
Sherzod Esanov "Dinamo"ga qarshi o‘yin, "Navbahor"ga bilan bahsga tayyorgarlik va Kubokdagi vazifa haqida nimalarni aytdi?
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichi 2-turidagi markaziy uchrashuv shubhasiz Namanganda “Navbahor” – “Andijon” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.
Dastlabki turda “Andijon” o‘z maydonida Samarqandning “Dinamo”sini qabul qildi va jangovar tarzda kechgan uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etilganini yaxshi bilsangiz kerak.
O‘sha bahsda andijonliklar tarkibida iqtidorli o‘yinchi Sherzod Esanov boshi bilan raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi. U bungacha chempionatda ham bitta gol urgani muxlislarining yodida.
Esanov “Dinamo”ga qarshi bellashuv, “Navbahor”ga bilan bahsga tayyorgarlik hamda vazifa haqida gapirdi.
- Bu mavsumda “Andijon” safidagi ikkinchi golingizni urdingiz. Sizda hujumkorlik va golli ishtiyoq sezilib turibdi. Bu murabbiyni topshirig‘imi yoki shaxsiy vazifangizmi?
- Assalomu alaykum. Ha, albatta, har bir futbolchi o‘ziga maqsad qo‘yadi. Jamoaga ozgina bo‘lsa ham yordam berayotganimdan xursandman va bu murabbiyimizning topshirig‘i.
- “Dinamo” bilan o‘yin juda shiddatli va tomoshabop o‘tdi. O‘yin haqida yana nimalarni ayta olasiz?
- O‘yin juda ham qiyin bo‘lib o‘tdi. Maydonda bor kuchimizni berdik. Muxlislarning tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi va xarakter evaziga o‘yinda durang natijaga erishdik, deb o‘ylayman.
- Kubokdagi "o‘lim guruhi" aynan “Andijon” joy olgan guruh hisoblanadi. O‘yinlar shunga monand o‘tyapti, deb hisoblaysizmi?
- Ha, albatta. Bizning guruhimizda hamma jamoaga guruhdan chiqish vazifasi qo‘yilgan va o‘yinlar shunga mos bo‘lyapti, deb o‘ylayman.
- Oldinda “Andijon”ni vodiy derbisida Namanganda “Navbahor”ga qarshi uchrashuv kutyapti. O‘yinga tayyorgarlik qanday va nima kutyapsiz?
- “Navbahor”ga qarshi o‘yin uchun har tomonlama tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Albatta, bu vodiy derbisi. Biz Andijon xalqi, “Andijon” muxlislari uchun bor kuchimizni maydonda beramiz.
- “Andijon” Superligada peshqadam bo‘lib turibdi. Bu hol Kubok bahslarida jamoaga motivatsiya beryaptimi? Umuman, qanday ta’sir ko‘rsatyapti?
- Biz chempionat va Kubok bahslariga birdek tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Xudo xohlasa, yaxshi natijalar ko‘rsatib muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.
- “Andijon”ning Kubokdagi asosiy vazifasi qanday?
- Har bir klub o‘ziga oliy maqsad qo‘yadi va biz ham bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
Fikrlar