
Shahzod Ubaydullaevning transferi haqida: Menimcha, "Shaxtyor"da uzoq qolmaydi
Shahzod Ubaydullaevning “Metallurg”dan “Shaxtyor” klubiga transfer qilingani yaxshi yangiliklardan biri bo‘ldi. Qolaversa, bu kutilayotgan transfer edi. Hamyurtimizning o‘yini Belarus klubiga yoqib qolgani uchun unga jiddiy qiziqishdi. Natijada “Metallurg” bilan kelishuvga erishdi.
Shahzodning faoliyatida esa yangi sahifa ochildi. Ilk bor legioner sifatida xorijda to‘p suradi. Uning oldida Evropa Chempionlar ligasi saralash bahslarida qatnashish imkoniyati ham bor. Muhimi, u o‘sadigan hujumchi ekanligini o‘tgan yillar davomida ko‘rsatib qo‘ydi.
“Metallurg” bosh murabbiyi Andrey Shipilov Ubaydullaevning “Andijon”dagi o‘yinlarini ko‘rib darhol jamoasiga taklif qilgandi. Natijada u Andrey Sergeevich qo‘li ostida yanada shakllandi. Tajribasini oshirdi. Terma jamoaga chaqirilgani ham bejiz emas. Endi bo‘lsa, katta sakrashga erishib, Jasur Yaxshiboevning sobiq klubiga ko‘chib o‘tdi.
Boshqalardan ko‘ra, Ubaydullaevni yaxshiroq bilgan Shipilov sobiq futbolchisining yangi klubiga ko‘chib o‘tganiga munosabati, uning imkoniyatlari kabi masalalarda o‘z fikrini bildirdi.
- Shahzod Ubaydullaev haqida shuni aytishim mumkinki, uning yangi klubga ko‘chib o‘tganidan xursandman, - deya gap boshladi, Shipilov. - U bilan bevosita hamkorlik qilganim bois qanday saviyadagi futbolchi ekanini yaxshi bilaman. Shahzod Ubaydullaev Belarus klubi bilan bitim imzoladi. Ilgari “Metallurg”da futbolchi bilan shartnoma tuzganimizda unda shunday band bor edi. Ya’ni, o‘sha qo‘shimcha bandda chetdan munosib taklif bo‘lsa, qo‘yib yuborish ko‘zda tutilgandi. Nafaqat u, balki klubimizdagi boshqa istalgan futbolchilarda ham shunday qo‘shimcha bandlar bor. Kimga chetdan yaxshi taklif kelib tushsa, qo‘yib yuborishga kelishganmiz. Bu albatta kishini xursand qilmasdan qolmaydi. Belarus, Ukraina, Rossiyadan taklif bo‘lsa, o‘yinchilarimizni muammosiz transfer qila olamiz. Ubaydullaevning ketganidan barchamiz quvondik.
U bizning klubda unchalik ko‘p o‘ynamadi, bor-yo‘g‘i bir yil to‘p surdi. Lekin shu vaqt ichida oldinga katta sakrash qildi. Yaxshi o‘ynagani bois terma jamoaga chaqirildi, chet klublardan qiziqish bo‘ldi. Shuning pirovardida xorijga ketdi. Bunda bizning klubda ishlayotgan rahbarlar, menejerlar, umuman hammaning hissasi borligidan hursandmiz. Jamoamiz o‘yinchilarning rivojlanishiga hissa qo‘shyapti. Bu bilan biz futbolchining faoliyatini sindirish emas, aksincha yanada o‘sishiga yordam berayotganimizdan xursandmiz. “Shaxtyor” bilan shartnoma izmolagani, Shahzodga keyinchalik yanada kuchli klublarga o‘tish uchun unda imkoniyat yuqoriroq bo‘ladi. Chunki chempionlar ligasi saralash bahslarida qatnashadi. Boshqa davlat klublarining ham e’tiborini qozonish uchun unda zo‘r imkoniyat yuzaga keldi. Menimcha, Shahzod “Shaxtyor”da unchalik uzoq qolmaydi. Ko‘pi bilan 1 - 1-5 yildan keyin faoliyatida yana oldinga qadam tashlash imkoni bo‘ladi, bunga aminman. U juda kuchli futbolchi. Shuning evaziga maqom jihatidan Belarus birinchiligidan yuqorida turuvchi chempionatlardan biriga o‘tib bemalol o‘ynay oladi. Asta- sekinlik bilan Ubaydullaevning faoliyati shu tariqa rivojlanib boraveradi. Bunda bizni ham ozmi-ko‘pmi mehnatimiz bor. Shu holat bizni quvontirmasdan qo‘ymaydi. Garchi u jamoamizda uzoq vaqt o‘ynamagan bo‘lsa ham. Bu ham jamoamiz uchun o‘ziga xos strategiya.
Transferning ikir-chikirlarini to‘liq ayta olmayman. Chunki bundan bexabarman. Buni klub rahbarlari bilishadi. Umuman, jamoada o‘yinchilar kelib ketaveradi. Lekin boshqalarning e’tiborini qozonadigan doim ham chiqavermaydi. Lekin shunisi bizni quvontiradiki, klubimizda yana iqtidorli futbolchilar bor. Jumladan, Mahmud Qudratullaev, yana bir tojikistonlik 17 yoshli futbolchimiz Muhammadali Azizboev ham bor. Uni ham kelajagi bor, yaxshi ijrochilarimizdan biri bo‘lishi kutilyapti. Yana boshqa ko‘z ostimizga olib qo‘ygan hamda ko‘rikka chaqirilgan o‘yinchilar ham yo‘q emas. Qudratullaevdan ham umidimiz katta. Uni terma jamoaga ham chaqirishgan. Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoada to‘p suradi. Dastlab o‘rinbosarlar jamoamizda o‘ynadi. Asta-sekin o‘zini ko‘rsatgach, asosiy klubga jalb qilindi. Shuning evaziga yoshlar termasiga taklif etildi. Bizda yosh futbolchilar bilan yaxshi ishlash samarali yo‘lga qo‘yilgan. Chunki bunday holatlar birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Turli yoshdagi termalarimizga munosib yigitlarni etishtirib berishga harakat qilaveramiz, - dedi “Metallurg” ustozi.
Fikrlar