Ro‘ziqul Berdiev etakchilarni "Navbahor"ga qarshi o‘yinda nega asosiy tarkibda tushirmagani, bir necha oydan beri maosh yo‘qligi, medallar uchun kimlar kurashishi haqida gapirdi

  • 26 sentabr, 2020, 22:08
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

«Navbahor» — «Nasaf» uchrashuvidan keyin qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Tecno

- Bugun ikki jamoa ham yaxshi saviyadagi o‘yin ko‘rsatdi. Bellashuv keskin kurashlarga boy bo‘ldi. Kimdir mag‘lubiyatga uchraganda, bu o‘sha jamoa uchun alamli bo‘lardi. Durang adolatli natija. Tomonlar yaratilgan vaziyatlarni golga aylantira olmadi. Bu jamoalar uchun muammoga aylandi. O‘z o‘yinimiz haqida gapiradigan bo‘lsam, biz to‘pni nazorat qilishda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik. Asosiy rejamiz to‘pni ko‘proq nazorat qilish edi. Ammo shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ydik va buning oqibatida ko‘p to‘p yo‘qotishlar yuzaga keldi. Biz g‘alabaga yaqin edik. Buning uchun birinchi bo‘limda yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishimiz kerak edi. «Navbahor» standart vaziyatlardan unumli foydalanadi va bunday holatlarni kutib turadi. Futbolchilarimizning qo‘polliklari evaziga ular standart vaziyatlarga ega bo‘ldi va xavfli vaziyatlar yarata oldi. Fikrimcha, ikkala jamoa ham mag‘lub bo‘lishga loyiq emasdi. Natija adolatli bo‘ldi, – dedi Ro‘ziqul Berdiev.

- So‘nggi besh yilgi natijalarga ko‘ra nima deya olasiz? Bugungi o‘yinga jamoangizning etakchi o‘yinchilarini zaxiradan maydonga tushirishingizga nima sabab bo‘ldi?

- «Navbahor» jamoasini hurmat qilish kerak. Biz uchun noqulay raqib, desak bu ozgina noto‘g‘ri. Tan olish kerak, Namanganda futbolni har doim sevishgan, yaxshi jamoa shakllangan. Namanganliklar bilan ko‘p durang qayd etilayotganini tasodif, deb o‘ylayman. Chunki ikki jamoa har bir uchrashuvda g‘alaba uchun maydonga tushmoqda. Agar birinchi davradagi o‘yinni eslasak, mag‘lubiyatga uchrayotganimizda durangga erishgandik. Bugun yaxshi vaziyatlar yaratildi. Qaerdadir darvozabonlar ishonchli harakat qildi. Qaerdadir hujumchilarga sovuqqonlik etishmadi.

Etakchi futbolchilar haqida gapiradigan bo‘lsam, ularni maydonga tushirmadikmi, demak bunga etarli asoslar bor. Bozorov o‘tgan turda maydonga tushishi kerak edi, ammo uchrashuv boshlanishidan avval o‘ynay olmasligini bildirgandi va uning o‘rniga Norchaevni maydonga tushirdik. Oybek Bozorov «Andijon» bilan bahsda jarohat olgandi. Shuning uchun bugun tavakkal qilmadik va uni zaxiradan tushirdik. Stanoevichning asosiy tarkibdan o‘rin olmaganining sababi bor. Oxirgi uch kunda u biz bilan kamroq mashg‘ulotlarda qatnashdi. Oshqozoni bezovta qilayotganligi sababli uning ham holati yaxshi emasdi. Shu tufayli ular bugun zaxiradan maydonga tushishdi.

- Sizningcha, jamoangiz bu yilgi chempionatda medallar uchun kurasha oladimi?

- Agar o‘yinimizni oladigan bo‘lsak, biz munosibmiz. Bunga o‘zlaringiz guvohi bo‘lyapsizlar. O‘yinning mazmuni yoki sifati bo‘yicha boshqa jamoalardan qolishayotganimiz yo‘q, lekin buni vaqt ko‘rsatadi. Hali oldidan uchrashuvlar ko‘p. Maqsadimiz ham medallar uchun kurashish. Barcha jamoalar bilan o‘ynab chiqdik. Qaysidir raqiblar bilan bir martadan, qaysidirlari bilan esa ikki martadan kuch sinashdik. Har bir jamoa bilan o‘ynashga qodirmiz. Biz medallar uchun kurashamiz.

- Nima deb o‘ylaysiz, bugun jamoangiz ikki ochko yo‘qotdimi?

- Yuqorida ham aytib o‘tdim. Bugun ikkala jamoa ham mag‘lub bo‘lishga xaqli emasdi. Durang adolatli bo‘ldi. Agar birinchi taymdagi vaziyatlarni golga aylantirganimizda, g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Aksincha, ikkinchi bo‘limda «Navbahor» jamoasi vaziyatlardan samarali foydalanganida mezbonlar zafar quchardi. Albatta, men murabbiy sifatida ikki ochko yo‘qotdim, deyishim mumkin. G‘alabaga munosib, raqibdan ustun o‘yin namoyish etmadik.

- Bizga etib kelgan ma’lumotlarga qaraganda, «Nasaf» besh oydan buyon maosh olmayotgan ekan. Bunday vaziyatda jamoani ruhiy tayyorlash qanday kechmoqda? Bu sizga qanchalik murakkablik tug‘dirmoqda? Moliyaviy masalalarga izoh bersangiz?

- Bu masalada rahbariyat bilan uchrashdik. Qarzdorlik mavjud. Lekin avval aytib o‘tganimdek, biz maydonga chiqqanimizdan so‘ng kurashyapmiz. Yigitlarga bu narsalarga kamroq e’tibor berishlarini ta’kidlayman. Ruhiy tarafdan tayyorlanishga ko‘proq urg‘u beramiz. Yana bir tarafi borki, futbolchilarimizning ko‘pi hali yosh. Ular rivojlanishlari kerak. Bu omillar ularni o‘ylantirmasligi lozim. Futbolchilarimiz buni tushunib, harakat qilishmoqda. Biz homiylarimizga ishonamiz. Kecha viloyat hokimi bilan uchrashdik. U kishi hamma vaziyatdan xabardor. Jamoamiz viloyat hokimining e’tiborida. Har bir o‘yinimizdan so‘ng tabriklab, o‘z maslahatlari bilan o‘rtoqlashadilar.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!