan qiyinchilik bilan yo‘l oldi. JARdan tashrif buyurgan Lloyd Xarris bilan kuch sinashgan italiyalik dastlabki setni 6:4 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. Ikkinchi setda bor kuchini to‘plab, raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatgan Xarris xuddi shu hisobda tarozi pallalarini tenglashtirdi. Biroq qolgan setlarda jismonan toliqib qolgan afrikalik tennischi o‘yinni Berrettiniga boy berdi. Yakuniy hisob: 6:4, 4:6, 6:2, 6:3.

Fikrlar