
Sayyoramizning eng kuchli darvozabonlari ("Top-10")
Davom etayotgan mavsumda ko‘plab kiperlar o‘zini ko‘rsatishni uddalamoqda. Emiliano Martines, Skorupski, Mele, Bunu va boshqalarning darajasi o‘sayotgani quvonarli. Shunga qaramay, bu yigitlar klass borasida bugungi ro‘yxatdagilardan ancha ortda qoladi. Xo‘sh, ayni damda dunyoning eng kuchli posboni kim? Bugun shu haqida batafsil.
10-o‘rin. Ugo Loris
Amaldagi JCh g‘olibi bu mavsumda darvoza sari yo‘llangan zarbalarning 77,2 foizini bartaraf etmoqda. Afsuski, «Tottenxem»ning hozirgi himoyasida muammolar etarlicha. Shu bois, Ugo kuchli o‘nlikdan ochib bermoqda. Shmeyxel va De Xea uning o‘rnida bo‘lishi mumkin edi, biroq «shporlar»ni deyarli elkasida olib yurgan sardorni tanlashga qaror qildik.
9-o‘rin. Alisson Bekker
Yaqindagina, Alisson sayyoramizning eng kuchli posboni edi. So‘nggi paytlarda bo‘lib o‘tgan voqealar unga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Jarohatlar seriyasidan so‘ng, qahramonimiz otasini erga qo‘yishga majbur bo‘ldi. o‘z uyi oldidagi ko‘lda cho‘kib ketgan yaqini bilan xayrlashgach, qahramonimiz ruhiy bosim ostida qolib ketdi. «Liverpul»ning himoyachilar bilan muammo yuzaga kelgani hammasidan o‘tib tushdi. Bekker o‘ziga kelishi shart. Uning ishonchli o‘yini «Real»ga qarshi EChL bahsida hal qiluvchi omilga aylanishi aniq.
8-o‘rin. Janluijji Donnarumma
Italiyalik iqtidorni ko‘pchilik unutib qo‘ymoqda. Bundan 10 yil ilgari, darvozabon deganda Buffondan boshqa hech kim ko‘z oldimizga kelmas edi. Donnarumma hozir «Milan» va Italiya terma jamoasining umidiga aylangan. Tez orada erkin agentga aylanishi kutilayotgan yigitning kelajagi porloq. Hozirning o‘zidayoq, uni Buffoning izdoshi, deb ta’riflash mumkin.
7-o‘rin. Samir Xandanovich
Futbol tarixida «penaltilar qotili» nomi bilan abadiy qoluvchi yigit o‘zining so‘nggi mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda. Sloveniyalik posbon «Inter» bilan uzoq kutilgan «Skudetto» sari dadil odimlamoqda. U darvozabonlar elitasiga kiradi. Bu statusni 10 yildan beri yo‘qotib qo‘ymagani tahsinga sazovor.
6-o‘rin. Ederson
Braziliyalik yigitcha, «Manchester Siti»ning darajasida to‘liq mos keluvchi darvozabonga aylanib bo‘ldi. U to‘pni oldinga kuchli zarba bilan etkazib berish borasida benazir. Shunga qaramay, Pepning talabiga binoan birinchi pasni ijro etishga urinadi. U APLning eng ishonchli darvozaboni. Bu mavsumda, o‘z darvozasiga yo‘llangan zarblarning 78,3 foizini bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu doimo raqib zarbalari yomg‘iri ostida qoluvchi «Aston Villa» a’zosi Martinesning natijasidan ham yaxshiroq ko‘rsatkich.
5-o‘rin. Keylor Navas
Navas chinakam kamtarin inson. U doimo omma e’tibordan chetda qolsada, o‘z ishini 100 foiz bajarishga o‘rgangan. Ayniqsa, EChLda u chinakam qurol. Parij jamoasini Tyago Silva tark etgan bo‘lsa-da, Navas o‘z darajasini namoyish etmoqda. Evropa chempionlar ligasidagi uning natijasi hayratlanarli. Qahramonimiz, darvozaga yo‘llangan zarbalarning 86,5 foizini qaytargan. EChL pley-offida «Bavariya» Levandovskiga umid qilgan bo‘lsa, PSJ Keylorning mahoratiga suyanadi. Tarkibida Neymar, Di Mariya, Mbappe singari yigitlari bor bo‘lsa-da, hozirgi kunda kosta-rikalik darvozabon Parij jamoasining asosiy xaloskori sanaladi.
4-o‘rin. Tibo Kurtua
So‘nggi yillarda «Real» himoyasida turli eksperimentlar kuzatilmoqda. EChL o‘yinlarida Tibo hali o‘z mahoratini ko‘rsatgani yo‘q, ammo «La Liga»da uchib kelayotgan «snaryadlar»ni bartaraf etish borasida ikkinchi o‘rinda ketmoqda. Kurtua Madridga kelgach, ilk mavsumda juda bo‘sh harakat qilgan edi. Hozirda, u «Real»ning asosiy figurasiga aylanib bormoqda. Undagi progress davom etsa, tez orada Kurtua ro‘yxatda birinchi pog‘onaga chiqib olishi mumkin
3-o‘rin. Mark Andre Ter Shtegen
«Barselona» darvozasini qo‘riqlash, «Yuventus», «Atletiko» va «Real»nikidan mushkulroq. Kataloniyaliklar markaziy himoyada qo‘pol xatolar qilgani sari, nemis posbonining xalqaro arenadagi imiji tushib ketmoqda. Himoyadagi omadsizliklarda darvozabonni aylash kulgili. Ispaniya chempionatida «Barsa» «Atletiko»ga bosim qilishda davom etmoqda. Bu 100 foiz Mark-Andrening mehnati samarasi. Ter-Shtegen har bir o‘yinda 2,4 ta yuz foizli goldan jamoasini qutqarib qolishi odatiy hol. Yo‘llangan zarbalarning 78 foizi seyv evaziga zararsizlantirilmoqda. Shu omillar sababli, Kuman jamoasi hali-hamon poygadan chiqib ketgani yo‘q.
2-o‘rin. Manuel Noyer
Noyerning karerasida pasayish kuzatilgan paytlar ham bo‘ldi. U futbolga qiziqishi yo‘qolganini bir necha bor ta’kidladi, ammo yana qaytishni uddaladi. Qaytganda ham kuchli bo‘lib qaytdi. O‘tgan yili eng kuchli hujumga ega PSJni finalda taslim etgan «Bavariya» «Manu»ga alohida minnatdorchilik bildirishi lozim. 35 yoshni urib qo‘ygan JCh g‘olibi hozir ham super formada. U «Bavariya»ning 21 asrdagi eng muhim figuralaridan biriga aylanib bo‘ldi.
1-o‘rin. Yan Oblak
Yan bir necha bor eng kuchli darvozabon ekanligini isbotlab bo‘ldi. «Atletiko»ning kuchli himoyasini inobatga olmasak ham, Oblak qolganlardan bir bosh baland harakat qilmoqda. «Real» va «Barselona» singari grandlar to‘p suruvchi chempionatda 4 bor eng yaxshi darvozabon unvonini qo‘lga kiritish birorta boshqa kiperga nasib etmagan. Butun mavsum davomida «Atletiko» sharafini himoya qilgan xolda, Oblak asosiy raqiblaridan kamroq gol o‘tkazib yuborishni uddalayotganiga qoyil qolish kerak. Katta ehtimol bilan, bu mavsumda ham Samori sovrini aynan Sloveniya terma jamoasi a’zosiga topshiriladi. Achinarlisi shundaki, Oblak hali birorta ulkan sovrin yutgani yo‘q. Terma jamoa borasida ham omadi kelmagan. «Atletiko»ning so‘nggi yillardagi himoyaviy futbol namoyish etishi bejiz emas. Diego Semione aynan Oblakka suyangani uchun butun jamoani uning atrofida shakllantirmoqda. Agar «matraschilar» chempionatni 1-pog‘onada yakunlasa, Oblak nafaqat eng yaxshi darvozabon, balki eng yaxshi futbolchi uchun beriladigan sovrinni ham o‘ziniki qilib olishi mumkin.
Fikrlar